Isroil va XAMAS otashkesimni kamida yana ikki kunga uzaytirishga kelishib oldi. Isroil XAMAS garovga olgan yana 20 kishi ozod etilishiga umid qilmoqda. So’nggi kunlarda XAMAS 69 odamni ozod etdi, Isroil esa qamoqxonalaridan 150 falastinlik mahbusni chiqardi.
"Biz garovdagilarning barchasi ozod etilmaguncha otashkesimga amal qilinishini istardik albatta. Asosiy maqsad ham shu – hammasini oilalariga qaytarish. Bunga qancha vaqt ketsa ham”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashining so’zlovchisi Jon Kirbi.
Bir necha haftalik zo’ravonliklardan so’ng G’azoda hozir xursandchilik hukm surmoqda. Kecha Isroil 33 falastinlikni – 3 ayol va 30 o’smirni qamoqxonadan chiqargan, XAMAS esa 11 kishini.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu garovdagilarning ozod etilayotganini olqishlarkan, Isroil asosiy maqsadidan chekinmaganini aytdi.
"Asosiy maqsadga erishishda davom etamiz – garovdagilarni ozod etib, XAMASni butunlay yo’q qilib, bu kabi tahdidning ortiq G’azoda takrorlanmasligini ta’minlaymiz”, - dedi u.
Ayrim tahlilchilar mavjud mojaroning hali-beri hal bo’lishiga ishonmaydi.
“To’qnashuv tugashi uchun XAMAS yo’q qilinishi kerak. Ya’ni gap harakatning hamma jangarilari, salohiyati yoki g’oyalarini emas, balki rahbariyatini yo’q qilishda. XAMASni G’azoni boshqarish salohiyatidan ayirish kerak. Ammo to’qnashuvlardagi vaqtincha tanaffus bu holatni biror shaklda yoki ko’rinishda o’zgartirganini ko’rayotganim yo’q”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Maykl Oxanlon.
Otashkesim G’azoga gumanitar yordam olib kirishga imkoniyat yaratdi. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturiga ko’ra, so’nggi kunlarda 120 ming odamga gumanitar yordam yetkazilgan. Xususan al-Ahli kasalxonasi va uning atrofidagi hududlarda yashovchi salkam 24 ming odam 7,6 tonna oziq-ovqat bilan ta’minlandi.
“Ochlik, tushkunlik, vayronalarga guvoh bo’ldik. Odamlar haftalar davomida yordamdan mahrum bo’ldi. Yuz minglab kishi ochlik yoqasida turibdi. Tashkilotimiz otashkesim uzaytirilishiga umid qilmoqda. Gumanitar yordam uchun xavfsiz va to’siqsiz koridor yopilmasligi kerak”, - deydi Jahon oziq-ovqat dasturining Falastin bo’yicha idorasi rahbari Samir Abduljabbor.