Breaking News

Isroilda falastinlik mahbuslar qanday saqlanmoqda?


Isroildagi falastinlik mahbuslar taqdiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:57 0:00

Falastinning mahbuslar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Qizil Xoch jamiyatini Isroil-Xamas urushi boshlangandan beri hibsga olingan 4000 ga yaqin falastinliklar holidan xabar olishga chaqirdi. Faollarga ko’ra, Isroil mahbuslarni g'ayriinsoniy sharoitlarda, hech qanday ayblovlarsiz ushlab turibdi.

G'arbiy Sohildagi Ramalloh shahrida Falastin asirlari klubi a'zolari 12-dekabr kuni Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi idorasi oldida namoyish o'tkazdi.

"Maqsadimiz qo’mitani Isroil qamoqxonalariga borib, mahbuslarni ziyorat qilishga undashdir. Shuni ta'kidlash kerakki, Isroilning urush davridagi hukumati Qizil Xoch vakillari va advokatlarga qamoqxonalardagi mahbuslar oldiga kirishni taqiqlab qo'ygan. 7-oktabrdan beri hibsga olingan shaxslar haqida ma'lumot yo’q, - deydi Mahbuslar ishlari bo’yicha Falastin kengashi rasmiysi Amin Shomali.

Falastinlik mahbuslar huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga ko'ra, urush boshlangandan beri deyarli 4000 falastinlik hibsga olingan. 7-oktabrdan keyin Isroil Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasiga qamoqxonalarga kirishni taqiqlab qo’ydi. Tashkilot o’nlab yillardan beri bunday to’sqinlikka uchramagan edi.

Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko‘ra, Isroil qamoqxonalarida falastinlik mahbuslarga nisbatan qiynoqlar o‘nlab yillardan beri davom etib keladi. Shuningdek, Isroil falastinliklarni hech qanday ayblovsiz yoki tegishli tartibsiz hibsda ushlab turishi keng tarqalgan.

Ma'muriy qamoqqa olish sudya tomonidan tasdiqlanishi kerak. Hukumat odamlarni faqat xavfsizlik yuzasidan qamoqqa olishi mumkin.

"Amerika Ovozi" sobiq isroillik sudya bilan ma'muriy qamoqqa olish demokratiyaga tahdidmi yoki yo'qligi haqida suhbatlashdi. Uning aytishicha, bu harakat demokratiyaga zid emas.

"Albatta, bu inson huquqlarini cheklaydi. Demokratiya o'zining hayotiyligini isbotlash uchun o'z joniga qasd qilmasligi kerak. Lekin ba'zan xavfsizlik vaji ustun kelishi kerak", - deydi sobiq sudya Amnon Strashnov.

Falastinlik Xolid Shadehning aytishicha, Qalandiya qochqinlar lagerida uning 17 yoshli jiyani Falastin bayrog'ini ko’targani uchun Isroil kuchlari tomonidan otilgan va hibsga olingan.

Videoda uning hibsga olinayotgani aks etgan.

Shundan keyin uning boshqa daragi chiqmadi.

"Biz uning mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv doirasida ozod qilinishini kutgandik. U bola bo’lsa ham shartnoma doirasida qo‘yib yuborilmagani bizni hayratda qoldirdi. U aybsiz va hech qanday qonunbuzarlik qilmagan. U tez orada ozod bo’lar degan umid bilan yashayapmiz”, - deydi mahbus qizning tog’asi.

Isroil hukumati G‘azoda XAMAS garovidagi 135 kishidan 19 nafari o‘lganini e’lon qildi. U, shuningdek, XAMASni Qizil Xoch qo’mitasi mahbuslarni borib ko’rishiga ruxsat berishga chaqirdi. Qo’mita esa buni xavfsiz amalga oshirib bo’lmasligini aytmoqda.

Falastinlik Hanan Barguti ikki tomonlama kelishuv asosida noyabrda ozod qilindi. U Isroil qamoqxonasida g'ayriinsoniy munosabatda saqlanganini va G'azoda garovga olinganlar ahvolini ham tushinishini aytadi.

"Biz insonmiz va boshqalarning nohaq qamoqqa olinishiga yoki o'ldirilishiga qat'iy qarshimiz. Men hech kimga, hatto meni qamoqqa tashlagan odamga ham yomonlik tilamayman. Agar vaziyat o'zgarib, Falastin bizga qaytarilsa va men qamoqxona ma’muri bo'lib qolsam, menga qilingan jabrni unga qilmagan bo’lardim", - deydi u.

Falastinlik mahbuslar huzuriga tashriflar davom etadimi, degan savolga Qizil Xoch qo’mitasi bu muhim masala boʻyicha tegishli organlar bilan muloqot olib borilayotgani aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG