Breaking News

Hisobot: G'azoda ocharchilik ehtimoli yuqori


Ovqat olishga urinayotgan g'azoliklar, 2023-yil, 8-noyabr
Ovqat olishga urinayotgan g'azoliklar, 2023-yil, 8-noyabr

G'azoda o't ochishni to'xtatish bo'yicha xalqaro sa'y-harakatlar davom etar ekan, Isroil kuchlari hujumlarga zo’r bermoqda. Bu esa anklavdagi gumanitar inqirozni yanada kuchaytirmoqda.

G‘azoda yashovchilar G‘azo shimolidagi ba’zi hududlar kuchli o‘qqa tutilgani va havo hujumlari amalga oshirilgani haqida ma’lum qilgan. Janubdagi Xon Yunis va Rafah shaharlariga ham havo zarbalari berilgan. Isroil harbiylari G'azo markazidagi al-Bureyj va uning atrofidagi mahallalar aholisiga zudlik bilan janubga ko'chib o'tishni buyurgan. Bu hududda quruqlik orqali hujum bo'lishi mumkin.

G'azodagi Xamas tomonidan boshqariladigan Sog'liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, 7-oktabr kuni yuz bergan Xamas terrorchilik harakati ortidan Isroil G'azoga boshlagan hujumda shu paytgacha kamida 20 ming falastinlik halok bo'lgan.

Bundan tashqari, 2 millionga yaqin falastinlik Isroil tomonidan majburan ko‘chirildi. G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi ikki kun ichida 390 falastinlik halok bo‘lganini ma’lum qildi.

BMT rezolyutsiyasi

Bu orada urushni to’xtatish va g’azoliklarga yordam yetkazish ishlarini qayta tiklash bo’yicha bahslar BMT Xavfsizlik kengashida hafta bo’yi davom etdi.

Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan ishlab chiqilgan va dushanbadan beri kechiktirilgan rezolyutsiya juma kuniga kelibgina qabul qilindi.

Kechikish qisman rezolyutsiya matni bo'yicha Qo'shma Shtatlarning e'tirozlari bilan bog'liq edi. Payshanba kuni qayta ko'rib chiqilgan loyihada "harbiy harakatlarni zudlik bilan to'xtatish" chaqirig'i olib tashlangan. Natijada AQShga unga veto qo’yish qaroridan voz kechgan; ayni paytda uni ma’qullamagan ham. Rossiya va AQSh ovoz berishdan o’zini tiygan rezolyutsiya 13-0 ovoz bilan qabul qilindi.

Shu kungacha G’azoda hujumlarni zudlik bilan to’xtatishga chaqiruvchi barcha rezolyutsiyalarga AQSh veto qo’yib keldi.

Biroq AQSh elchisi Linda Tomas-Grinfild payshanba kuni kechqurun AQSh o'zgartirilgan rezolyutsiyani qo'llab-quvvatlash uchun ovoz berishga tayyorligini aytdi.

"Bu muhtojlarga insonparvarlik yordami olib keladigan rezolyutsiya", - dedi u.

Rezolyutsiya matnidagi boshqa o'zgarishlar orasida G’azoga kiradigan yordam yuklarini Birlashgan Millatlar Tashkiloti monitoring qilishiga oid mexanizmni olib tashlash kiradi. Isroil yuklarning BMT tomonidan tekshirilishiga qarshi. So’nggi matnda yuklarni tekshirish bo’yicha BMT vakil tayinlashi aytilgan, ammo jarayonni bevosita BMT nazorat qilishiga oid band olib tashlangan.

Tomas-Grinfildning aytishicha, o'zgarishlar arab davlatlari tomonidan qo'llab-quvvatlangan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta'kidlashicha, G'azoga yetarli darajada gumanitar yuk tashishga ruxsat berilgan taqdirda ham xavfsizlik, yoqilg'i va aloqa uzilishi yuklarni yetkazib berishni qiyinlashtiradi. Tashkilot zudlik bilan gumanitar otashkesimga erishish tarafdori.

Ocharchilik yuz bermoqda

G’azoliklarga xalqaro yordam hozir suv bilan havodek zarur.

Integratsiyalashgan oziq-ovqat xavfsizligi fazasini tasniflash tashabbusi (IPC) chiqargan payshanba kungi hisobotda harbiy harakatlar, jumladan, bombardimon qilish, quruqlikdagi operatsiyalar va butun aholini qamal qilish o'tkir oziq-ovqat xavfsizligini "halokatli darajalarga" olib chiqqan.

BMT tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan bu tashkilot G'azoning butun aholisi - 2 milliondan ortiq kishi - inqiroz yoki ochlikdan battarroq darajada ekani va kelgusi olti oy ichida ocharchilik ehtimoli borligi haqida ogohlantirdi.

Unga ko’ra, g’azoliklarning to'rtdan bir qismi - 577 000 kishi oziq-ovqat zaxiralarini tugatgan va ochlikning halokatli darajasiga duch kelgan.

Jahon oziq-ovqat dasturining ijrochi direktori Sindi Makkeyn IPC xulosalari haqida shunday dedi:

"Bizning tashkilotimiz bu kelayotgan falokat haqida haftalar davomida ogohlantirdi. Afsuski, biz talab qilgan xavfsiz va doimiy kirish imkoni bo'lmasa, vaziyat juda og'ir va G'azoda hech kim ochlikdan xavfsiz emas."

Isroil G'azoga yordam kirishiga ruxsat berishda hamkorlik qilayotganini aytadi. Yakshanba kuni Kerem Shalom chegara punkti yordam karvonlari tranziti uchun ochildi. O‘tish joyi Isroil, G‘azo sektori va Misrning uchta chegarasi yaqinida joylashgan. Isroil Mudofaa kuchlari G'azo janubidagi ba'zi hududlarda tinch aholiga oziq-ovqat va suv olish uchun qisqa muddatli taktik pauzalarga ruxsat berayotganini ma’lum qildi.

Ayovsiz janglar

Payshanba kuni XAMAS va Isroil o'rtasida janglar yana avj oldi.

G‘azo shimolida Isroilning kuchli bombardimonlari kuzatilgan, jangovar samolyotlar anklavning markaziy va janubiy qismlaridagi nishonlarga zarba bergan. XAMASga ko‘ra, G‘azo janubida Misr bilan chegaradagi Rafah punktida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Isroil harbiylari voqeaga aloqadorligini inkor etib, undan bexabar ekanliklarini aytishdi.

Urushdan 10 hafta o'tib, XAMAS hanuz yahudiy davlatiga raketa zarbalari berish qobiliyatiga ega ekanligini ko'rsatdi. G‘azo sektoridan shimoldagi Ashkelondan Tel-Avivgacha bo’lgan hududlarga raketalar otilgan.

Mamlakatning “Temir gumbaz” mudofaa tizimi raketalarni urib tushirgani uchun qurbonlar haqida xabar berilmagan.

Isroil armiyasi payshanba kuni G‘azodagi 230 nishonga hujum uyushtirilganini aytdi.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu uning harbiylari XAMAS yo‘q qilinmagunicha va garovdagilar ozod bo‘lmaguncha janglarni davom ettirishini yana bir bor ta’kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG