Breaking News

Isroil G'azodagi urushni yaqin orada to'xtatmoqchi emas


Israel Palestinians
Israel Palestinians

Isroil hukumati 2024-yilning ilk oylarida ham G'azoda keng miqyosli harbiy amaliyotlar olib borishga bel bo'glagan.

Buning uchun byudjetdan kamida 14 milliard dollar ajratilishi kutilmoqda. Moliya vazirligiga ko'ra, bu xarajat kamomadni yanada oshiradi.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu ayni damdagi harakatlar kamida fevral oyini ham qoplashini aytgan.

Parlamentga bergan hisobotlarida mutasaddilar G'azodagi urush ulkan mablag' talab qilayotgani, davlat sarfiyati qayta ko'rib chiqilishi zarurligini ta'kidlagan.

Urush sabab Isroil byudjeti 155 milliard dollarga chiqarilgan. Urushgacha rejalangan byudjetda 142 milliard dollar atrofida bo'lgan.

Netanyaxu ma'muriyati taxminicha, 2024-yilda kamomad misli ko'rilmagan miqdorda oshadi.

G'azodagi urush fevraldan keyin ham davom etsa va hukumat buning ehtimolini chetga surmaydi, Isroilga chetdan ulkan madad zarur, deydi rasmiylar.

Parlament zaruratlarni hisobga olgan holda hukumatga yetarlicha imkoniyat yaratib berishni va'da qilgan. Qonunchilarning qayd etishicha, urush uchun maxsus byudjet mavjud.

Isroil o'z xavfsizligini ta'minlash uchun nimaiki harbiy chora ko'rishi kerak bo'lsa, amalga oshiradi, deydi parlament a'zolari.

Moliya qo'mitasi raisi Moshe Gafni nazarida mablag' topish uchun daromad solig'ini oshirish noto'g'ri bo'ladi, ammo xususiy sektordan, xususan banklardan ko'proq olish xususida jiddiy o'ylab ko'rish kerak.

XAMAS 7-oktabrda Isroilga hujum qilib, kamida 1200 odamni o'ldirgach va yuzlab yahudiylarni garovga olganidan keyin avj olgan urushda hozirgacha 20 mingdan oshiq falastinlik o'ldirilgan, aksariyati G'azoda.

Xalqaro hamjamiyat murosaga va sulh tuzishga chaqirib kelmoqda. BMT doirasida G'azo ahliga insonparvarlik yordami berish prioritet deb belgilangan.

Isroil uchun esa XAMASni yo'q qilish birlamchi vazifa. AQSh Isroil bilan bu borada yakdil, Vashington ham XAMASni terror tashkiloti deb biladi.

Biroq Bayden ma'muriyatiga ko'ra, Isroil hukumati yangilanishi kerak va uning armiyasi tinch aholini o'qqa tutmasligi shart.

AQSh pozitsiyasi shuki, Falastin mustaqil davlatga aylanishi lozim. Isroil bunga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG