Yevropa Ittifoqi G'azoga va umuman Falastin ahliga yuborilayotgan ko'mak to'g'ri manzilga va atalgan odamlarga yetib bormoqda.
Yevropa Komissiyasi, ya'ni ittifoq ijroiya organi olib borgan tekshiruv natijasi shuni ko'rsatgan.
7-oktabrda XAMASning Isroilga hujumidan keyin avj olgan qonli urushda har ikki tomonni hisoblaganda 15 mingga yaqin kishining yostig'i qurigan.
Blokning falastinliklarga oktabr-noyabr oylarida jo'natgan moddiy yordami XAMAS qo'liga bormagan, deydi Yevroparlament raisi o'rinbosari Valdis Dombrovskis.
2021-2024 yillar uchun Yevropa Ittifoqi G'azo va falastinliklar yashovchi boshqa hududlarga 1,3 milliard dollarlik madad uzatishni rejalagan edi. Aksariyat qismi allaqachon berilgan.
Kamida 240 kishi XAMAS qo'lida garovda, deya eslatib turibdi Isroil hukumati.
Yahudiy rasmiylarining aytishicha, asirlar ozod etilmaguncha G'azoga hujumlar to'xtamaydi.
Isroilning ayni damdagi maqsadi - XAMASni tormor qilish, G'azoni va butun mintaqani undan tozalash.
Yevropa rasmiylarining ta'kidlashicha, tekshiruv shaffoflikni ta'minlash uchun olib borilgan.
"Yevropa Ittifoqining pulidan XAMASdek terrorist tashkilot bevosita yoki bilvosita foyda ko'rmayotganini aniqladik", - deydi Dombrovskis.
Blok yordami bilan Falastin boshqaruvida ishlaydiganlarning maoshi to'lanadi hamda BMTning Falastin bo'yicha agentligi faoliyati moliyalanadi.
Bu - uzoq muddatni ko'zlovchi madad, deydi rasmiylar.
Bundan tashqari ittifoq favqulodda gumanitar yordam ham uzatadi, xususan pziq-ovqat, suv va boshpana uchun zarur vositalar.
"Nazorat tizimimiz risoladagidek ishlamoqda. Belgilangan tomonlarga moliaviy yordam davom etadi', - deydi Dombrovskis.
G'azoda infrastruktura uchun ajratilishi rejalangan 82,5 million dollar hozirgi vaziyatda boshqa maqsadlarga yo'naltirilmoqda.