Breaking News

Isroil AQShning Falastin rejasiga qarshi


Isroil kuchlari G'azoda amaliyotlarni davom ettirmoqda
Isroil kuchlari G'azoda amaliyotlarni davom ettirmoqda

AQSh Isroil-XAMAS urushidan keyingi davri uchun yo'l xaritasi hozirlar ekan, G'azo sektori kelajagi va Falastin mustaqil davlatini vujudga keltirish muhokamada.

Buning uchun, deydi rasmiylar, avvalo Falastinning hozirgi ma'muriyati oyoqqa turib, Isroil bilan tinchlik muzokaralari boshlay oladigan darajaga yetishi zarur.

Falastinliklarning yangi boshqaruvi shakllanib, ishonchli arboblardan iborat kengash faoliyat yuritishi lozim.

Yahudiy davlat bu rejalarga qarshi. Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu deydiki, ayni damda XAMASni yo'q qilish birlamchi vazifa, toki u yana hujum qilmasin. G'azo bu terror guruhining o'chog'i ekan, deydi u, bu hududni Isroil nazorat qiladi.

Rafa, G'azo sektori, 20-dekabr, 2023
Rafa, G'azo sektori, 20-dekabr, 2023

7-oktabrdan beri avj olgan urushda 20 mingdan oshiq odam o'ldirilgan, 19 mingdan ziyodi falastinliklar va xususan G'azoda.

Xalqaro hamhamiyat AQShdan Isroilning sektorga hujumlarini to'xtatishni ta'minlashni so'ramoqda. Bayden ma'muriyati yahudiy davlatni harbiy amaliyotlarda aynan XAMASni nishonga olishga chaqirmoqda. Isroil kuchlariga ko'ra esa XAMAS aholi orasiga yashiringan, undan niqob sifatida foydalanmoqda.

Oq uy oldida ikki, o'zaro bog'liq sinov: Isroilni ko'ndirish va Falastinni tayyorlash.

Hozirgi Falastin ma'muriyati zaif, aholining unga nisbatan ishonch darajasi past, moliyaviy jihatdan tashqi yordamga tobe.

Shu kunlarda o'tkazilgan so'rovlarda, falastinliklarning aksariyati Mahmud Abbosni prezident sifatida tan olmasligini aytgan. Respondentlarning 90 foizga yaqini nazarida Abbos ishdan ketishi kerak. Oldingi so'rovlarda odamlar Falastin boshqaruvini korrupsion tizim deb baholagan.

Ronald Reygan, Bill Klinton va ikki Jorj Bush prezidentligi davrida hukumatda Yaqin Sharq bilan ishlagan Aaron Deyvid Miller fikricha, Abbosga tayanish xato bo'ladi, Falastin xalqiga yangi lider kerak.

Abbosni falastinliklar "Isroilning odami" deb biladi, deydi Miller, ayniqsa xavfsizlik masalalariga kelganda. Mustaqil Falastin bunday shaxslar qo'lida bo'lmasligi kerak, degan qarash keng.

Abbosning uzoq yillik ma'muriyati Iordan daryosining G'arbiy sohilida qariyb 40 foiz yerni boshqaradi va tartib saqlash uchun Isroil bilan aloqa qilishga majbur, chunki butun hududdagi harakat yahudiy davlat iznida.

G'azoda 2007-yildan beri XAMAS hukmron. Abbosning FATH harakati va u boshliq ma'muriyat XAMAS bilan azaldan chiqishmagan.

Urushda jabrlanganlar, Xon Yunus, G'azo sektori, 20-dekabr, 2023
Urushda jabrlanganlar, Xon Yunus, G'azo sektori, 20-dekabr, 2023

AQShning Isroil va Falastin bo'yicha koordinatori gumanitar, harbiy va noharbiy ko'mak uchun mas'ul.

Amerika oldidagi vazifa o'ta murakkab, deydi ekspertlar, tarqoq xalqni birlashtirib, undan xavfsiraydigan Isroilni uzoq muddatda manfaat ko'rasan, deb ishontirish kerak.

"Kim XAMAS, kim boshqa, buni ajrata olish zarur", - deydi tahlilchi Ahmad Fuad Alxatib.

XAMAS ichida al-Qosim brigadasi muhim rol o'ynaydi, uning harbiy qanoti, deya tushuntiradi mutaxassis.

2003-yilda Iroqda qilingan xatolar takrorlanmasligi kerak: eski tuzum odamlarini haydash va Saddam Husayn armiyasini tarqatib yuborish bilan AQSh tartibsizliklar kengayishi va ichki nizolar ortishiga sabab bo'lgan.

Iroqda Baat partiyasi qanchalik siyosiy rol o'ynagan bo'lgan bo'lsa, XAMAS falastinliklar uchun undan ham yirikroq kuch.

Falastinliklarni tinchlikparvar va jangarilarga ajratish, qay taraf bilan qanday ishlash borasida kelishib olinishi kerak. Mahalliy kadrlarga ehtiyoj yuqori. Falastinliklar bilan falastinliklar shug'ullanishi lozim, xorijiy guruhlar emas.

Biroq xalqaro hamjamiyat jarayonni muvofiqlashtiradi. Demak, yetakchi davlatlar bu borada yakdil bo'lishi kutiladi.

G'azoni endi kim boshqaradi? 19-dekabr, 2023
G'azoni endi kim boshqaradi? 19-dekabr, 2023

NATO missiyasini jalb qilish va arab davlatlarning maxsus guruhini tuzish hozirgacha qilingan salmoqli takliflardir. Ular yordamida Falastin davlatiga asos solinadi.

Oq uyda Milliy xavfsizlik kengashidan Jon Kirbi "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, hali bir to'xtamga kelinmagan. Ammo bir narsa aniq: AQSh Falastin davlati barpo etilishi uchun qo'ldan kelgan barch chorani ko'radi.

Kirbi deydiki, Falastin ma'muriyati islohotlar boshlashga majbur, aks holda chetga surilishi mumkin, chunki hozirgi holatida deyarli yaroqsiz.

Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtayya "G'azoni boshqarishga tayyormisiz?" deb yaqinda savolga tutilganida, "XAMAS bilan sheriklikda balki bu ishni qila olamiz", deb javob bergan.

Netanyaxuga ko'ra, bu javob Falastin liderlariga ishonib bo'lmasligini isbotlaydi, ya'ni ular ham XAMAS singari qonxo'r tomon va unga bo'ysunadi.

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant deydiki, G'azoda amaliyotlar ko'lami toraymoqda, biroq kelasi bir necha hafta tinimsiz xurujlar kutilmoqda.

Davlat kotibi Entoni Blinken Kongressga hisobotida G'azo yaqin kunlarda Falastin boshqaruvi ostiga o'tadi, deya ishonch bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG