Isroilning G’azoda harbiy amaliyoti davom etarkan, payshanba kuni Fransiyanng Strasburg shahrida to’plangan yevrodeputatlar G’azoda doimiy sulhga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi, XAMASdan garovdagilarni ozod etishni talab qildi.
Shu bilan birga, Qo’shma Shtatlar sulh g’oyasiga qarshi chiqmoqda, Prezident Jo Bayden kelishuv XAMASga foyda berishini aytadi.
Isroil Prezidenti Isaak Gersog armiya sektorda ko’zlangan maqsadlarga hali erishmaganiga ishora qilarkan, amaliyot to’xtamasligini bildirdi.
“G’azoda insoniyat fojiaga yuz tutayotganini inkor etayotganim yo’q. Isroil bunga befarq deb o’ylamang. Befarq emasmiz. Qo’shnilarimizning bunchalik azob chekayotgani bizga ham og’ir botyapti. Biroq dushmanlarimizning misli ko’rilmagan terror infratuzilmasidan o’zimizni yana qanday himoya qilishimiz mumkin?”, - dedi u.
Ayrim tahlilchilar nazarida, Isroilning o’n minglab talafotlarga sabab bo’layotgan amaliyotlarini qo’llab-quvvatlayotgan Vashington dunyoda obro’sini yo’qotmoqda.
“AQSh BMTda, Bosh Assambleyada G’azo masalasida ikki yil oldingi Rossiyaga qaraganda ancha yakkalanib qolgan”, - deydi Kvinsi Mas’uliyatli davlatchilik instituti eksperti Trita Parsi.
Bu esa o’z-o’zidan AQShning boshqa masalalarga doir harakatlariga pand bermoqda, masalan, ittifoqchilarini Qizil dengizda tijoriy kemalarga hujum qilayotgan xusiylar harakatlariga qarshi birgalikda turishga ko’ndirishda.
“AQSh bilan ushbu koalitsiyada faqat Birlashgan Qirollik harakatlanyapti. Fransiya, Ispaniya, Italiya koalitsiyadan chiqdi. Bu Amerikaning ittifoqchilarni jamlash salohiyati pasayganini ko’rsatyapti.
Chunki eng yaqin ittifoqchilar bilan ham siyosatda kelishmovchiliklar mavjud”, - deydi Parsi.
Bu esa Amerika gegemonligidan nolib kelgan mamlakatlarni ruhlantirdi. Masalan, Isroilni qatliomda ayblab, Xalqaro adliya sudiga shikoyat qilgan Janubiy Afrikani.
"G’azo va G’arbiy Sohilda Falastin xalqiga qarshi dahshatli qirg’in va qatliomni o’ta qattiq qoralaymiz”, - dedi bu mamlakat prezidenti Siril Ramafosa.
Qo’shilmaslik harakatiga a’zo 120 davlat, jumladan Janubiy Afrika vakillari bugun Ugandada to’planib, G’azodagi vaziyatni muhokama qilmoqda. Rahbarlar Isroil harbiy kampaniyasini qoralayapti, zudlik bilan sulh joriy etishni talab qilyapti.
Ayrim kuzatuvchilar ushbu yig’in AQShga qarshi qaratilganini aytadi.
G'azoni kim boshqarishi kerak?
Aksariyat mamlakatlar Isroil-Falastin mojarosini hal qilish uchun Falastinda mustaqil davlatga yo’l berish kerakligini ta’kidlab keladi. Payshanba kuni AQSh Davlat departamenti ham shuni ma’lum qildi.
Biroq Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bunday pozitsiyaga qo’shilmasligini, G’azo va G’arbiy Sohilda xavfsizlik bo’yicha nazorat Isroil qo’lida bo’lishi kerakligini aytadi.
Matbuotdagi ayrim xabarlarga ko’ra, Oq uy ma’muriyati Isroildagi ayrim rasmiylar va muxolif arboblar hamda mintaqadagi davlatlar bilan urushdan so’ng G’azoni tiklash va boshqarish bobida muloqot olib bormoqda.
Saudiya Arabistoni bu ishda faol bo’lishga, hatto Isroil bilan diplomatik aloqalarni o’rnatishga hozir ekanini bildirmoqda, biroq buning uchun Isroil harbiy amaliyotini to’xtatishi va mustaqil Falastin davlatini yaratishga yo’l berishi kerak degan shart qo’ymoqda.
G’azodagi urushdan so’ng sektorni kim boshqarishi kerakligi ko’plab tortishuvlarga sabab bo’lmoqda. AQSh bu vazifani Falastin Muxtoriyatiga topshirmoqchi. Davlat kotibi Entoni Blinken yaqinda Ramallohga safari chog’ida Falastin rahbariyatidan muxtoriyatni isloh qilishni so’ragan.
“Muxtoriyatning Falastin xalqi ehtiyojlarini qondirish salohiyatini kuchaytirish uchun davlat boshqaruvi, hukumat, boshqaruv tizimini yaxshilash kerak. Biroq buning uchun unga ishlashga imkon berish kerak, ya’ni Isroil faol qarshilik ko’rsatishi emas, yordam berishi kerak”, - dedi Blinken.
Netanyaxu urush yana kamida bir yil davom etishini taxmin qilarkan, muxtoriyatni G’azo boshqaruviga yaqinlashtirmoqchi emas.
“Falastin Muxtoriyatining rahbariyati shu kungacha Isroildagi qatliomni qoralagani yo’q, ba’zilari hatto ochiqchasiga uni olqishlagan. Mana shundan keyin G’azo boshqaruvini ularga topshiramizmi? Bo’lgan voqealardan hanuz saboq olmagan ko’rinamiz. Bosh vazir sifatida bunga yo’l qo’ymayman”, - dedi u.
Falastin rahbarlariga ko’ra, AQSh Isroildan urushni to’xtatishni talab qilishi, G’azo va G’arbiy Sohilda ikki davlat formulasini amalga oshirishga ko’ndirishi kerak.
Isroilda o’tkazilgan so’nggi ijtimoiy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, aholining atigi besh foizi AQShning Falastin Muxtoriyatini isloh qildirish taklifini yoqlamoqda. So’ralganlarning uchdan biri esa G’azo nazorati Isroilga doimiy o’tishini xohlaydi va choragi hududda yahudiy rayonlarini qayta qurish kerak degan fikrda.
2005-yilda XAMAS G’azoda hokimiyatni qo’lga olishidan oldin Isroil sektorda yashovchi yahudiylarni 17 ta ana shunday aholi punktlaridan chiqargan.
Vashington Isroildagi millatchi vazirlarning yahudiylarni G’azoga qaytarish takliflariga keskin qarshilik bildirmoqda.
“Shunday bo’lgan taqdirda Isroil-Amerika munosabatlari o’ta jiddiy zarar ko’radi. Bosh vazirning o’zi ham yaqinda Isroilda G’azoda qolish, uni istilo qilish niyati yo’q deb aytgan”, - deydi isroillik sobiq diplomat Jeremi Isakarof.
Yahudiy xalq siyosati instituti tahlilchisi Shmuel Roznerning aytishicha, 7-oktabr voqealari isroilliklarda murosa qilish ishtiyoqini tushirib yuborgan.
“Isroilliklarga asosan uchta narsa kerak – xavfsizlik, xavfsizlik va yana bir bor xavfsizlik. Hozirgi vaziyatda ularning xayolida faqat shu. Kelajak Falastin davlati, Falastinni Isroildan ajratish yoki qolgan barcha siyosiy jarayonlarga doir diplomatik takliflar va fikrlar muhokamasi noma’lum kelajakka qoldirilishi kerak”, - deydi Rozner.
Ayrimlar nazarida, ushbu masalalarda hozir yon berish Isroildagi millatchi hukumatning tarqalishiga olib kelishi mumkin. Kuzatuvchilar avval urush tugashini, so’ng Isroilda saylovlar o’tishini kutish kerak degan fikrda.