Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu yakshanba kuni mamlakat armiyasi G’azoda operatsiyalarni yanada shiddatliroq va kuchliroq olib borayotgani haqida so’zladi.
“Maqsad XAMASni yo’q qilish, garovdagilarni qaytarish va G’azodan tahdidlar takrorlanmasligiga erishish”, - deydi Netanyahu.
Isroil rahbari G’azoga hujumlarni zudlik bilan to’xtatishga doir BMT rezolyutsiyasiga qarshi ovoz bergani uchun Vashingtonga minnatdorchilik bildirdi. Yakshanba kuni “ABC” telekanalida so’zlar ekan, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Vashington pozitsiyasiga izoh berdi.
“XAMAS hujumni davom ettirayotgan va 7-oktyabr voqealarini takrorlashga tayyorligini bildirayotgan ekan, tahdid tinmaydi”, - deydi diplomat.
Isroilga yordam va quvvatlovning ahamiyatini izohlashga urinar ekan, Entoni Blinken ko’makning o’z shartlari borligini aytadi.
“Qoidalar barcha mamlakatlar kabi Isroilga ham birday tegishli – xalqaro gumanitar qonunlarga amal qilish shart”, - deydi u.
Biroq G’azoda tinch aholi o’limi kun sayin ortib bormoqda. Dohada o’tgan xalqaro forumda AQSh pozitsiyasi keskin tanqid qilindi.
“Ayb faqat Isroilda emas, falastinliklarni qirish uchun yashil chiroq yoqib bergan AQShda ham”, - deydi Falastin bosh vaziri Muhammad Shtayya.
“AQShda davlat kotibi Blinken bilan ochiq muloqot qildik. Arab va musulmon davlatlar delegatsiyasi konkret talablarini bildirdi. Bular - agressiyani to’xtatish, G’azoga gumanitar yordam kiritish, tinch aholi xavfsizligini kafolatlash”, - deydi Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadiy.
Forumda qatnashgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish otashkesimga erishish uchun harakatda ekanini bildirdi. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Jenevadan so’zlagan rahbari Tedros Gebreyesus urushning g’azoliklar salomatligiga ta’siri haqida so’zladi.
“Aholining kichik hududlarga qochib, oziq-ovqat, suv, turarjoy va sanitariya talab darajasida bo’lmagan hududda zich yashashi kasalliklar tarqashiga qulay zamin yaratadi”, - deydi rasmiy.
Uning ta’kidlashicha, tashkilot G’azoda ruhan va jismonan toliqqan shifokorlarga ko’mak uchun yordamchi guruhlarni yo’llagan.