Xabarlarga ko’ra, Isroil va XAMAS garovdagi o’nlab odamni ozod etishga qaratilgan kelishuvni qabul qilishga yaqin turibdi. Kelishuv doirasida Isroilning G’azodagi harbiy harakatlari besh kunga to’xtatilishi, sektorga katta miqdorda gumanitar yordam kiritilishi mumkin.
“Jarayon yakunlanmadi hali. Kelishuvga erishilgani yo’q hozircha. Erishilishi muqarrar deb o’ylamaslik kerak. Buni amalga oshirishga zo’r beryapmiz. Olg’a siljish bor. Umid qilamizki, kelishuv natijasida ayrim odamlar o’z uylariga qaytish imkoniga ega bo’ladi”, - deydi Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisining o’rinbosari Jon Fayner.
Turli xabarlarga ko’ra, XAMAS 7-oktabrda Isroilga hujumi davomida 240 ga yaqin odamni garovga olgan.
“Muzokaralar tafsilotlari haqida gapira olmayman. Chunki tabiiyki nozik joylari bor. Tafsilotlari haqida qanchalik kam gapirsak, kelishuvga erishish shunchalik oson bo’ladi. Biroq harakatlar jiddiy amalga oshirilyapti va bir necha kunda kelishuv bo’ladi degan umiddamiz”, - deydi Isroilning AQShdagi elchisi Maykl Gersog.
Bugun Isroil parlamentida XAMASning qo’lga olingan a’zolariga nisbatan o’lim jazosini qo’llash mavzusida munozaralar o’tkazildi. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvirning aytishicha, o’lim jazosi kelajakda 7-oktabr voqealariga o’xshash qatliomlarning oldini olishga yordam beradi. Biroq garovga olingan isroilliklarning yaqinlari qonunchilardan garovdagilar ozod etilmaguncha XAMAS a’zolarini o’limga mahkum etish masalasini muhokama qilishni kechiktirishni so’radi.
“Hozir bunday muhokamalarning joyi ham, mavridi ham emas”, - deydi ulardan biri.
Isroil tarixida faqat bir odam sud qaroriga ko’ra o’limga mahkum etilgan. Ikkinchi jahon urushi paytida yahudiylarni butunlayin yo’q qilish rejasiga daxldor natsistlardan biri Adolf Eyxman 1960-yilda Isroil razvedkasi tomonidan Argentinada o’g’irlanib, Isroilda sud qilinadi va 1962-yilda dorga osiladi.
Isroil G’azoda XAMASga qarshi havodan, suvdan va quruqlikdan zarba berishda davom etarkan, sektorda 12 mingdan ziyod falastinlik nobud bo’lgan.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligiga ko’ra, G’azoda uy-joyidan ayrilgan taxminan 900 ming odam BMT ga tegishli boshpana va lagerlarda jon saqlamoqda.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti al-Shifo kasalxonasi tashqarisida 80 taga yaqin jasad qo’yilgan ommaviy qabr borligiga ishora qiladi.
“Aksariyat g’azoliklar oilasi g’amida tashvishlanmoqda, kelajakdan xavotirda. “Qayerda yashaymiz, farzandlarni qayerda o’qitamiz, ularning kelajagi qanday bo’ladi” degan xayollar bilan yurishibdi”, - deydi BMT vakili Tomas Uayt.
Bugun sektorning Xon-Yunus shahrida Isroil havo hujumida bir necha bola yaralangan. Ular Nosir kasalxonasiga yetkazilgan.
G’azo mutasaddilari Isroil Indoneziya kasalxonasini ham nishonga olganini, kamida 12 odam o’lganini ta’kidlamoqda.
Bayt-Lahiya shahridagi ushbu kasalxonada 700 ga yaqin bemor va tibbiy mutaxassisning borligi aytilmoqda.
2016-yilda tashkil etilgan kasalxona Isroil hujumlarida faoliyatini to’xtatishga majbur bo’lgan.
Al-Shifo kasalxonasidan evakuatsiya qilingan chala tug’ilgan bolalarning birinchi guruhi bugun Misrga yetkazilgan. 20 dan ortiq chaqaloqqa tibbiy yordam ko’rsatilishi kutilmoqda. Al-Shifoda yoqilg’i tugagani bois elektr quvvati uzilgani sabab bir nechtasi nobud bo’lgan.
Bungacha ular avval Rafahdagi kasalxonaga ko’chirilgan edi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining vakili Rik Brennan murg’ak go’daklar sog’lig’idan xavotir bildirdi.
"Ularning barchasi og’ir ahvolda. Uzoq yo’l yurishgan. Muolaja ko’p vaqt oladi. Ularga juda yaxshi qarashyapti”, - deydi u.
Oddiy xalq urushdan charchaganini aytadi.
"Urushni bas qilishlarini so’raymiz. Uylarimizga qaytib, odamga o’xshab yashashni istaymiz. Bizga Oyni olib berishlarini so’rayotganimiz yo’q”, - deydi Jabaliya qochqinlar lageridan Xon-Yunusga qochgan bir falastinlik.
Bugun Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Misr, Indoneziya, Falastin tashqi ishlar vazirlari hamda Islom hamkorligi tashkilotining bosh kotibi Pekinda bo’lib, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi bilan ko’rishdi.
Xitoy azaldan Falastinni qo’llab-quvvatlab keladi, Isroilni G’azodagi hujumlari uchun keskin tanqid qilgan, ammo XAMASning Isroilga hujumini qoralamagan.