23-noyabr kuni kuchga kirishi kerak bo’lgan Isroil va XAMAS o’rtasidagi otashkesim shartnomasi jumagacha kechiktirildi.
XAMAS garovga olingan ayollar va bolalarning 50 nafarini bosqichma-bosqich ozod etishga ko’ndi. Ular avval Xalqaro Qizil xoch qo’mitasi vakillariga, so’ng Isroil askarlariga topshiriladi. Shundan keyin Isroilda tibbiy ko’rikdan o‘tib, oila a’zolari bilan qovushadi. XAMAS har kuni 12-13 tadan odamni qo’yib yuboradi.
Buning evaziga Isroil qamoqxonalaridan 150 ta falastinlik, harbiy harakatlar to’rt kunga to’xtatiladi.
Isroil matbuotiga ko’ra, XAMAS qo’lida taxminan 40 nafar bola bor. Shulardan 30 nafari ozod etiladi, qolganlarining qayerdaligi ma’lum emas.
Isroil vazirlar mahkamasi kelishuvni seshanba oqshom tasdiqladi.
“Bu juda qiyin, ammo to’g’ri qaror. Butun boshli xavfsizlik apparatimiz uni to’liq qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi Bosh vazir Benyamin Netanyaxu.
Isroil e’lon qilgan ro’yxatda 300 nafar falastinlik mahbus bo’lib, ular ayollar va 19 yoshgacha bo’lgan bolalar va o’smirlardan iborat. Shularning yarmi ozod bo’ladi. Otashkesim uzaytirilsa, qolganlari ham qamoqdan chiqarilishi mumkin.
Isroil qamog’ida besh marotaba o’tirib chiqgan Yusuf Abu Mariyaning 18 yashar o’g’li Ubay 300 mahbusdan biridir.
“Ubay ilk bor 14 yoshida hibsga olingan. Hozir jarohati bor. Qo’li 70 foizga ishlamaydi. O’g’lim bag’rimga qaytayotganidan xursandman”, - deydi ota.
To’rt kunlik otashkesim davomida G’azoga katta miqdorda gumanitar yordam va yoqilg’ining kirishi kutilmoqda.
Otashkesim tugashi bilan Isroil hujumlarini davom ettiradi.
“Isroil amaliyoti to’xtamaydi. Xalq bunga rozi bo’lmaydi. Agar otashkesimdan bir necha kun o’tib urush to’xtaydigan bo’lsa, hukumat bitdi deyavering”, - deydi Isroil sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Yakov Amidror.
Isroil mudofaa kuchlari bosh shtabi boshlig’i Gersi Xalevi harbiy harakatlar g’alabagacha olib borilishini aytadi.
Isroil hujumlarida nafaqat XAMAS jangchilari, balki ko’plab tinch fuqaro o’lmoqda. Bugun Rafah shahri yana havodan o’qqa tutildi.
Odamlar vayron bo’lgan imoratlar ostidan tirik qolganlarni qutqarishga harakat qildi.
Isroil armiyasi o’tgan bir kunda havodan 300 marotaba zarba berilganini ma’lum qildi. Sektor janubidagi Xon-Yunus shahriga ham bombalar yog’ilgan.
Bugun Ispaniya va Belgiya bosh vazirlari Isroil va G’arbiy Sohilda bo’lib, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashishdi.
Pedro Sanches hozirgi mojaro hal bo’lganidan so’ng Falastin davlati barpo etilishi kerak, deydi.
"Eng boshidan aytganimizdek, Isroil o’zini himoya qilishga haqli, ammo Isroil xalqaro qonunlarga rioya qilishi ham kerak. XAMAS hujumiga G’azoda tinch aholini, minglab bolalarni o’ldirish bilan javob berib bo’lmaydi. G’azodagi gumanitar ofatga zudlik bilan chek qo’yish kerak”, - dedi Ispaniya bosh vaziri.
Bugun Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Kameron ham Quddusda Netanyaxu bilan ko’rishdi, otashkesim amal qilinishiga umid bildirdi.
BMTning YUNISEF bolalar jamg’armasi rahbari Ketrin Rassel G’azo Sektorini dunyoda bolalar uchun eng xavfli joy deb atadi. Unga ko’ra, 7-oktabrdan beri sektorda 5300 dan ziyod falastinlik bola o’lgan.
"Falastin va Isroildagi ushbu urushning haqiqiy bahosi bolalar hayoti bilan o’lchanadi. Urushga barham berilmasa, to’liq gumanitar yordamga yo’l ochilmasa, urush qurbonlari geometrik progressiyada ko’payishda davom etadi”, - dedi Rassel.
BMT ayollari tashkilotining ijrochi direktori Sima Bahus G’azoda ayollarning ayanchli ahvoli haqida BMT Xavfsizlik Kengashiga shunday dedi:
"G’azoda biz bilan gaplashgan ayollar duolarida tinchlik so’rashayotganini aytishdi, ammo tinchlik bo’lmasa, xudodan uyquda bolalarini bag’riga bosgan holda tez o’lim so’rashayotganini aytishdi. Onalar shunday duo qilishayotganidan uyalishimiz kerak”, - dedi u.
Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan XAMASni yillar davomida bolalardan foydalanayotganlikda aybladi, BMTni azaldan Isroilga nisbatan noxolis ekanini aytdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish otashkesim haqidagi bitimni olqishlab, uni to’g’ri yo’nalishdagi muhim qadam deb atadi.
BMT Aholi jamg’armasining ijrochi direktori Nataliya Kanem bir necha hafta ichida G’azoda 5500 ta homilador ayol farzand ko’rishini aytdi.
"Har kuni taxminan 180 nafar ayol dahshatli sharoitlarda bola ko’rmoqda, chaqaloqlarning kelajagi mavhum. 7-oktabrdan beri ko’zi yorishgan 7000 ga yaqin ayol tibbiy yordam, toza suv, ozuqadan mahrum”, - deydi u.