Breaking News

Netanyaxu: "XAMAS mutlaq yo'q qilinadi, G'azo tozalanadi"


G'azo sektorida jang qilayotgan isroillik askarlar, 16-noyabr, 2023
G'azo sektorida jang qilayotgan isroillik askarlar, 16-noyabr, 2023

Ayni damlarda:

  • Isroil falastinliklarni to'rt shaharni bo'shatishga chaqirmoqda, aks holda bombardimon.
  • G'azodagi al-Shifo kasalxonasi atrofida janglar.
  • AQSh XAMASni bu kasalxonani o'z qonli maqsadlari uchun ishlatayotganlikda ayblamoqda, guruh buni inkor etmoqda.
  • XAMAS falastinliklarning qirilishida Amerikani ayblamoqda, chunki Vashington Isroilni quvvatlamoqda.
  • BMT Xavfsizlik kengashi XAMASni asirlarni ozod etishga chaqirib, rezolyutsiya qabul qilgan. Unda Isroildan hujumlar orasida gumanitar tanaffuslarni uzaytirish so'raladi. Yahudiy davlatga ko'ra, buning imkoni yo'q, chunki u o'zini himoya qilishga majbur.

Isroil G'azodagi harbiy harakatlarni kengaytirmoqda. To'rt shahar aholisi chiqib ketish haqida ogohlantirilgan, aks holda bombalar ostida qoladi.

Bani Shuhaliya, Xuza, Abassan va Qararada osmondan varaqa tarqatilgan.

"Terroristlarga yaqin joylardan keting. O'zingizni ehtiyot qilmoqchi bo'lsangiz, chiqing. Terroristlar ishlatadigan har bir uy nishonga olinadi", - deyiladi varaqada.

Hududda bombardimon allaqachon boshlangan, deydi falastinliklar.

Isroil kuchlari G'azodagi al-Shifo kasalxonasi yonidan 65 yoshli yahudiyning jasadini topgan. Yehudit Vays ismli ayol 7-oktabrda XAMAS olib ketgan odamlardan biri. Uning erini uyida o'ldirishgan, deydi rasmiylar.

Kasalxona bu hafta Isroil harbiylari tomonidan qurshovda. Yahudiy hukumat bu yerni XAMAS inshootlaridan biri deb hisoblaydi. Garovdagilar ham shu atrofda saqlanayotgani taxmin qilinadi.

Al-Shifo kasalxonasida amaliyotlar olib borayotgan Isroil askarlari, 15-noyabr, 2023
Al-Shifo kasalxonasida amaliyotlar olib borayotgan Isroil askarlari, 15-noyabr, 2023

AQSh razvedkasiga ko'ra, kasalxona ostida qurol-aslaha omborlari, hibsxona va boshqarma bor. XAMAS buni inkor etadi.

G'azoning 2,3 million aholisidan 1,5 million uy-joysiz qolgan. Ular janub tomon yo'l olgan, biroq u yerda ham oziq-ovqat, suv va energiya ta'minoti cheklangan.

Bir oydan oshibdiki, hujumlar tinmayapti. 11 mingdan oshiq falastinlik halok bo'lgan. XAMAS 1200 isroillikni o'ldirgan.

Yahudiy hukumat XAMASni tinch aholini qalqon sifatida qo'llayotganlikda ayblaydi. XAMAS buni rad etadi.

BMT G'azo kasalxonalarida harbiy harakatlar olib borilayotganini qoralamoqda. Sog'liqni saqlash maskanlari jang maydonlari bo'lmasligi kerak, deya bong urmoqda diplomatlar.

AQSh rahbari Jo Bayden esa XAMAS kasalxonani o'z boshqarmasiga aylantirgan, deya qayd etmoqda. la'natlab chiqqan.

"Bu fakt. Aslida shunday ekani bizga ma'lum", - deydi Bayden.

Isroil armiyasiga ko'ra, bu qurollar al-Shifo kasalxonasidan chiqqan, 15-noyabr, 2023
Isroil armiyasiga ko'ra, bu qurollar al-Shifo kasalxonasidan chiqqan, 15-noyabr, 2023

BMT Xavfsizlik kengashining chaqiriqlar Isroilga o'tmaydi, deydi bu hukumat rasmiylari.

XAMAS asirlarni qo'yib yuboradimi? Isroil sulh tomon qadam tashlaydimi?

Har ikki savolga javob manfiy.

Ayrim ma'lumotlarga qaraganda, XAMAS Isroil bilan asir almashishi mumkin.

7-oktabrda guruh qariyb 250 yahudiyni garovga olgan.

Isroil G'azodagi kasalxonalarni zarur dori-darmon va vositalar bilan ta'minlayotganligini bildirmoqda.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu deydiki, qo'shinlar G'azoning har bir burchagiga boradi, terroristlarni topib, yo'q qiladi.

"Hech kim bizdan qutula olmaydi, qocholmaydi", - deydi u.

"XAMAS mutlaq yo'q qilinadi. Fuqarolarimizni vatanga qaytaramiz".

XAMAS AQShni Isroilni shartsiz quvvatlab, unga hatto G'azo kasalxonalariga bostirib kirishini ham yoqlaganlikda ayblamoqda.

Baydenning ham qo'li qonda, deya bayon qilgan guruh rahbariyati.

Bu asossiz ayblov, deya javob qilmoqda Oq uy.

Rasmiylar ta'kidlaydiki, qaror Isroilniki, lekin Amerika terrorga qarshi qadamlarga xayrixoh.

XAMASga ko'ra, Al-Shifo kasalxonasida 650 bemor bor, shuningdek, u yerda 7000 nafarga yaqin falastinlik jon saqlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG