Breaking News

Isroil: XAMAS yahudiy ayollarni zo'rlagan, o'ldirgan


BMT qarorgohi oldida Isroilni quvvatlovchi namoyishlar
BMT qarorgohi oldida Isroilni quvvatlovchi namoyishlar

7-oktabrdagi xurujda XAMAS jangarilari qonli hujumlarni amalga oshirar ekan, yahudiy xotin-qizlarni o'ldirishdan oldin ularga jinsiy tajovuzlar qilingan, deya bong urmoqda Isroil hukumati.

O'sha kuni 1200 isroillik halok bo'lgan, asosan oddiy fuqarolar, shuningdek, kamida 240 kishi garovga olingan.

Politsiya tekshiruvlari davom etar ekan, Isroil hukumati xalqaro hamjamiyatni, xususan BMTni XAMAS qilmishlariga ko'z yumayotganlikda ayblamoqda.

"Ayollar huquqlarini himoya qiladigan tashkilotlar bor, huquq himoyachilari, qanisiz? Nega Isroil xotin-qizlari boshdan kechirgan dahshatlarni eshitib, jim turibsiz?" - deya nolidi Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bu haftadagi matbuot anjumanida.

XAMAS xurujidan beri avj olgan urushda Isroil harbiy amaliyotlaridan G'azoda 16 ming falastinlik o'lgan. Isroil tomondan bu mojaroda boy berilganlar soni hozirda 1300 nafarga yetgan.

AQSh hukumatiga ko'ra, XAMASyahudiylarni qirishga bel bog'lagan terrorchi kuchdir.

Isroil politsiyasi hozirgacha 60 ming videoni tahlil qilgan. Ularda XAMAS xurujlari aks etgan, Tasvirlar XAMAS jangarilari tomonidan olingan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan, qolaversa joylardagi kameralarga tushgan. 1000 nafar odam bilan gaplashilgan, ammo tajovuzga uchraganlarni to'pish qiyin, chunki ko'plari o'ldirilgan.

"Inson huquqlari uchun shifokorlar" deb nomlangan guruh G'azoda odamlarni qutqarish bilan band, lekin noyabr oyida XAMAS qilmishlari haqida hisobot chiqargan.

"Keng ko'lamli tajovuzlar, zo'rlashlar haqida bilamiz", - deydi Hadas Ziv, tashkilot vakili.

XAMASga ko'ra, uning odamlari bunday ishlar qilmagan.

Guruh hujumni musiqiy festival paytida amalga oshirganini tasvirlar ekan, Ron Freger ismli isroillik zo'rlanayotgan ayollarning ovozini eshitganini aytadi. Keyin esa o'qlar otilgan.

23 yoshli yigit boshqalar singari jonini saqlash uchun yashiringani, qurolsiz odamlar o'zlarini qanday himoya qilishni bilmay shokda pisib o'tirishga majbur bo'lgani haqida hikoya qiladi.

Ayollarni yoppasiga zo'rlashgan hollarni isbotlovchi dalillar talay, deydi politsiya. Biroq o'lganlarning kimligini aniqlash, qay biri zo'rlanganini tasdiqlash murakkab jarayon, deya bildiradi boshqarma.

"XAMAS oldin bunday ishlarni qilgani haqida bilmaymiz", - deydi ekspert Kolin Klark, razvedka va xavfsizlik firmasi xodimi.

Guruh portlashlarni amalga oshirib, Isroil harbiylariga hujumlar qilib tanilgan.

Qurolli mojarolarda jinsiy tajovuz hollarini o'rgangan Nidi Kapur esa Isroil hukumati ishonchli va imkon qadar to'liq hisobot chiqaradi, degan umidda.

"Avvalo jabrlanganlarga qaraysiz. O'lganlar sonini sanashdan oldin tiriklarga e'tibor kerak", - deydi mutaxassis.

XAMAS qo'yib yuborgan yahudiylar bilan ham muloqotlar olib borilmoqda, ammo tafsilotlar hali e'lon qilinmagan.

138 isroillik hamon guruh qo'lida, ulardan 15 nafari ayol ekani ma'lum.

BMT Isroil dardiga loqaydlikda tanqid qilinar ekan, uning agentliklari yahudiy hukumatini yopiqlikda va cheklovlarda ayblamoqda.

BMT Inson huquqlari bosh komissariatiga ko'ra, uning murojaatlariga Isroil javob bermayapti, zarur ma'lumotlar olish uchun imkon yo'q.

Isroil hukumati nazarida bu organga ishonch yo'q. Noxolis va tarafkash tashkilot, deydi yahudiy rasmiylar.

Inson huquqlari tashkilotlari esa ularni BMTni chetga surmay, u bilan hamkorlik qilishga undamoqda.

Netanyaxu ma'muriyati XAMAS xurujlari yuzasidan xalqaro tekshuruvni mustaqil tomon olib borishini talab qilmoqda. BMT, uningcha, tizim sifatida Isroilga qarshi shaylangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG