Breaking News

Isroil va XAMAS o’rtasida yangi otashkesim bo’yicha muzokaralar


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ramallohda Falastin Muxtoriyati Prezidenti Mahmud Abbos bilan gaplashmoqda, 7-fevral, 2024-yil
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ramallohda Falastin Muxtoriyati Prezidenti Mahmud Abbos bilan gaplashmoqda, 7-fevral, 2024-yil

XAMASning Isroilga hujumidan roppa-rosa to’rt oy o’tgach, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bu davr mobaynida mintaqaga beshinchi bor qatnadi. Bu gal Blinken Isroil va mojaroga yakun yasash maqsadida vositachilik qilayotgan Misr va Qatar bilan yangi otashkesim bo’yicha muzokara qildi.

Xalqaro hayot - 7-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:26 0:00

"AQSh, Qatar va Misr oldingi otashkesim bo’yicha kelishuvni kengaytirishga qaratilgan jiddiy taklif bilan chiqdi. XAMAS taklifga munosabat bildirdi, ularning javobini o’rganyapmiz”, - dedi Blinken Isroilga safaridan bir kun oldin.

Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon al-Taniy XAMAS harakati taklifga ijobiy yondashayotganini bildirdi.

Kelishuv shartlari hozircha ma’lum emas. Dastlabki ma’lumotga ko’ra, XAMASga garovga olingan barcha odamni ozod etish evaziga uzoq muddatli otashkesim taklif etilgan.

XAMAS o’z bayonotida G’azo Sektoriga qamalni bekor qilishni, harbiy harakatlarni uch bosqichda 4,5 oyga to’xtatishni, mahbus almashishni, sektorni tiklashni talab qildi.

Otashkesimning birinchi 45 kunlik bosqichida XAMAS garovga olgan barcha ayollar, 19 yoshgacha bo’lgan erkaklar, qariyalar va bemorlar ozod etiladi, Isroil ham o’z navbatida o’z qamoqxonalaridan falastinlik ayollar va bolalarni chiqarishi kerak. Shu davr mobaynida Isroildan askarlarini aholi yashovchi rayonlardan olib chiqish so’raladi.

Ikkinchi bosqichda garovdagilarning qolgan barchasi ozod etilishi evaziga Isroil qo’shinlarini sektordan butunlay chiqarishi kerak bo’ladi.

Uchinchi bosqichda esa tomonlar o’rtasida jasadlar almashishi ko’zda tutilgan, G’azoga ko’proq gumanitar yordam yetkazish kutilmoqda.

XAMAS siyosiy byurosining a’zosi Izzat al-Rashiqning aytishicha, harakatning qarshi taklifi Qatar va Misr orqali Isroil va AQShga yetkazilgan.

Blinken avval Saudiya Arabistonida, so’ng Qohira va Doxada bo’ldi, bugun esa Isroilda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu, Ramallohda esa Falastin Muxtoriyati Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashdi.

Isroil matbuotida xabar berilishicha, Netanyaxu XAMAS talablarining ba’zilariga ko’nmagan. Isroil XAMAS yo’q etilmaguncha qo’shinlarini G’azodan olib chiqish talablarini shu kunga qadar rad etib keldi.

Bu o’rtada Isroilning Rafah shahridagi imoratga hujumi natijasida uch odam o’lgan. Jami esa tunda havo va tank hujumlarida kamida 14 kishi nobud bo’lgan.

Isroil rahbarlariga ko’ra, XAMAS jangarilari ayni paytda Rafahga chekingan. Netanyaxu hududga qo’shin yuborilishi mumkinligi haqida so’zlagan. Shunday bo’lgan taqdirda g’azoliklar zo’ravonliklardan qo’shni Misrga qochishga majbur bo’ladi. Bunday holatda Qohira Isroil bilan diplomatik aloqalarini uzishi mumkinligiga ishora qilgan.

So'nggi ma'lumotga qaraganda Netanyaxu otashkesim bo'yicha so'nggi taklifni rad etgan, XAMASni yo'q qilishini yana bir bor ta'kidlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG