Breaking News

Afro-amerikaliklar Falastin ahliga hamdard


Derazasiga Falastin bayrog'ini ilib qo'ygan Sidni Vollas, Chikago, 28-noyabr, 2023
Derazasiga Falastin bayrog'ini ilib qo'ygan Sidni Vollas, Chikago, 28-noyabr, 2023

39 yoshli afro-amerikalik Sidni Vollas ona shahri Chikagodagi sinagoganing faol a'zolaridan biri. U o'zini adolat va tenglik uchun kurashuvchi yahudiy deb biladi.

Isroil va G'arbiy sohilga safari uning dunyoqarashini butkul o'zgartirib yubordi. Mintaqaga uni shu kuzda falastinlik amerikaliklar taklif qildi. Musulmon, yahudiy va nasroniy faollar Quddusda yig'ilishdi.

Sidni shu paytgacha Falastin-Isroil ixtilofi bilan yaqindan tanishmagan edi. Jarayonlarga qiziqishi ortgan bir paytda XAMAS Isroilga hujum qildi, Isroil esa bunga javoban G'azo sektorida harbiy amaliyotlar boshladi.

Har kuni yuzlab insonlar halok bo'layotganini ko'rgan Sidni va uning safdoshlari nazarida falastinliklar Amerikada qora tanlilar kabi o'z erkinligi, or-nomusi va qadri uchun kurashmoqda.

Ko'plab yahudiylar esa antisemitizm avj olmoqda deya xavotirda. Biroq ko'plab amerikaliklar deydiki, shu paytgacha falastinliklarga deyarli quloq tutilmagani adolatsizlikdir va hozirda hamma o'z qissasini o'zi xohlaganicha tushuntira olayotgani ijobiy o'zgarishdir.

Minnesota shtatida irqchilikka qarshi namoyishlar, 20-avgust, 2023
Minnesota shtatida irqchilikka qarshi namoyishlar, 20-avgust, 2023

"Isroilni tushunmaslik, uning boshdan kechirayotganlarini chuqur tahlil qila olmaslik yahudiylarga qarshi egri fikrlarni kengaytirmoqda", - deydi Bob Kaplan, Nyu-Yorkdagi yahudiy tashkiloti rahbari.

"Antisemitizm biz uchun qanchalik dahshatli holat bo'lsa, irqchilik qora tanlilar uchun shunchalik qo'rqinchli".

Kaplan deydiki, afro-amerikaliklarning falastinliklarga hamdardligi ularni yahudiylardan uzoqlashtirmaydi.

Yaqinda AQSh bo'ylab o'tkazilgan so'rovlarda qora tanlilarning 44 foizi fikricha, Vashington Isroilga haddan tashqari yon bosadi. Biroq ular nigohida Amerika hukumati falastinliklarga ham yetarlicha yordam berib kelmoqda.

Isroil, deydi afro-amerikalik faollar, falastinliklarning huquqlarni buzishi bir paytlar Amerikada ham qora tanlilarga nisbatan qilingan muomalani eslatadi. Huquq tartibot tizimi, ular tahlilicha, hamon ko'p jihatdan irqchi, ya'ni afro-amerikaliklarni kamsitadi.

Arab-amerikalik Rami Nashashibi qora tanli do'stlariga ergashib, jamoatchilik ishlarida qatnasha boshlagan, bugun ko'zga ko'ringan faol. U ham Sidni singari "Qora Quddus" harakatining a'zosi.

"Men afro-amerikaliklar tarixini o'rganganim sari o'zligimni yaxshiroq anglay boshlaganman", - deydi Nashashibi.

"Bu tajriba menga nafaqat siyosiy va mafkuraviy bilim berdi, balki ozodlik uchun kurash tom ma'noda qanday kechishini ham tushunishda yordam berdi".

Falastinliklar qanday og'ir sharoitlarda yashashini ko'rgan Sidni shu paytgacha loqayd bo'lgani uchun o'zini gunohkordek his qilganini aytadi. Falastinliklar xuddi qora tanlilardek ajratilar, yerga urilar ekan, deydi u.

Quddusning qora tanli faollari Amerikadan borgan do'stlari bilan, 29-sentabr, 2023
Quddusning qora tanli faollari Amerikadan borgan do'stlari bilan, 29-sentabr, 2023

2020-yilda Minnesota shtatida qora tanli erkakning politsiya qo'lida o'lgani, masalan, falastinliklarga ularning har kungi hayotini eslatgan. Isroil xavfsizlik kuchlari arablarni ezadi, o'ldiradi va buning uchun hech kim ularni javobgarlikka tutmaydi, deydi falastinlik faollar.

"Qora Quddus" yahudiy davlat xatti-harakatlarini kuzatar ekan, Amerika hukumatini G'azoga hujumlarni to'xtatish uchun qo'ldan kelgan barcha ishni qilishga undamoqda.

Isroil-XAMAS urushida 7-oktabrdan beri 20 mingga yaqin odam o'ldildi, jumladan minglab norasida bolalar.

Sidni kabi qora tanli yahudiylar falastinliklar dardini tinglab, ularni quvvatlar ekan, buni antisemitizm deb hisoblamaydi. Aksincha, deydi ular, falastinliklarga nisbatan adolatli bo'lish yahudiylar xavfsizligini ta'minlash uchun ham zarur.

"Hech kim chetga surilishini xohlamayman. To'g'ri ishni qilishdan qo'rqmaslik kerak", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG