Dushanba kuni G’azodagi portlashda 21 nafar isroillik zaxirachi halok bo’lgan. Ularning ba’zilari bugun Quddusda dafn etilgan. Armiya voqeani tergov qilishga kirishgan.
Armiya so’zlovchisi Daniel Xagarining aytishicha, XAMAS jangchilari Isroil askarlari minalashtirgan ikkita bino yonidagi tankni nishonga olganida kuchli portlash yuz bergan. Shu kuni G’azo janubidagi to’qnashuvlarda yana uch yahudiy askar o’lgan.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bu kabi talafotlarga qaramay, harbiy harakatlar g’alabagacha davom etishini bildirdi.
Isroildagi ayrim manbalar dushanba kuni kamida 50 ta askar o’lganini, Xon-Yunusda soxta tunnelning portlashida bir necha harbiy, jumladan ofitserlar nobud bo’lganini bildirmoqda.
Falastin Sog’liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha esa, shu kuni Isroil hujumlarida 195 g’azolik o’lgan. Urush boshidan beri 25 ming falastinlik nobud bo’lgan.
G’azo ahli gumanitar yordamga muhtoj, Birlashgan Millatlar Tashkiloti oziq-ovqat tanqisligi, ochlik, kasalliklar tarqalayotgani haqida bong uradi.
“Odamlar nafaqat bombalar va o’qlardan o’lmoqda, balki yegulik va toza suv yo’qligidan ham, kasalxonalar elektr quvvatisiz va dori-darmonsiz qolganidan ham”, - deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
BMT ma’lumotiga ko’ra, 2,3 million aholi yashovchi G’azoda 380 ming odam oziq-ovqat yetishmasligidan ayniqsa qattiq azob chekmoqda.
Isroil armiyasining Falastinda fuqarolik ishlariga javob beruvchi bo’limi COGATning bildirishicha, Isroil G’azoga imkon qadar ko’p gumanitar yordam o’tishiga yo’l beryapti, biroq yordamni aholiga tarqatishga kelganda BMT agentliklari samarasiz ishlamoqda, XAMAS jangchilari yordamning bir qismini o’g’irlamoqda.
“Biz shuni bilamizki, G’azodagi vaziyat XAMAS da’vo qilganidan ancha yaxshi. Muammo G’azoning o’zida, hududda ishlayotgan gumanitar tashkilotlarda”, - deydi COGAT vakili Yotam Shefer.
Idora rasmiylariga ko’ra, urushdan oldin Isroil orqali G’azoga har kuni 400 tadan 500 tagacha yuk mashinasi kirgan bo’lsa, shulardan 80 tagacha mashina oziq-ovqat yetkazgan.
Hozir esa sektorga kuniga 200 tagacha yuk mashinasi kiradi va shulardan 150 tasi oziq-ovqat bilan.
Falastinlik rasmiylar hududda kasallik tarqalayotgani haqida ham ogohlantirmoqda. Bunga sabab G’azo janubidagi BMT maktablari va boshpanalari salkam 1,5 million odam bilan to’lgan, sanitariya sharoiti chatoq.
“Odamlar ko’paygani sari kasalliklar tarqalmoqda. Oshqozon-ichak kasalliklari, nafas olish tizimi bilan bog’liq kasalliklar, qo’tir kabi teri va boshqa kasalliklar”, - deydi g’azolik pediatr Said Saloh.
Sektorning Isroil hujumlariga uchragan shimoliy qismidan janubga qochgan bir million falastinlik ayniqsa og’ir ahvolda.
“Mamlakatda hech narsa qolmadi. Na maktab, na universitet, na tibbiy muassasalar. Bolalarimiz kelajaksiz qoldi”, - deydi ulardan biri.
Isroil urushni XAMASning 7-oktabrdagi hujumlariga javoban boshlaganiga qaramay, islomiy harakat nazoratida bo’lmagan G’arbiy Sohilda yashovchi falastinliklar orasida XAMASga nisbatan xayrixohlik kuchaymoqda.
So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, dekabr oyida hududda XAMASni qo’llab-quvvatlovchi falastinliklar soni 12 foizdan 44 foizga oshgan.
7-oktabrdan beri Isroil nafaqat G’azoda, balki G’arbiy Sohilda ham harbiy harakatlar olib bormoqda. Natijada u yerda yuzlab odam nobud bo’lgan.
Sentabr oyida otib o’ldirilgan Jibril Ramana ismli o’smirning otasi yahudiy askarlar aza paytida uylarini tintuv qilganini, dekabr oyida Yahyo ismli yana bir o’g’lini hibsga olishganini aytadi.
“Shundan keyin isroilliklar qaytib kelishdi. Meni qo’rqitishdi, yuzimga urishdi”, - deydi Jibril Abdulrahmon Musa.
Ota o’g’lini hanuz ko’rmaganini, ahvolidan bexabar ekanini, uni nega hibsga olishganini bilmasligini aytadi.
7-oktabrdan beri XAMASga yon bosgan yoki hatto ijtimoiy sahifalarda xayrixohlik bildirgan falastinliklar hibsga olingan.
Mahalliy aholi Falastin Ma’muriyatidan norozi, uning rahbari Mahmud Abbosni avtokratiyada ayblaydi. Ijtimoiy so’rovda qatnashganlarning 90 foizi Abbos iste’fo berishi kerak degan fikrda.
“Urush tugashi bilan saylov o’tkazilishiga, ma’muriyat rahbariyatida o’zgarish bo’lishiga umid qilamiz. Yaxshi siyosatchilarimiz bor, lekin hozir faol emas ular”, - deydi Ashraf ismli bir odam.
Isroil bilan kelishmovchiliklarni tinch yo’l bilan hal qilish tarafdori bo’lgan falastinliklar endi qurolli kurashni qo’llab-quvvatlamoqda.