G’azo sektorida Isroil va XAMAS o’rtasidagi bir haftalik otashkesim nihoyasiga yetib, janglar qayta boshlanib ketdi. Yuzlab asirlar va mahbuslarni almashishga imkon bergan sulhning buzilishida tomonlar bir-birini ayblamoqda.
Mahalliy vaqt bilan ertalab soat 7 da Isroil XAMAS raketasini urib tushirganini ma’lum qilib, sektor bo’ylab bombalar yog’dira boshladi.
Sulh tugaganidan bir necha soat o’tmasdan, G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, Isroil havo hujumlarida 54 kishi halok bo’lgan, o’nlab odam yaralangan.
“Janglar qayta boshlanganida ikki taraf - Isroil va AQSh aybdor. Isroil jangga qaytishni xohlayotgani kechayoq ayon edi. Vositachilar tomonidan bir necha takliflar olg’a surildi, biz ulardan uchtasini qabul qildik. Shunga qaramay, Isroil yo’q deb javob berdi”, - deydi XAMAS so’zlovchisi Usama Hamdan.
Yahudiy davlati armiyasi qayta boshlagan hujumlarini asosan G’azo janubiga qaratishi kutilmoqda. XAMASning yuqori martabali yetakchilari janubda yashiringan, deya da’vo qiladi bu davlat rasmiylari.
O’rtada vositachilik qilib kelayotgan Qatar Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, janglar qayta boshlangan bo’lsa-da, sulh bo’yicha muzokaralar davom etayapti. XAMAS oxirgi yetti kunda garovdagilardan 110 kishini, Isroil esa 240 falastinlikni ozod etgan.
Sulh buzilishidan oldin tomonlar otashkesimni uzaytirishga tayyorligini bildirgan edi, ammo masalaning murakkab bir jihati shundaki, ayrim isroillik asirlar G’azodagi boshqa guruhlar qo’lida. Shuningdek, XAMAS askarlarni ozod etish uchun yuqori narx talab qilmoqda.
AQSh: Tinch aholini o’qqa tutmang
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 7-oktabrdan beri to’rtinchi bor Yaqin Sharqqa safar qilib, ham Isroil, ham Falastin rahbarlari bilan uchrashdi. U sulhni uzaytirishga, shuningdek, Isroildan G’azodagi tinch aholi himoyasini birinchi o’ringa qo’yishni so’ramoqda.
“Isroilning o’z oldiga qo’ygan rejalarini muhokama qildik. AQSh uchun prioritet shuki, G’azo shimolida ro’y bergan ommaviy talafotlar, odamlarni katta sonda ko’chirish janubda ro’y bermasligi kerak. Bosh vazirga aytganimdek, xohish-niyat muhim, lekin natija undan-da muhim”, - dedi Blinken.
Isroil matbuotining xabar berishicha, Blinken vazirlar mahkamasi bilan uchrashuvida Isroil XAMASga qarshi urushini oylab davom ettira olmasligini ta’kidlagan.
AQSh vaqt chegarasini belgilashni taklif etdimi degan savolga Blinken to’g’ridan-to’g’ri javob bermadi. Yahudiy davlati o’zini himoya qilishga haqli, deydi u. Lekin, deya uqtirdi diplomat, keyingi bosqichda Falastin tinch aholisi va infratuzilmasi nishonga olinmasligi kerak.
AQSh mudofaa vaziri sobiq muovini Lorens Korb fikricha, Blinken AQSh Prezidenti Jo Baydendan Isroil rahbarlariga ogohlantirish ruhidagi signal yo’llashini kutish mumkin edi. 15 mingdan oshiq falastinlik halok bo’lgani dunyo bo’ylab AQShga ham nisbatan g’azabni oshirgan.
“Isroilga signal shuki, janglar qayta boshlansa, oldingi taktikadan voz keching. XAMASning ketidan quvib, begunoh tinch aholiga e’tibor bermadingiz. Ayniqsa janubni bombardimon qilishga qaror qilsangiz”, - deydi Korb.
Yana bir ekspertning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, AQSh va Isroil rahbarlari o’rtasida tinch aholi himoyasi, G’azo hamda G’arbiy Sohil kelajagi borasida parda ortida keskin bahslar kechmoqda.
“Amerika hukumati ayni paytda nima qilishini kuzatyapmiz. Qanday chora ko’radi? Isroil bilan munosabatlarini, shartsiz harbiy quvvatlovini qayta ko’rib chiqadimi? Yordamni shartli qilishga haddi sig’adimi”, - deydi “Human Rights Watch” tashkilotidan Sarah Yager.
Kongressda ba’zi demokrat qonunchilar Isroilni vazminlikka, G’azoning aholi zich joylashgan hududlarini bombardimon qilmaslikka chaqirmoqda. Aks holda yordamga shart qo’yilishi mumkin.
Entoni Blinken zirhli karvonda Ramallohga ham borib, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan muloqot qildi. Abbos Falastin ahli G’azoda va G’arbiy Sohilda birdam ekanini ta’kidlab, doimiy sulh o’rnatishga da’vat etgan.
XAMAS rejalari haqida razvedka ma’lumotlari
Amerika matbuotining yoritishicha, Isroil hukumati XAMAS unga qarshi hujumlarga tayyorlanayotgani haqida bir yil oldin axborot olgan, ammo unga loqaydlik bilan qaragan. Yahudiy davlat razvedkasi va boshqa agentliklar XAMASning 7-oktabrdagi kabi keng ko'lamli qonli xuruj qila olishiga ishonmagan.
"The New York Times" gazetasi oshkor etishicha, 40 betlik hujjatda Isroil rasmiylari XAMAS ko'zlayotdan qadamlardan voqif bo'lgan. Biroq unda hujum vaqti qayd etilmagan.
Bu hujjat Bosh vazir Benyamin Netanyaxu qo'liga borganmi? Bu mavhum. Isroil hukumati hozircha munosabat bildirmagan.
7-oktabrda XAMAS Isroilda 1200 odamni o'ldirdi. Shundan beri guruhni yo'q qilish maqsadi bilan boshlangan urushda hozirgacha 15 ming falastinlikni yostig'i quridi.