AQSh rasmiylariga ko’ra, Yaqin Sharqda kattaroq urushning oldini olish uchun Qo’shma Shtatlar harbiy qudratini ishga solmoqda.
So’nggi ikki kunda AQSh va Britaniya Yamanda xusiylarni yana nishonga oldi – mamlakatning 13 joyida 36 ta obyektga zarba berilgani aytilmoqda.
“Biz berayotgan zarbalardan asosiy maqsad Iroq va Suriyada Erondan madad olayotgan va u yerdagi harbiylarimizga hujum qilayotgan qurolli guruhlarni hamda Qizil dengizda kemalar qatnoviga tahdid solayotgan xusiylarni harbiy salohiyatidan ayirish. Bu borada yaxshi natijaga erishildi deb o’ylaymiz. Chora ko’rishda davom etamiz”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.
Xusiylar ham, Eronga xayrixoh boshqa guruhlar ham Isroil G’azoda urushni bas qilmaguncha harbiy amaliyotlarini davom ettirishini bildirmoqda.
7-oktabrdan beri Isroil hujumlarida G’azoda 27 mingdan ziyod falastinlik nobud bo’lgan, 66 mingdan ortig’i yaralangan.
“G’azoda birodarlarimizga nisbatan tajovuzni, qamalni, qatliomni, tibbiy qamalni ko’ryapmiz. Yaman fuqarolari, qabilalari va erkaklari mana shu bosqinga qarshi turishga hozirlanmoqda”, - deydi Yaman davlat vaziri Nabil Muhsin Abu Nashtan.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu asosiy nishon XAMAS harakati ekanini aytarkan, shu kunga qadar uning 24 ta batalyonidan 17 tasi yo’q qilinganini ma’lum qildi.
“Qolgan batalyonlarning aksariyati G’azo Sektorining janubida, Rafahda jon saqlamoqda, ularning ham navbati keladi”, - dedi u.
Isroil Misr bilan chegaradosh Rafahga qo’shin yuborishi ehtimolini yashirmayapti. Shunday bo’lgan taqdirda, deydi ayrim kuzatuvchilar, janubiy hududlarga qochgan falastinliklar sektordan siqib chiqariladi, Misr tomon qochishga majbur bo’ladi.
AQSh diplomatik harakatlarga ham zo’r bermoqda. Davlat kotibi Entoni Blinken mintaqaga ko’p qatnamoqda.
Bugun (5-fevral) Blinken Saudiya Arabistoniga bordi. Misr, Qatar, Isroilga ham o’tishi kutilmoqda. Bu Blinkenning mojaro boshidan beri mintaqaga beshinchi safari.
Ayni damda vositachilar orqali uzoq muddatli tanaffusga erishishga qaratilgan muzokaralar bo’lyapti.
“Prezidentimiz bu ishga qattiq yondashgan, Qatar va Misr rahbarlari bilan muloqotda. Bu ikki davlat faol vositachilik qilmoqda. Isroil rahbarlari bilan ham muntazam aloqadamiz. XAMAS garovdagilarni ozod etishga qaratilgan kelishuvga rozi bo’lishi kerak”, - deydi Sallivan.
Fransiyaning yangi tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne bugun (5-fevral) Quddusda. U G’azodagi voqealarni “fojia” deb atadi, unga tezroq yakun yasashga, tezkor va davomiy sulhga chaqirdi.
“Oddiy fuqarolar hamda G’azoda garovda saqlanayotgan odamlar azobiga chek qo’yish zarur. Falastin hududlarida yahudiy ko’chmanchilar tomonidan zo’ravonliklarga barham berish lozim. Biz falastinliklarning G’azo yoki G’arbiy Sohildan haydalishiga qarshimiz. Falastin Muxtoriyati isloh etilib, G’azo Sektori boshqaruvini qo’lga olishga tayyor turishi lozim. Qaytarib aytaman, G’azo - Falastin yeri”, - dedi Fransiya vaziri.