Breaking News

Surishtiruv: Isroil jurnalistlarni qasddan nishonga olgan


“Reuters” va “Agence France-Presse” axborot agentliklari o’tkazgan tekshiruv xulosasiga ko’ra, oktabr oyida Livan janubida sodir bo'lgan va bir jurnalistning o'limiga hamda olti kishining jarohatlanishiga sabab bo'lgan hujum Isroil tanklari tomonidan sodir etilgan.

Ommaviy axborot vositalari video yozuvlar, sun'iy yo'ldosh tasvirlari, guvohlarning ko'rsatmalari va o'q-dorilar bo'laklarini o’rganish uchun tashqi ekspertlarni yollagan va otilgan o'qlar faqat Isroil harbiylari tomonidan qo'llaniladigan 120 millimetrli tank o'qlari degan xulosaga kelingan.

Hujum 13-oktabr kuni jurnalistlar Livan bilan chegaradosh Alma al-Chaab qishlog‘i yaqinida to‘planib, Isroil harbiylari va falastinlik jangchilar o‘rtasida transchegaraviy to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan hududlarni videoga olish uchun yig’ilgan vaqtda sodir bo‘lgan.

“Reuters” va “AFP” agentliklarining bildirishicha, jurnalistlar maxsus nimcha va dubulg'a kiygan matbuot vakillari ekani ma’lum edi.

Axborot agentliklari xabariga ko'ra, tanklar jurnalistlar to’plangan hududni ketma-ket ikki marta nishonga olgan. Natijada “Reuters” jurnalisti Issam Abdulloh halok bo‘lgan, uning ikki hamkasbi va “AFP” jurnalisti jarohat olgan.

"Biz Issamning o'ldirilishini qoralaymiz", - dedi “Reuters” bosh muharriri Alessandra Galloni o’z bayonotida.

“Biz Isroilni bu qanday sodir bo‘lganligini tushuntirishga va uning o‘limi hamda “AFP” xodimi Kristina Assi, hamkasblarimiz Tayer Al-Sudani, Maher Nazeh hamda yana uch jurnalistning yaralanishi uchun javobgarlarni jazolashga chaqiramiz. Issam zo'r va ishtiyoqli jurnalist edi; uni “Reuters”da juda yaxshi ko'rishardi", - deya qo’shimcha qildi u.

"Ommaviy axborot vositalari sifatida aniq ko'rsatilgan jurnalistlar guruhining nishonga olinishi tushunarsiz va qabul qilib bo'lmaydigan narsa", - dedi “AFP Global News” direktori Fil Chetvind.

“Human Rights Watch” ham hujum bo‘yicha o‘z tekshiruvini o‘tkazib, jurnalistlar jangovar harakatlar yuz bergan hududdan ancha uzoqda bo’lganini hamda ketma-ket zarbalar berilishidan oldin 75 daqiqa harakatsiz bir joyda turganini aniqlagan.

Tashkilot xulosasiga ko’ra, jurnalistlar ishlayotgan joy yaqinida harbiy nishon bo’lganiga oid dalil yo‘q. Guruhning ta'kidlashicha, zarbalar "tinch aholiga qasddan qilingan hujumlar bo'lib, bu urush jinoyatidir".

Xalqaro Amnistiya ham hujumni qoralab, "bu tinch aholiga to'g'ridan-to'g'ri hujum bo'lishi mumkin; bu esa urush jinoyati sifatida tekshirilishi kerak", degan xulosaga keldi.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika boʻyicha mintaqaviy direktori oʻrinbosari Aya Majzub oʻz bayonotida “Issam Abdullahning noqonuniy oʻldirilishi va yana olti nafar jurnalistning yaralanishi uchun javobgarlar jazoga tortilishi kerak”, dedi.

“Hech bir jurnalist o'z ishini bajargani uchun nishonga olinishi yoki o'ldirilishi kerak emas. Isroil jurnalistlarni javobgarliksiz o'ldirishi va ularga hujum qilishi mumkin emas. Bu halokatli hujum yuzasidan mustaqil va xolis tergov o‘tkazilishi kerak”, - deya qo’shimcha qildi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG