Breaking News

Bayden: Netanyaxu hukumati yangilanmasa, quvvatlovni boy beradi


Isroil kuchlari G'azo chegarasida, 12-dekabr, 2023
Isroil kuchlari G'azo chegarasida, 12-dekabr, 2023

AQSh rahbari Jo Bayden nazarida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G'azo sektorini yoppasiga bombardimon qilib, xalqaro quvvatlovni boy bera boshlagan.

Amerika va Yevropa Ittifoqi Isroilga madadkor, deydi Bayden, ammo yahudiy davlat rahbariyati hozirgi urushdagi strategiyasini o'zgartirmasa, oqibatlari Isroil uchun og'ir bo'ladi.

Netanyaxu ma'muriyati G'azodagi harbiy amaliyotlarni yana uzoq davom ettirishi mumkinligi haqida ogohlantirar ekan, Oq uy urushda tinch aholi emas, aynan XAMAS guruhi a'zolari va uning obyektlari nishonga olinishi kerak, deya undamoqda.

BMT sulhga chorlab, Bosh Assambleya buni talab qiluvchi hujjatni ovozga qo'yar ekan, Isroil hamon Vashingtonga tayanmoqda.

Biroq AQSh prezidenti unga tanqidni kuchaytirmoqda.

“Begunoh falastinliklarga zarar yetmasligi uchun barcha choralar korilishi shart. Ular o'ldirilmasligi, yaralanmasligi shart", - deydi Bayden.

"Urushdan maqsad Isroil xavfsizligini ta'minlash. XAMAS unga tahdid solmoqda. Demak, bu guruh asosiy e'tiborda bo'lishi shart".

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, Quddus, 10-dekabr, 2023
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, Quddus, 10-dekabr, 2023

Bayden deydiki, Isroil oldida murakkab vazifa turibdi. Netanyaxu hukumati yangilanishi kerak, deydi Amerika rahbari, aks holda yahudiy hukumat egri yo'lda.

Bunga javoban Isroil armiyasi o'ta ehtiyotkorlik bilan qadam tashlayotganini bildirgan.

"Har bir harakat razvedkaga asoslanadi", - deydi qurolli kuchlar so'zlovchisi Daniel Hagari.

XAMAS yetakchilari esa Baydenning bayonotlarini ijobiy baholab, Vashington "Isroil naqadar qonxo'r ekanini tushuna boshlashibdi", deya munosabat bildirgan.

Netanyaxu esa Bayden bilan qator masalalarda yakdil emasligini tan olsa-da, Oq uydan garovdagilarni ozod etishdagi yordami va umuman, Amerika madadidan minnatdor ekanini aytgan.

Ikki davlat XAMASga bir ko'z bilan qaraydi, deydi Netanyaxu.

"XAMAS terrori batamom yo'q qilinmaguncha, tinchlik bo'lmaydi", - deydi u.

Isroilning hozirgi hukumati Falastin mustaqil bo'lishiga qarshi, deydi Bayden.

Falastin davlat sifatida oyoqqa turmasa, uzoq muddatli beqarorlikka umid qilib bo'lmaydi, deydi Amerika rahbari.

Oq uy G'azo nazorati Falastin boshqaruviga o'tishi kerak deb hisoblaydi. Isroil bunga ko'nmayapti, sektorni o'z izniga olmoqchi.

Falastin boshqaruvi anchadan beri faqatgina Iordan daryosining g'arbiy sohilidagi hududlarni yuritadi.

G'azo sektori, 12-dekabr, 2023
G'azo sektori, 12-dekabr, 2023

BMT Bosh Assambleyasining yangi rezolyutsiyasiga ko'ra, G'azoda gumanitar vaziyat dahshatli, Falastin ahliga zudlik bilan yordam zarur.

Hujjat Isroil va Falastin xalqi huquqlari poymol etilmasligi shart, deya chaqiradi.

Xavfsizlik kengashida bu kabi rezolyutsiya o'tgan hafta ma'qullanmadi, chunki doimiy a'zo AQSh unga veto qo'ydi.

Bosh Assambleyada qabul qilinsa ham Isroil bu hujjatga bosh egishga majbur emas, ammo rezolyutsiya dunyoning aksariyat davlatlari urush haqida qanday pozitsiyada ekanini aniqlashtiradi, yahudiy davlat siyosatiga global qarshilik naqadar kuchli ekanini anglatadi.

Bayden ma'muriyatiga ko'ra, otashkesim XAMAS yana hujumlar uyushtirish uchun imkon beradi. Isroil ham shunday fikrda.

Biroq Amerika hukumati nazarida yahudiy davlat harbiy amaliyotlarda diqqatni "terrorchilarga qaratishi kerak, tinch aholiga emas".

Hozirgacha bu urushda 18 mingga yaqin falastinlik o'ldirilgan.

XAMAS xurujlarida esa 1200 isroillik halok bo'lgan.

Mojaro yangilanganidan beri, ya'ni 7-oktabrdan buyon G'arbiy sohilda o'ldirilganlar soni qariyb 270 nafar.

G'azodagi uy-joyini tashlab chiqishga majbur bo'lganlar esa 2 millionga yaqinlashmoqda.

Tel-Aviv, 12-dekabr, 2023: XAMAS garovga olgan isroilliklarning suratlari. XAMAS yaqinda 100 ga yaqin yahudiy asirni qo'yib yubordi.
Tel-Aviv, 12-dekabr, 2023: XAMAS garovga olgan isroilliklarning suratlari. XAMAS yaqinda 100 ga yaqin yahudiy asirni qo'yib yubordi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG