Breaking News

Aloqa uzilgani tufayli BMT G'azoga yordam yubora olmayapti


"Tinchlikka yo'l" - G'azo va Isroil orasidagi chegaradagi devorda bitilgan so'zlar, 17-noyabr, 2023
"Tinchlikka yo'l" - G'azo va Isroil orasidagi chegaradagi devorda bitilgan so'zlar, 17-noyabr, 2023

17-noyabr kuni BMT G'azo sektoriga yordam kiritishni to'xtatishga majbur bo'ldi, chunki internet va telefon aloqa uzilgan. G'azo elektr toki ta'minotidan mahrum. Hududda ocharchilik avj oladi, deya ogohlantirmoqda tashkilot.

Isroil kuniga ikki yonilg'i tankerini kiritishga rozi bo'lgan. Bu quvvat BMT faoliyati va boshqa favqulodda ishlar uchun sarflanadi.

BMTga ko'ra esa bu juda oz. Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotining bayon qilishicha, yuzlab ming odamlarning hayotini qutqarish kerak, ularga dori-darmon, suv va yegulik zarur. Kasalxonalarda, ayniqsa, vaziyat og'irlashgan.

Yahudiy hukumat esa G'azoga yordam oshirilsa bundan XAMAS naf ko'radi, deya qarshilik bildirmoqda. Misr orqali cheklangan miqdorda ko'mak uzatishga yo'l ochmoqda xolos.

G'azo shahri markazidagi bino, 17-noyabr, 2023
G'azo shahri markazidagi bino, 17-noyabr, 2023

2,3 million aholiga ega G'azo hozirda izolyatsiyada. Falastinlik qochqinlar bilan ishlab keladigan agentlik, BMT organi, bunday sharoitda hech narsa qila olmasligini bildirmoqda.

Uning vakili Juliyet Tuma deydiki, "ahvol shu qadar murakkabki, biz hatto yordam olib kirolmaymiz". G'azoning ayrim qismlarida tunda chiroq yongani, internetga kirish imkoni berilgani ma'lum.

Isroil esa endi G'azoning nafaqat shimoli, balki janubida ham harbiy harakatlarni kengaytirishga qaror qilgan.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu deydiki, XAMAS G'azodagi barcha yirik inshootlarni o'z terroristik maqsadlari yo'lida qo'llamoqda. AQSh razvedkasi ham shuni qayd etmoqda.

XAMAS buni inkor etadi. Isroil kuchlari bir necha kundirki, G'azodagi kasalxonalarni tintuv qilmoqda, ayrimlaridan bemorlarni olib chiqqan.

Rafa, G'azo sektori, 17-noyabr, 2023
Rafa, G'azo sektori, 17-noyabr, 2023

Sektordagi yerosti yo'llarida asirlar saqlanayotgan bo'lishi mumkin, degan taxmin ham kuchli. Hududdan hozirgacha kamida ikki isroillikning jasadi topilgan.

7-oktabrda XAMAS Isroilga xuruj qilib, 1200 odamni o'ldirganidan beri boshlangan urushda Isroil hujumlarida qariyb 11 ming 500 arab halok bo'lgan.

2700 falastinlik bedarak ketgan. Ular vayronalar ostida qolib ketgan bo'lishi mumkin. Isroil hukumatiga ko'ra esa XAMAS batamom yo'q bo'lmaguncha hujumlar to'xtamaydi.

AQSh qistovi bilan Netanyaxu ma'muriyati G'azoga kuniga 60 ming litr yonilg'i kiritishga ko'ngan.

Davlat departamentining tasdiqlashicha, aynan aloqa tizimlari ishdan to'xtamasligi uchun kuniga qo'shimcha 10 ming litrga ham ruxsat berilgan.

BMT hisobicha esa hozirgi gumanitar inqirozda kuniga kamida 120 ming litr yonilg'i zarur. Bugungacha o'zi G'azo talabining atigi 10 foizi qondirilayotgani edi, deydi BMT xodimlari.

Isroilda hukumatdan XAMAS garovidagi odamlarni ozod etish talabi kuchaygan, Tel-Aviv va boshqa shaharlarda har kuni namoyishlar.

Vashingtonda Oq uy oldida Falastin va Isroil tarafdorlari tinimsiz chiqishlar qilib, Bayden ma'muriyatini tinchlikka erishish uchun konkret qadamlar tashlashga undamoqda.

Falastinni quvvatlovchilar AQSh hukumatini Isroilning qonli hujumlarini quvvatlayotganlikda ayblab, xalqaro qonunlar buzilishida uning ham roli borligini da'vo qilmoqda.

AQSh Kongressi a'zolarining aksariyati nazarida Isroil o'zini himoya qilishga haqli, XAMAS esa terrorist va uni yo'q qilish kerak.

AP axborotiga ham tayanildi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG