Isroil hukumati va XAMAS qurolli to’qnashuvni to’rt kunga to’xtatishga kelishib oldi. AQSh, Qatar va Misr vositachiligida erishilgan kelishuvga ko’ra, XAMAS G’azoda garovda ushlab turilgan 50 nafar ayol va bolani ozod etishi evaziga Isroil qamoqxonalaridan 150 ta falastinlik mahbus chiqariladi, sektorga gumanitar yordam kiritiladi.
Isroil hukumati bitimni ma’qulladi. Unda aytilishicha, XAMAS ozod etgan qo’shimcha har 10 kishi evaziga Isroil hujumlarida tanaffus bir kunga uzaytiriladi.
Isroil hisobiga ko’ra, XAMAS 7-oktabrda Isroil janubiga hujumi paytida 1200 odamni o’ldirib, 240 ga yaqinini garovga olgan. O’shandan beri to’rt ayol qo’yib yuborilgan – ikki amerikalik va ikki isroillik.
Seshanba kuni XAMAS garovdagilardan birining Isroil hujumlarida halok bo’lganini bildirdi. 7-oktabrdan beri esa G’azoda 14 mingdan ziyod falastinlik o’lgan, 5840 nafari bolalar.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kelishuvga qaramay Isroilning asosiy maqsadi o’zgarmaganini aytadi.
"Biz urush olib boryapmiz va barcha maqsadlarimizga erishmaguncha uni davom ettiramiz: XAMASni yo’q qilish, garovga olingan barcha odamlarni ozod etish, G’azoda hech kim ortiq Isroilga xavf solmasligini ta’minlash”, - dedi u.
XAMAS hujumi qurbonlarining Isroildagi oila a’zolari bugun Quddusda Oliy suddan payshanba kuni kuchga kirishi kutilayotgan kelishuvni bekor qilishni so’radi.
"Ushbu kelishuv natijasida 200 ga yaqin terrorchi qo’yib yuboriladi. Bu degani ular endi Quddus shaharlarida izg’ib, terror darajasini kuchaytiradi. G’azo chegarasida ro’y bergan qatliomga o’xshash yana bir voqea Quddusda ham yuz bersa, hamma narsa tugadi deyavering”, - deydi 2001-yil Quddusdagi bomba xurujida ota-onasi va uch nafar yaqinlarini yo’qotgan bir isroillik.
Isroil va XAMAS o’rtasidagi kelishuv kuchga kirishidan oldin Isroil G’azo Sektorini havodan nishonga olishda davom etdi. Xususan bugun Rafahda bir necha odam o’lgan.
Xon-Yunus shahri ham bugun hujumga uchradi.
“Ular bolalarni nishonga olyapti, jangchilarni emas”, - deydi havo hujumida omon qolgan bir g’azolik.
Shahardagi Nosir kasalxonasiga bugungi hujumda yaralangan bolalar yetkazilgan.
Hindiston bosh vaziri Yaqin Sharqda tinchlikka chaqirdi
Bugun “Katta Yigirmalik”ka a’zo davlatlar rahbarlarining virtual majlisini ochib bergan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Isroil-XAMAS mojarosi mintaqaviy ixtilofga aylanmaydi degan umid bildirdi.
"Gumanitar yordam muhtojlarga o’z vaqtida yetib borishi va davomiy yetkazib turilishi muhim. Hindiston terrorizmni qabul qilmaydi. Fuqarolar o’limiga yo’l qo’yib bo’lmaydi. Garovga olingan odamlarning ozod etilishiga harakatni olqishlaymiz, barchasi yaqin orada ozod bo’ladi degan umiddaman”, - dedi u.
Rim papasi Isroil va Falastin vakillarini qabul qildi
Bugun Rim papasi Fransisk Vatikandagi qarorhogida avval XAMAS hujumida o’lgan isroilliklar oila a’zolari bilan, so’ng bir guruh g’azoliklar bilan uchrashdi.
Unga ko’ra, mojaro har ikki tarafga azob yetkazmoqda. Papa tinchlik uchun ibodatlarini davom ettirishini aytdi.
Yaqin Sharq siyosatchilari Moskvada
Seshanba kuni Falastin Muxtoriyatining vakillari, Islom hamkorligi tashkilotining bosh kotibi hamda Saudiya Arabistoni, Misr va Indoneziya tashqi ishlar vazirlari Moskvada bo’lib, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan gaplashishdi.
“Hujumlarni bas qilib, gumanitar muammolar bilan shug’ullanishga, garovdagilarni ozod etishga chaqiramiz”, - dedi Lavrov.
Kreml azaldan Falastin mustaqil davlatini barpo etish g’oyasini qo’llab-quvvatlab keladi. Ayrim kuzatuvchilar nazarida, hozirgi mojaro Kremlga mintaqada ta’sir kuchini o’tkazishga bir imkoniyatdir.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hozirgi inqirozda Qo’shma Shtatlarni aybladi.
“Mana shu voqealarning barchasi AQShning Falastin-Isroil tinchlik muzokaralarini monopollashtirishining bevosita oqibatidir”, - dedi Putin.
Rossiyalik siyosiy tahlilchi Arkadiy Dubnovning aytishicha, Putin Isroil-XAMAS urushiga barham berishga qodir arbob bo’lib ko’rinmoqchi.
“Hozirgi uchrashuvlardan ko’p narsani kutmayman. Moskva bu bilan shunchaki ushbu masalada o’yinchi ekanini, G’azo kelajagini hal qiluvchilar qatorida ekanini ko’rsatmoqchi”, - deydi u.
Moskvaga borgan Yaqin Sharq delegatsiyasi bundan bir kun oldin Xitoyda ham bo’ldi.