Arab davlatlar Xitoy hukumati bilan bir masalada yakdil: G'azoda sulh tuzilishi kerak. Falastin ahliga yordam berilishi zarur.
Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Misr, Indoneziya va Falastin delegatsiyalari Pekinda maslahatlashib oldi. Yig'inda Islom hamkorligi tashkiloti ham qatnashgan.
Bu delegatsiyalar dunyoning turli poytaxtlarida shu kabi muloqotlar qilishga bel bog'lagan.
Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I nazarida bu davraning birinchi maslahati Pekinda kechgani uning davlatiga nisbatan yuksak ishonchdan darak.
"Biz arab, musulmon hukumatlarning yaqin do'stimiz", - deydio Van.
"Chunki biz hamisha sizning huquq va erkinliklaringizni hurmat qilib kelganmiz va Falastin xalqining adolat talabini quvvatlaganmiz".
Xitoy, dunyoning ikkinchi eng kuchli iqtisodiy tizimga ega davlati, azaldan Falastin mustaqil mamlakat bo'lishi kerak, deb kelgan.
Pekin Isroilning arab yerlarini bosib olganini qoralagan va ayniqsa, yahudiy davlat yaqin o'tmishda egallagan olingan hududlardan chiqib ketishi kerak, deb hisoblaydi.
Xitoy hukumati XAMASning 7-oktabrda Isroilga qilgan hujumini ochiqchasiga qoralab chiqmagan. AQSh va boshqalar nazarida esa XAMAS terrorchi guruh.
Biroq Xitoy Isroil bilan kuchli iqtisodiy aloqalarga ega.
Misr Tashqi ishlar vaziri Sami Shukriy deydiki, uning hukumati Pekin bilan Yaqin Sharqda ahvol yaxshilanishi uchun yaqinda ishlashni xohlaydi.
"G'azoda va umuman falastinliklarga qarshi hujumlar darhol to'xtatilishi kerak. Afsuski, Isroilga madad berayotgan kuchli davlatlar bor", - deydi Shukriy.
Isroilning Pekindagi Irit Ben-Abba bu maslahatlashuv uning davlatiga nisbatan tahdidni ozaytirmaydi. Shunday ekan, deydi elchi, sulh haqida gap bo'lishi mumkin emas.
Yahudiy diplomat deydiki, Isroil G'azoga yordam yo'lini ochgan va xalqaro hamjamiyat bilan bu masalada hamkor.
"Boshqalarning o'zlaricha bosimni oshirishga urinishi samara bermaydi", - deydi u.
Arab davlatlar tinclik istasa, deydi Isroil rasmiysi, XAMASni qo'lidagi asirlarni qo'yib yuborishga undashi lozim.
Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy deydiki, hozirgi urush Isroilning Falastin xalqi bilan ilk mojarosi emas.
"Lekin Isroil bu urushning oxirgi bo'lishini istaydi, chunki u Falastinning qolgan yerlarini to'liq nazorat ostiga olishga bel bog'lagan".
Arab delegatsiyalari BMT Xavfsizlik kengashining besh doimiy a'zosi vakillari bilan ham gaplashib, ularni Isroilni G'azodagi harbiy amaliyotlarni to'xtatishga ko'ndirishni so'ramoqda.
Noyabr boshida Riyodda Islom-Arab sammitida Saudiya Arabistoni qirolligi valiahdi Muhammad bin Salmon Isroilni Falastin yerlarida insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, Xalqaro jinoiy sudni uni tergov qilishga chaqirgan.
G'azoda 7-oktabrdan beri Isroil hujumlaridan 13 ming falastinlik halok bo'lgan, ulardan kamida 5000 nafari bolalar.
XAMAS xurujlarida Isroilda 1200 kishi o'lgan. Guruh qariyb 250 isroillikni garovda saqlamoqda.