AQSh senatori Kris Van Xollen o'tgan yili Isroil armiyasining reydini yoritish chog'ida otib o'ldirilgan asli falastinlik Amerika jurnalisti, “Al-Jazira” telekanali muxbiri Shirin Abu Aqlaga oid AQSh hukumati hisobotini ommaga oshkor qilishga chaqirdi.
Arab dunyosining taniqli muxbirlaridan biri bo’lgan Abu Aqla 2022-yil 11-may kuni Isroil Mudofaa kuchlari ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilning Jenin shahrida o’tkazgan reydini yoritish chog‘ida boshidan otib o‘ldirilgan.
Van Xollenning aytishicha, AQShning Isroil va Falastin bo'yicha xavfsizlik koordinatori tayyorlagan hisobotni qonunchilarga taqdim etish bo’yicha may oyi boshida Davlat departamentiga murojaat qilingan va hisobot ularga bir necha haftadan keyingina berilgan.
"Men hisobotni ko'rganimdan keyin ma'muriyatni darhol uni to'liq maxfiylikdan chiqarishga chaqirdim, - dedi Van Xollen bayonotida. - Men uning ommaga e'lon qilinishi Amerika fuqarosi va jurnalist Shirin Abu Aqlaning otib o'ldirilgani bo'yicha shaffoflik va javobgarlikni ta'minlash hamda kelajakda bunday narsaning va noqonuniy o'limlarning oldini olish uchun juda muhim ekanligiga ishonaman. Bu barchamiz qo'llab-quvvatlashimiz kerak bo'lgan maqsadlar".
O’q otilgan paytda Abu Aqla hamkasblari bilan himoya kiyimlarida, “PRESS” deb yozilgan dubulg'a va kamzulda bo’lgan. Ommaviy axborot vositalari va huquq guruhlari o’tkazgan tekshiruvlarga ko’ra, Abu Aqla isroillik snayper tomonidan otib tashlangani shubhasiz.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi hisobotni maxfiylikdan chiqarish bo’yicha senator Van Xollen chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatladi.
Isroil da’vosiga ko’ra, muxbir isroillik askar tomonidan tasodifan otib o'ldirilgan. Isroil da'volaridan farqli o'laroq, xabarlarga ko'ra, Abu Aqla turgan hududda falastinlik qurollangan shaxslar tomonidan o’q uzilmagan va otishma o'zaro otishma paytida emas, nisbatan tinch paytda yuz bergan.
Van Xollenning ta'kidlashicha, hanuzgacha maxfiy bo'lib qolayotgan hisobotda muxbirning o'ldirilishi haqida muhim ma'lumotlar, jumladan, ushbu operatsiyada ishtirok etgan Isroil Mudofaa kuchlari xatti-harakati, shuningdek, G'arbiy Sohilda faoliyat yuritayotgan boshqa Isroil bo'linmalari haqida ma'lumot va xulosalar bor.
Abu Aqlaning oilasi Isroil muxbirni qasddan nishonga olganiga ishonadi, Isroil esa buni rad etadi.
Facebook Forum