Breaking News

G'azoda Isroil-XAMAS otashkesimining 4-kuni


Bugun Isroil va XAMAS o’rtasida kelishilgan otashkesimning to’rtinchi kuni. Taraflar har kuni bir nechtadan odamni qamoqxonalardan va garovdan ozod qildi. Yakshanba kuni XAMAS ozod etgan 17 kishi orasida ikki fuqarolikka ega to’rt yashar amerikalik qiz ham bo’ldi; 13 nafari isroillik, uch tailandlik va bir rossiyalik.

Xalqaro hayot - 27-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:49 0:00

Ozod bo’lgan insonlarning yaqinlari voqeadan xursand, har ikki tarafda bayram, oilalar qovushmoqda. Biroq farq shundaki, isroilliklar uylariga qaytmoqda, g’azoliklar esa vayronalarga.

"Na chiroq bor, na suv, na uy bor, na kiyim-kechak yoki oziq-ovqat. Insonga kerakli asosiy narsalar tanqis”, - deydi xon-yunuslik Ibrohim Qaninch.

Unga ko’ra, Isroil G’azo yerlarini bosib, uylarni vayron qilishi mumkin, ammo falastinliklarning o’z vataniga egalik qilish huquqlarini toptay olmaydi.

Yakshanba kuni Isroil 39 falastinlikni ozod etdi – olti ayol va 33 nafar o’smirni. Ularning hammasi ham g’azolik emas. Ayrimlari Isroil hujumiga uchramagan G’arbiy Sohildan.

Isroil politsiyasi katta tantanalarga ruxsat bermadi, arablarga xonadonlarida bayram qilish tavsiya qilindi.

XAMAS ozod etgan odamlar Qizil Yarim xoch qo’mitasi vakillarining qo’liga topshirildi.

Otashkesim Qatar, Misr va AQSh hukumatlarining sa’y-harakatlari tufayli amalga oshdi. Bugun Ispaniyaning Barselona shahrida o’tayotgan xalqaro anjumanda ushbu davlatlar va Yevropa Ittifoqi rasmiylari sulhni cho’zish xususida gaplashmoqda.

“Bugungi imkoniyatdan foydalanish kerak, aks holda qo’ldan chiqadi. Otashkesimni uzaytirish imkoniyatidan. Uni davom ettirishni talab qilishimiz kerak. Isroil hukumati begunoh insonlarni o’ldirishni davom ettirmasligi uchun unga bosim qo’yishimiz kerak”, - dedi Falastin Muxtoriyatining Tashqi ishlar vaziri Riyod Malikiy.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel majlisda Isroil vakillari qatnashmaganidan afsus bildirdi.

"Mojaroga siyosiy yechim qidirish bilan ovora ekanmiz, tanaffusni uzaytirish kerak. Siyosiy yechim bizga zo’ravonlik davriyligini batamom uzishga imkon beradi”, - dedi Borrel.

AQSh Prezidenti Jo Bayden otashkesimni uzaytirishga harakatlar haqida gapirdi.

“Qatar, Misr, Isroil rahbarlari bilan yaqindan muloqot qilyapmiz. Ishlarimiz natijasini oilalariga qaytayotgan odamlar yuzidagi tabassum va quvonch yoshlaridan bilsa bo’ladi”, - dedi u.

XAMAS qo’lida qolayotgan vatandoshlarini qaytarish uchun Isroilning o’zida hukumatdan otashkesim muddatini uzaytirishga da’vatlar yangramoqda.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok ham bugun shunga chaqirdi:

“Garovdagilarning barchasini ozod etish va gumanitar yordam G’azoning hamma joylariga yetishi uchun otashkesim muddatini cho’zish kerak. G’azoga ko’p yuk mashinasi kirmayapti. Germaniya hukumati Jahon oziq-ovqat dasturidan G’azoga tariq, sut poroshogi, bintlar ortilgan 120 ta yuk mashinasini olib kirishni so’ragan”, - dedi Berbok.

Ko’plar mojaroga batamom barham berilishiga umid qilmoqda.

“Mustaqil Falastin davlati bo’lmaguncha, ushbu mintaqada tinchlik yoki xavfsizlik bo’lmaydi”, - deydi AQSh Vakillar palatasining demokrat vakili Ro Kxanna.

Isroilliklarning ba’zilari hozirgi vaziyatda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu va uning hukumatini ayblamoqda.

“Xalqimizni bir-biriga qarshi qayragan, hukumatga ekstremistlarni olib kirgan Netanyaxu bo’ladi. Urushdan keyin bosh vazirlikda qoladi deb o’ylamayman”, - deydi ulardan biri.

“Netanyaxuni hech qachon yoqtirmaganman. 7-oktabr voqealarida harbiylar xato qilgan. “XAMAS yangi urushdan manfaatdor emas” deb bir-biriga yolg’on ma’lumot uzatishdi. Armiya ham, razvedka ham, hukumat ham bunga mas’ul”, - deydi yana bir isroillik.

Otashkesim G’azoga ko’pdan beri kutilgan gumanitar yuk olib kirishga imkoniyat yaratdi. Bugun ham Misr orqali sektorga yuk mashinalari kirgan.

Isroil XAMAS ozod etgan har 10 kishi uchun otashkesimni bir kunga uzaytirishga rozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG