Breaking News

Isroilning G’azoga navbatdagi hujumlari


G'azo Sektorining Rafah shahriga hujumdan so'ng
G'azo Sektorining Rafah shahriga hujumdan so'ng

Isroilning G’azo janubidagi Rafah shahriga havo hujumida kamida 26 odam o’lgan. 7-oktabrdan beri sektorda 18 mingdan ziyod falastinlik o’lgan. Isroilga kerakli qurol va o’q-dorilar yetkazib turayotgan Oq uy undan hujumlarida aniqroq bo’lishni, tinch aholi orasida talafotlarga yo’l qo’ymaslikni so’ramoqda.

Xalqaro hayot - 14-dekabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:48 0:00

Prezident Jo Baydenning shu mazmundagi gaplarini Isroil rahbariyatiga yetkazish uchun AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan bugun Isroilga bordi.

U bilan uchrashgan Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallantning aytishicha, XAMASni yo’q qilishga bir necha oy vaqt ketishi mumkin.

BMT Xavfsizlik Kengashida AQSh vetosiga uchragan rezolyutsiya loyihasi hamda Bosh Assambleyada ko’pchillik ovoz bilan qabul qilingan rezolyutsiya talablariga qaramay, Isroil sulh haqidagi da’vatlarni inkor etmoqda.

G’azoning Xon-Yunus shahri ham bugun nishonga olingan. Aholi Isroil tanklari va snayperlari hujumiga uchrayotganini aytadi.

Shahardagi Nosir kasalxonasi yaradorlar va bemor chaqaloqlar bilan to’lgan. Ko’chalarda ham yaradorlar borligi, Isroil bombardimonlari tufayli yaradorlar va jasadlarni terib olish xavfli ekani aytilmoqda.

Kuni kecha askarlarga radio orqali murojaat qilgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu urush XAMAS yo’q qilinmaguncha davom etishini ta’kidladi.

Isroil XAMAS jangchilari Jabaliyada taslim bo’lgani tasvirlangani aytilayotgan videoni bugun tarqatgan. G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, yahudiy askarlar tongda shahardagi Kamol Advan kasalxonasiga kirib, 70 nafar tibbiy xizmatchi, jumladan kasalxona direktorini qo’lga olgan, ularning yaradorlarga yordam ko’rsatishiga halaqit bergan.

XAMAS ham bo’sh kelgani yo’q. Isroil seshanba kuni askarlari G’azo shahrida pistirmaga tushib, 10 nafari nobud bo’lganini tan oldi.

Bugun Isroilda bir polkovnik, bir podpolkovnik va bir mayor dafn etildi. Polkovnik brigada qo’mondoni bo’lib, pistirmaga tushganlardan biri ekani aytilmoqda. Isroil 20-oktabr kuni G’azoga qo’shin kiritganidan beri jami 114 harbiysini yo’qotgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG