Prezident Jo Bayden deydiki, XAMAS jangarilari garovdaglarni qo'yib yuboradi, chunki bunga majbur. Biroq qachon, buni prezident aytmayapti.
“Bu masala bilan mashg'ul odamlar bilan har kuni aloqadaman”, - deydi Bayden.
Vashington taxminicha, kamida 240 odam XAMAS qo'lida. Bayden guruhni terrorchi deya qoralar ekan, asirlarni bardam bo'lishga undaydi.
"Ozgina chidab bering, biz kelamiz."
AQSh, Isroil, Misr va Qatar garovdagilarni qutqarish ustida ishlamoqda, deydi rasmiylar. XAMAS hozirgacha faqat to'rt odamni qo'yib yuborgan. Asirlar 7-oktabrda Isroil nazoratidagi yerlardan olib ketilgan.
10 asr Amerikaga tegishli odamlar ekanini aytiladi, to'qqiz nafarining AQSh fuqarosi ekani aniq.
O'tgan oy XAMAS hujumida 1200 odam o'ldirilgan, jumladan o'nlab amerikaliklar.
Isroilning shundan beri G'azodagi harbiy harakatlarida 11 mingdan oshiq odam halok bo'lgan. XAMAS boshqaruvidagi sektor qamalda.
G'azoda kasalxonalar og'ir ahvolda, ayrimlariga bomba tushgan, boshqalarida dori-darmon qolmagan, vositalar ishdan chiqqan, quvvat yetishmayapti.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashidan Jon Kirbi ta'kidlashicha, XAMAS va boshqa jangarilar G'azodagi yirik inshootlarni, jumladan al-Shifo kasalxonasini o'z maqsadlari yo'lida ishlatadi. Uning ostidagi yo'llarda qurol-aslaha saqlanadi, shuningdek, asirlar, deydi Kirbi.
“Biz bu kasalxona yoki boshqa muassasalar aslo nishonga olinishini istamaymiz, begunoh insonlar o'lmasin", -deydi Kirbi.
Oq uy, deydi u, Isroilni o'ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga undab kelmoqda.
Yahudiy davlat esa o'zini himoya qilishga majbur ekanini ta'kidlaydi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G'azodagi kasalxonalar ahvolidan dahshatda va tomonlarni zudlik bilan sulh tuzishga chaqirmoqda.
Bir oydan oshibdiki, bunday chaqiriqlarga javob yo'q.
Isroil al-Shifo kasalxonasi va boshqa joylarga tibbiy yordam va'da qilmoqda. Biroq BMT nazarida vaziyat shu qadar og'irki, o'nlab bemorlar oddiy vositalar yo'qligidan o'lgan va u yerda qolganlarni endilikda ko'chirish kerak.
Al-Quds kasalxonasi hozirda yopilgan, chunki quvvatsiz ishlay olmagan.
Isroil ham XAMASni bu obyektlar ostiga yashiringanlikda ayblaydi, ammo isbotini hozircha ko'rsatmagan. Guruh AQSh va XAMAS ayblovlarini inkor etgan.
BMTga ko'ra, G'azoning 2,3 million aholisining uchdan ikki qismi hozirda qochqin, uyini tashlab chiqqan.
Bu orada XAMAS 19 yoshli isroillik ayol askarning jasadini ko'rsatuvchi tasvirlarni havola etgan. Guruh uning Isroil bombasidan o'lganini aytgan.
Marhumning Noa Marsiano ismli harbiy ekani tasdiqlangan. Isroilga ko'ra, uni terroristlar o'ldirgan.
Isroil hozirda G'azodagi bir necha inshootni, jumladan ma'muriy binolar, qonunchilik organi joylashgan imorat, XAMAS ichki ishlar boshqarmasi va razvedka idorasini yaqindan o'qqa tutgan.
"Dushman ham, bu joylar ham yo'q qilindi", - deya bildirmoqda Isroil armiyasi.
Isroil qurolli kuchlari G'azoda harbiy amaliyotlarni davom ettirar ekan, sulh borasidagi bosim ham kuchaygan. Biroq yahudiy davlat XAMASni yo'q qilmaguncha, G'azoni undan tozalamaguncha urushni to'xtatmoqchi emas.
Kuniga to'rt soatli gumanitar tanaffusga ko'ngan Isroil falastinliklar uchun ikki koridor ochgan, boshqa hududlarga ketishi uchun.