Oq uy nazarida Xitoy va arab davlatlari orasidagi diplomatik muloqotlar samarasiz, Yaqin Sharqda tinchlikka yetaklash uchun yetmaydi.
Pekinda bu hafta Falastin, Misr, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Indoneziya va Islom hamkorligi tashkilot delegatsiyalari yig'ilib, Isroil-XAMAS urushini muhokama qildi.
Oq uyda Milliy xavfsizlik kengashi koordinaroti Jon Kirbi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, AQShning mintaqadagi roli va salohiyati yuksak.
"Biz dunyoning bu qismidagi aloqalarimizdan mamnunmiz va regionda yetakchimiz. Biz u yerdagi sheriklarimizga ishonamiz va birga ishlab, hammamizning manfaatlarimizni ko'zlovchi maqsadlarga yeta olamiz", - deydi Kirbi.
Arab hukumatlari G'azoga hujumlarni to'xtatishga, sulh tuzishga chaqirib kelmoqda. Ular Amerika bu urushda har doimgidek Isroilni quvvatlashini qoralaydi.
Bu davlatlar Vashington bilan sherik bo'lsa-da, bu masalada u bilan yakdil emas.
Pekinga borgan delegatsiyalar boshqa poytaxtlarga ham tashrif buyurdi, xususan Moskva va Londonga. Yaqin kunlarda ular Parij va Vashingtonda bo'ladi.
Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I deydiki, arab va musulmon davlatlarning vakillari avvalo Pekinga kelgani unga nisbatan eng yuqori ishonchdan darak. Ular Xitoy tashqi siyosatini maqtab, AQShnikini la'natlagan.
Misr Tashqi ishlar vaziri Sami Shukriy Van bilan gaplashar ekan, Xitoydan yetakchilik qilishni kutayotganini aytgan. Shukriy Vashingtonni yahudiy davlatning qonli xurujlarini yoqlayotganlikda ayblagan.
Pekin o'zini ham Isroil ham Falastinning do'sti deb tanishtiradi. Sulh, uningcha, yagona yo'l.
Xitoy hukumati xalqaro hamjamiyatni Yaqin Sharq kelajagi yuzasidan kelishib olishga undaydi. Bu borada anjuman o'tkazishni taklif qilgan.
Prezident Si Zinpinga ko'ra, Falastin mustaqil davlat sifatida oyoqqa turmas ekan, urush to'xtamaydi.
"Falastin bunga haqli", - deydi Si.
Stimson tahlil markazidan Yun Sun fikricha, Xitoy o'zini tinchlikparvar, mojarolarni hal qiluvchi tomon sifatida ko'rsatmoqda.
"Lekin Pekin bunga erisha olmaydi, chunki so'zning o'zi yetmaydi", - deydi tahlilchi.
"Xitoy fursatdan foydalanib, arab davlatlari bilan aloqani mustahkamlashga urinmoqda".
Biroq bu davlat Yaqin Sharqda ham yirik sarmoyachi va tijoratchi. O'z iqtisodiy va energetik ravnaqini bu mintaqa bilan ham bog'laydi.
Xitoy - Saudiya Arabistoni neftining eng katta xaridori. Erondan ham bu mahsulotni ko'proq ola boshlagan. Shunday ekan, mintaqa tinchligi uning uchun ham bag'oyat dolzarb.
"Pekin uchun bu Vashingtonni samarasiz tomon deb ko'rsatish uchun imkoniyat", - deydi ekspert Jonatan Rinxold.
"Sulhga undash bilan u Amerikadan farq qilishini bayon etmoqda, shu bilan birga o'z manfaatlarini himoya qilmoqda", - deydi tahlilchi.
Vashingtondan farqli o'laroq Pekin XAMASni terrorist deb atamaydi. Xitoy hukumatiga ko'ra, Isroil xalqaro qonunlarni buzmoqda, qonxo'rlik qilmoqda.
Arab va musulmon dunyoning aksariyati shunday xulosada, xususan eng yirik musulmon jamiyati bo'lmish Indoneziya.
Pekin o'tgan yillarda Yaqin Sharq davlatlarini yarashtirish harakatlarini ham boshlagan, xususan Saudiya Arabistoni va Eronni yaqinlashtirish uchun jiddiy qadamlar tashlangan.
Tahlilchi Yun deydiki, "Pekin diplomatik jihatdan shubhasiz juda faol".
Biroq xavfsizlik borasida mintaqada deyarli sarmoya qilmagan. Rinxold uning kuchini asosan muayyan iqtisodiy yo'nalishlarda ko'radi, xususan neft sohasida.
Ayni damda Isroil va XAMAS erishgan qisqa sulhda ham Xitoyning roli yo'q. Bu kelishuvga binoan XAMAS Isroilga qariyb 50 odamini qaytaradi, yahudiy davlat esa 150 falastinlik asirni qo'yib yuboradi va G'azoga ko'proq gumanitar yordam kiritadi.
Bu sulhda Prezident Jo Baydenning o'zi bosh-qosh, deydi Oq uydan Kirbi. Bayden Isroil rahbariyati bilan muntazam muloqotda.
Netanyaxu jarayonda Amerika hukumati lider ekanini aytgan.
Kirbining tasvirlashicha, Vashington hozir mintaqadagi barcha sheriklari bilan dialogda va mojaro hal etilishi uchun ularni ham tinglamoqda.
Lekin urush sabab Prezident Baydenning reytingi yanayam pasaygan. "NBC News" kanali o'tkazgan so'rovlarda demokratlarning atigi 41 foizi uni bu masalada quvvatlashini aytgan.
Amerikaliklarning 51 foizi fikricha, Isroil G'azoda begunoh insonlarning qonini to'kmoqda va harbiy amaliyotlarda haddidan oshib ketgan.
Urushda bugunga qadar 13 mingga yaqin falastinlik halok bo'ldi, 1200 isroillik.
So'nggi so'rovlar natijasiga ko'ra, Prezident Baydenning amerikaliklar orasidagi ishonch darajasi hozir 40 foizda.