Breaking News

Netanyaxu Falastin mustaqilligini bir tomonlama tan olish harakatlariga qarshi


Isroil vazirlar mahkamasi va xususan Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Falastin davlatining bir tomonlama tan olinishiga qarshi fikr bildirmoqda.

Xalqaro hayot - 19-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:04 0:00

“Isroil falastinliklar bilan doimiy kelishuv bo’yicha xalqaro qarorlarga qat’iyan qarshidir. Bunday kelishuvga hamma tomonlar bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot orqaligina erishish kerak. Falastinni 7-oktabr qatliomidan keyin tan olish terror uchun mukofotlash bilan barobardir”, - dedi Netanyaxu.

Qo’shma Shtatlar Isroilning eng ashaddiy tarafdori bo’lsa-da, Vashington Yaqin Sharq mojarosiga uzil-kesil yechim tariqasida Falastinda mustaqil davlat e’lon qilish g’oyasini qo’llab-quvvatlab keladi.

"Mojaro orasida qolib ketgan oddiy xalq, jumladan G’azodagi falastinlik erkaklar, ayollar va bolalarning azob-uqubatlari haqida o’ylayapmiz. Isroilliklar va falastinliklar hamda mintaqadagi barcha do’stlarimiz uchun yaxshiroq, xavfsizroq kelajakka yo’l ochuvchi ajoyib imkoniyatlar haqida o’ylayapmiz”, - dedi o’tgan hafta Myunxendagi xavfsizlik anjumani paytida Isroil prezidenti bilan ko’rishgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

G’azoning Misr bilan chegaradagi Rafah shahrida jon saqlayotgan falastinliklar Isroil hududga qo’shin kiritishidan xavotirda.

Hozircha yahudiy armiyasi Rafahga artilleriya, aviatsiya va tank hujumlari bilan cheklanib turibdi. Yakshanba kuni Isroilning Rafah va Xon-Yunusga hujumlarida kamida 10 odam o’lgan.

“Farzandlarimiz, ayollarimiz uchun xavfsiz joy izlab qochayotgandik. Ammo endi boradigan joyimiz ortiq yo’q. Misr chagarasidan 50 metr narida turibmiz. Qayerga boraylik? Bizga Rafah xavfsiz deb aytishgan edi”, - deydi Jabaliyadan oilasi bilan Rafahga qochib borgan bir g’azolik.

BMT mutasaddilariga ko’ra, G’azodagi ikkinchi yirik kasalxona – al-Nosir kasalxonasi butunlay ishdan chiqgan.

Shanba kuni Jabaliya qochqinlar lagerida yashovchi odamlar oziq-ovqat va dorilar kamomadidan nolib, namoyish qildi.

"G’azo shimolida odamlar orasida epidemiya va kasalliklar tarqalmoqda. Dori yo’q. Dori topilsa, uni sotib olishga pul yo’q”, - deydi bir odam.

Efiopiya poytaxti Addis-Abbebada o’tgan Afrika Ittifoqi sammiti ishtirokchilari Isroil hujumlarini qoraladi.

Jazoir BMT Xavfsizlik Kengashiga G’azoda sulhga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasini taqdim etib, a'zo davlatlardan seshanba kuni unga ovoz berishni so'radi.

AQSh sulh g’oyasini qo’llab-quvvatlashga tayyor emas, hujjatga qarshi ovoz berishini bildirdi. Vashington Isroilning harbiy amaliyotida olti haftalik tanaffus taklif etuvchi o’z rezolyutsiya loyihasini kengashda o’tkazmoqchi.

Isroil harakatlari nafaqat Afrikada, balki Janubiy Amerikada ham tanqidga uchrayapti. Xususan Braziliya Prezidenti Luis Inasio Lula da Silva G’azodagi urushni xolokostga qiyosladi, falastinliklarga qarshi xolokostga.

“Dunyodagi boy mamlakatlar falastinliklar uchun gumanitar yordamni to’xtatgani kulgilidir. G’azo Sektorida urush bo’lmayotganini ko’rmayotgan bu odamlarning siyosiy ongi va qalbi naqadar katta ekanini bilgim keladi. Chunki G’azoda ikki taraf askarlari o’rtasida urush emas, qatliom bo’lyapti. Yuqori malakali armiyaning ayollar va bolalarga qarshi urushi bu”, - dedi Lula da Silva.

Netanyaxu uning bu izohlarini keskin tanqid qildi, sharmandali deb atadi. Isroil Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats esa Braziliya elchisini chaqirtirib, unga norozilik bildirdi, Braziliya rahbari uzr so’ramaguncha persona non-grata bo’lishini, ya’ni Isroilga kirishi taqiqlanishini aytdi.

Jahon sudida Isroil istilosi ko'rib chiqila boshladi

Bu o’rtada bugun Gaagadagi Jahon sudida Isroilning Falastin yerlarini istilo qilganiga doir da’vo ko’rib chiqilmoqda. 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi suddan istilo bo’yicha huquqiy fikr bildirishni so’ragan.

Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod Malikiy jarayon boshida Isroil istilosiga zudlik bilan chek qo’yishga chaqirdi.

“G'azoda davom etayotgan genotsid o'nlab yillar davomidagi jazosiz harakatlar va harakatsizlik natijasidir. Isroilni jazoga chorlash ma’naviy, siyosiy va huquqiy tarafdan shartdir. Isroildagi barcha hukumatlar Falastin xalqiga faqat uchta yo'l bergan: o’z yerlaridan ketish, bo'ysunish yoki o'lim. Boshqachasiga aytganda, etnik tozalash, aparteid yoki genotsid”, - dedi Malikiy.

50 dan ortiq davlat vakillari 26-fevralgacha sudga o’z qarashlarini taqdim etadi. Yakuniy fikr bildirishdan oldin sudyalar bir necha oy munozara qilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG