Breaking News

Isroil askarlari G’azoning al-Shifo kasalxonasida reyd o’tkazdi


Bugun Isroil harbiylari G’azo shahridagi eng katta kasalxonaga kirib, xonama-xona yurgani, al-Shifo kasalxonasi yerto’lalariga tushib XAMAS jangchilarini qidirgani aytilmoqda.

Xalqaro hayot - 15-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:11 0:00

Muassasada bemorlardan tashqari minglab g’azoliklar jon saqlayotgani ma’lum. G’azo Sog’liqni saqlash vazirligi chala tug’ilgan chaqaloqlar inkubatorlardan elektr quvvati bor xonalarga ko’chirilganini ma’lum qildi.

BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo’yicha o’rinbosari Martin Griffits Isroilning kasalxonaga reydlaridan dahshatga tushganini aytib, “kasalxonalar jang maydoni” emasligini ta’kidladi.

"Isroilliklar XAMAS rahbarlarini kasalxonada topmoqchi bo’lgan deb tushunaman. Ammo bu bizning muammo emas. Bizning muammo – G’azo xalqini ularning boshiga tushgan kulfatdan himoya qilish”, - dedi BMT rasmiysi.

Elektr quvvatining yetishmasligi natijasida so’nggi kunlarda yangi tug’ilgan chaqaloqlarning uch nafari nobud bo’lgan.

Isroil rasmiylari kasalxona xodimlariga evakuatsiya qilishda yordam berganini, kasalxonaga dori va tibbiy anjomlar yetkazilganini bildirmoqda.

Isroil Al-Shifo kasalxonasi ostida XAMAS qo’mondonlik punktlari joylashganini da’vo qiladi. AQSh razvedkasi Isroil xulosalariga qo’shilishini bildirdi, biroq XAMAS ushbu da’volarni inkor etmoqda.

Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtayyah Isroilning G’azodagi harakatlarini “kasalxonalarga qarshi urush” deb atadi.

"Isroil da’vo qilayotgan biror narsani ko’rmadik”, dedi u.

"Urushni darhol to’xtatish kerak. Isroil jabrdiyda emas. Isroil bosqinchi kuch. Bosqinchi o’zini himoya qilishi mumkin deb o’ylaydiganlar xato qiladi. Bosqinga uchragan odamlargina o’zini himoya qilishga haqli. Isroil vahshiyliklariga yashil chiroq bergan xalqaro rahbarlar fikrini o’zgartirishi kerak. Ba’zilari Isroil 12 mingdan ortiq falastinlikni o’ldirganini ko’rib munosabatini o’zgartirdi”, - dedi bosh vazir.

Uylaridan qochishga majbur bo’lgan g’azoliklar hozirgi vaziyatni shunday izohlaydi:

"Bunday hayotdan ko’ra o’lim yaxshi. Ko’p urushlarni ko’rdik, ammo hozirgisi hammasidan o’tib tushdi”, - deydi ulardan biri.

Isroil XAMAS nazoratida bo’lmagan G’arbiy Sohilda ham harbiy amaliyotlar o’tkazmoqda. Kecha Tulkarm shahrida yetti kishi o’ldirilgan. Bugun ular dafn etildi.

Isroil harbiylari jangarilarni hibsga olish uchun shaharga kirganini, ammo o’qqa tutilganini bildirdi. Shundan so’ng askarlarga bomba otgan bir guruh falastinliklar havo hujumiga uchragan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bugun “Adolat va taraqqiyot” partiyasi qonunchilari majlisida so’zga chiqib, Isroilni urush jinoyatlariga qo’l urayotgan va xalqaro qonunlarni buzayotgan terrorchi davlat deb atadi.

Erdog’anning keskin tanqidlariga qaramay va Xalqaro jinoiy suddan Isroilga qarshi jinoiy ish qo’zg’atishni so’raganiga qaramay, Turkiya Ozarbayjon neftini o’z hududi orqali Isroilga tranzit qilishda davom etmoqda, yahudiy davlati bilan savdoni to’xtatgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG