XAMASning tasdiqlashicha, Isroil dron hujumida XAMAS yetakchilaridan biri yo'q qilingan. Operatsiya Livan poytaxti Bayrut yaqinida olib borilgan.
Solih al-Aruriy XAMAS siyosiy byurosi raisining o'rinbosari bo'lgan, harakatning qurolli qanoti "Qassam brigadasi" asoschilaridan. Isroilga qonli xurujlarda aynan shu brigada ayblanadi.
AQSh o'tgan yili Aruriyning qayerda ekani haqida axborot bergan kishiga 5 million dollar va'da qilgan edi.
Isroil Aruriyning o'ldirilishi yuzasidan biror bayonot bermagan, ammo yahudiy hukumat XAMAS liderlari nishonda ekani haqida ogohlantirib keladi.
Aruriy XAMASning G'arbiy sohildagi faoliyatini nazorat qilib tanilgan.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 7-oktabrdan beri avj olgan urushdan oldin ham Aruriyni uning davlatiga nisbatan terrorda ayblagan.
Livan davlat matbuotiga ko'ra, hujum gavjum mahallada qilingan, jami to'rt kishi halok bo'lgan.
XAMASni quvvatlovchi Hizbulloh jangari guruhi bu xuruj uchun Isroildan o'ch olinishini bildirib, Aruriyning yo'q qilinishini "urushdagi dahshatli burilish" deb atagan.
G'azoda uch oydirki, Isroil havodan va yerdan zarba bermoqda. XAMAS bilan keskin to'qnashuvlar kuzatilmoqda.
AQSh XAMAS va Hizbullohni terror tashkilotlari deb biladi. Hizbulloh ham Isroil bilan olishmoqda.
Falastinliklar yashaydigan Al-Burayj va Xon Yunus shaharchalarida va ularning atrofida qonli janglar ketayotgani ma'lum.
Isroil hayot-mamot uchun kurashayotganini qayd etib, urush faqat G'azoda emas, Livan janubida ham ketayotganini e'tirof etadi. Isroil Suriya janubiga ham dronlar otib, Eron homiyligidagi jangarilarni o'ldirgan.
Hizbulloh hujumlarni to'xtamasa, deydi Isroil harbiylari, u bilan ham aohida urush ochiladi. XAMAS va Hizbulloh Tehrondan yordam oladi. Ularning jangarilari Suriya, Iroq va Yamanda sheriklarga ega va ular ham hozirda Isroilga qarshi xurujlarni ko'paytirgan.
G'azoda endi kim hukmron bo'ladi? Bu savol xalqaro maydonda muhokamada ekan, XAMAS rahbari Ismoil Haniya boshqaruv birlashgan Falasin ma'muruyatiga o'tishi kerak, deb chiqqan.
2007-yildan beri G'azoda XAMAS hokimiyatda, lekin Isroil hozirgi urushda bunga butkul chek qo'yib, guruhni yer bilan yakson qilmoqchi. XAMASga ko'ra, hech qachon bunday bo'lmaydi, ammo G'azoda hukumat yangilanishiga rozi.
AQShga ko'ra ham falastinliklarning yerlari Falastin ma'muriyatiga o'tib, kelajakda mustaqil davlat barpo etilishi kerak.
Isroil esa G'azoni o'zi nazorat qilishga bel bog'lagan va falastinliklarga ishonmaydi.
G'azoda 7-oktabrdan beri 22 mingdan oshiq odam o'ldirilgan. Bu sonni G'azoda XAMAS yuritadigan hukumat bermoqda. Uning hisoblashicha, yostig'i quriganlarning 70 foizi xotin-qizlar va bolalar. XAMAS halok bo'lganlarni jangari va oddiy fuqarolarga ajratmaydi.
Isroil bu urushda 174 askarini yo'qotgan. 7-oktabrda XAMAS uning 1200 fuqarosini o'ldirgan. 240 isroillik garovga olingan, ularning deyarli yarmi qo'yib yuborilgan. XAMAS hozirda 129 yahudiyni ushlab turibdi.
Britaniya va Yevropa Ittifoqi nazarida ham XAMAS terror guruhidir.
G'azoda urushgacha 2,3 million aholi bo'lgan bo'lsa, undan 85 foizi hozirda uy-joyini tark etib, qochqinga aylangan. BMT bu borada ma'lumot berar ekan, hudud ocharchilik yoqasida deya xavotirda.
Qochqinlar uzoqqa ketmagan, ular saqlanayotgan joylar ham Isroil hujumlari ostidagi joylar, deydi tashkilot rasmiylari. BMT bu mojaroda 142 xodimidan ayrilgan, unga tegishli obyektlardan 128 tasi bombalar ostida qolgan.
G'azoga xalqaro yordam kirib bormoqda, jumladan qishda zarur anjomlar, shuningdek, dori-darmon va yegulik.
Gumanitar ko'mak Misr orqali yetkazilmoqda, Rafa chegara posti - asosiy yo'lak.