BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligi jiddiy o’zgarishlarga yuz tutmas ekan, Qo’shma Shtatlar tashkilotga pul ajratmasligini bildirmoqda. Isroil agentlik vakillarini XAMASning Isroilga qarshi hujumlarida bevosita qatnashganlikda ayblashi ketidan AQSh va yana 15 ta donor-mamlakat idorani moliyalashni to’xtatib qo’ydi.
”Tashkilotimizda 33 ming odam ishlaydi. Aksariyati mehnatkash, ishiga sodiq insonlar, ko’p yillardan beri ishlashadi. Isroil e'tiborimizga havola qilgan ushbu alohida holatlar bo'yicha mustaqil tergov olib borish biz uchun juda muhimdir", - deydi agentlik vakili Tamara Alrifay.
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild mamlakatining shartini ma’lum qildi.
“Agentlikka pul ajratishni davom ettirishimiz uchun fundamental o’zgarishlarga guvoh bo’lishimiz kerak. Bir dona bulut tashkilot qilayotgan ajoyib ishga soya solmasligi kerak”, - dedi diplomat.
Agentlikning ogohlantirishicha, agar donor-davlatlar yordamini jonlantirmasa, uning G’azodagi faoliyati oy oxiriga borib to’xtab qolishi mumkin. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bu ko’plab insonlar uchun halokatli bo’lishini aytadi.
“Falastinlik qochqinlar bilan ishlovchi agentlik G’azodagi gumanitar faoliyatimizning asosini tashkil etadi. Barcha a’zo davlatlarni uning qutqaruv ishlarining uzluksizligini ta’minalshga chaqiraman”, - dedi bosh kotib.
Juma kuni Iordaniya va Yamanda minglab odam ko’chaga chiqib, agentlikka moliyaviy yordam davom ettirilishini talab qildi.
Isroil tashkilotni yopishga chaqirmoqda.
Netanyaxuga har tarafdan bosim kuchayarkan, Isroil rahbari qanday yo’lni tanlaydi?
Bu o’rtada Isroil aholisi Bosh vazir Benyamin Netanyaxu XAMAS garovidagi vatandoshlarini qutqarishga harakat qilmayotganidan norozi. So’nggi ijtimoiy so’rov Netanyaxuning reytingi tushib borayotganini ko’rsatmoqda, aksariyat fuqaro urushdan so’ng u hokimiyatdan ketishi kerak degan fikrda.
Ayni paytda XAMAS qo’lida 132 odam qolgan. Vositachi davlatlar Isroil va XAMASni yana bir tanaffusga, asir almashishga chaqirmoqda.
Netanyaxu harakat bilan murosa qilmasligini aytmoqda.
"Barcha maqsadlarimizga erishmagunimizgacha urush to’xtatilmaydi. XAMAS yo’q qilinishi, garovdagilar qaytarilishi kerak, G’azodan Isroilga ortiq tahdid taralmasligi zarur. G’azo Sektoridan qo’shinlarni chiqarmaymiz, minglab terrorchilarni ozod etmaymiz. Mutlaq g’alabagacha jang qilamiz”, - dedi u.
Urush salkam to’rt oydan beri davom etar va keti ko’rinmas ekan, isroilliklar Netanyaxudan garovdagilarni ozod etishga qaratilgan shartlarni qabul qilishni talab qilmoqda.
"Agar bosh vazirning o’g’li G’azoda qo’lga tushganida edi, balki u bu masalaga boshqacha yondashgan bo’lardi, murosaga moyilroq bo’lardi”, - deydi XAMAS garovga olgan isroillik amerikaliklardan birining otasi.
Biroq Netanyaxu hukumatidagi ultra millatchi siyosatchilar bosh vazir bo’sh kelsa va XAMASni mag’lub etmasdan urushni tugatsa, koalitsiyadan chiqishi haqida ogohlantirmoqda. Bu o’z navbatida hukumatning tarqalishiga olib keladi.
Netanyaxuga AQSh Prezidenti Jo Bayden ham bosim qo’ymoqda. Britaniya va AQSh G’azoda urush tugashi ketidan mustaqil Falastin davlatini barpo etish g’oyasini olg’a surmoqda.
Urushdan so’ng Isroilda saylov o’tkazilishi kutilmoqda. Ayrimlar urush uzoqqa cho’zilishini taxmin qilarkan, saylov urush tugamasidan oldin bo’lishini bashorat qilmoqda.
“Bosh vazir Netanyaxu har tarafdan bosimga uchrayapti, undan saylov kunini belgilashni talab qilishyapti. Biroq Yaqin Sharqda vaqtincha kelishuv yoki anglashmadan ko’ra doimiyroq narsa yo’qligini yaxshi bilamiz”, - deydi Quddus jamoatchilik bilan aloqalar markazidan Den Dayker.
Isroildagi ommaviy so’rovlardan ma’lum bo’lishicha, aholining atigi 15 foizi Netanyaxuning urushdan keyin ham bosh vazirlikda qolishi tarafdori. Ko’plar unga ishonch yo’qolganini, 7-oktabr voqealari razvedka va xavfsizlik idoralarining xatolari sabab bo’lganini aytadi.
Biroq Netanyaxuning o’zi 7-oktabr hujumlari uchun mas’uliyatni o’z bo’yniga olishdan bosh tortib kelmoqda.