Breaking News

Isroil Suriyada Eron quvvatlovchi jangarilarni o'ldirgan


O'tgan kunlar ichida Isroil havo kuchlari Suriya janubida kamida 23 jangarini yo'q qilgan. Hammasi Eron quvvatlovchi guruh a'zolari, deydi rasmiylar.

Inson huquqlari uchun Suriya observatoriyasi aniqlashicha, o'ldirilganlarning besh nafari suriyalik, to'rt nafari Livanda asoslangan Hizbullohdan, sakkiz nafari eronlik. Hujumlar Iroq bilan chegaraga yaqin joyda olib borilgan, kamida to'qqiz joy nishonga olingan.

Dastlab, bu amaliyotlar Amerikaning ishi deb taxmin qilingan. Biroq AQSh buni inkor etgan.

Iroqdan olib kirilgan qurol-aslaha saqlanadigan inshootlar o'qqa tutilgan.

Isroil hukumati Eronga va u quvvatlovchi Suriya rahbariyatiga unga tahdid qilishga aslo yo'l qo'ymasligini eslatib, jangarilardan ko'zini uzmayotganini bildirgan.

Isroil raketalari Halab aeroporti yaqinidagi omborxonalarda jangarilar ham borligini bilgan, deya tahlil qilmoqda Inson huquqlari uchun Suriya observatoriyasi.

Suriyada 10 yildan oshiq davom etgan fuqaro urushi paytida ham Isroil yuzlab marta jangarilarga havo hujumlari qilgan. Asosan Hizbulloh jangarilari va Suriya harbiylari nishonga olingan.

Hozirda XAMASga qarshi urushda ekan, Hizbulloh bu guruhning yonini olmoqda. Isroilning so'nggi xurujlari haqida Hizbulloh bayonot bermagan.

Isroil va Hizbulloh tez-tez o'q almashib turadi. Odatda bu hujumlar hududi - Janubiy Livan.

Endilikda Suriya ham ko'proq kuzatuvda, deydi ekspertlar, chunki Eronning proksi kuchlari bu mamlakatda ham faollashgan.

Isroilga ko'ra, u XAMASga qarshi urushni faqat G'azoda emas, butun mintaqada olib bormoqda. Maqsad - yahudiy davlatga raxna solayotgan har qanday kuchni yer bilan yakson qilish.

2023-yilning oxirgi choragida AQShning Yaqin Sharqdagi harbiylari 100 dan ziyod xurujga uchragan. Vashington ularda Tehronni ayblaydi. Chunki dronlar va boshqa vositalarni aynan u quvvatlovchi jangarilar otmoqda, deydi mutasaddilar.

Xususan, o'zini Iroqdagi Islomiy muxolifatning bir qismi deb hisoblovchi va kichik to'dalarda harakatlanuvchi kuchlar.

Isroil 2023-yilning so'nggi kunlaridagi amaliyotlar bu jangarilarning raketa va dron hamlalariga javobdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG