Misr, Qatar va AQSh kabi vositachi mamlakatlar G’azodagi urushni qisqa muddatga bo’lsa ham to’xtatishga qaratilgan kelishuv ustida ishlayotganiga qaramay, Isroil sektorning Rafah shahriga qo’shin kiritish rejasidan voz kechmaganini bildirmoqda.
Dam olish kunlari muzokarachilar Parijda uchrashdi. XAMAS garovga olgan odamlarning ozod etilishiga umid qilayotgan Isroil delegatsiyasi ham muloqotda qatnashgan. Ayrim xabarlarga ko’ra, XAMAS qo’lida 100 ga yaqin odam qolgan.
Harakat Isroil ularning asosiy talabini, xususan G’azodagi harbiy istiloga yakun yasash talabini qondirmayotganini bildirmoqda.
Dam olish kunlari Tel-Avivda minglab odam ko’chaga chiqib, garovdagilarni ozod etishga chaqirdi. Yana bir namoyish qatnashchilari Bosh vazir Benyamin Netanyaxuni 7-oktabr hujumlariga yo’l qo’yganlikda ayblarkan, uni iste’foga chaqirdi. Politsiya namoyishchilarni suv bilan tarqatishga urindi.
Isroil Rafahga qo’shin kiritsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti 600 mingdan ziyod falastinlik bola zarar ko’rishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Qo’shma Shtatlar Rafahga ko’proq gumanitar yordam yetkazishga chaqirmoqda.
“G’azoning boshqa hududlaridagi harbiy amaliyotlar sabab bir milliondan ortiq odam kichik bir joyga tiqilishgan. Bundan tashqari, butun G’azo uchun gumanitar yordamning barchasi Rafah orqali kiradi. Aholini himoya qilishga, xavfsiz joyga ko’chirishga, qornini to’yg’azib, kiyim-kechak va boshpana bilan ta’minlashga qaratilgan aniq va amalga oshadigan reja yo’q ekan, Rafahda yirik harbiy amaliyot boshlashni to’g’ri deb bilmaymiz”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.
Rafahda aholining haddan ziyod ko’p ekani inqirozga yuz tutgan sog’liqni saqlash tizimiga yanada og’ir tushishi aytilmoqda. Xususan, tug’ruqxonalarda bitta inkubatorga to’rttagacha chaqaloqning joylashtirilayotgani ma’lum.
Dushanba kuni Isroil askarlari G’azo shahrining Zaytun tumanida 30 dan ortiq qurolli falastinlik, sektor markazi va janubdagi Xon-Yunusda o’ndan ortig’i o’ldirilganini ma’lum qilishdi. G’azoning Isroil chegarasidagi hududlari esa tank hujumiga uchragan.
Falastinda bosh vazir iste'fo berdi
AQSh Falastin Muxtoriyati urushdan so’ng G’azoni boshqarishiga umid qilar va Prezident Mahmud Abbosni muxtoriyatni isloh qilishga chaqirar ekan, bugun Bosh vazir Muhammad Shtayyah iste’fosi haqida ma’lum qildi.
Jahon sudida Isroilga qarshi da'vo ko'rilmoqda
Bu o’rtada Jahon sudida BMT Bosh Assambleyasining Isroilga qarshi da’vosi ko’rib chiqilmoqda. 2022-yilda Bosh Assambleya Isroilning Falastindagi bosqinining huquqiy oqibatlari yuzasidan suddan xulosa chiqarishni so’ragan.
Bir haftadan beri davom etayotgan tinglovlarda 50 dan ortiq mamlakat vakillari masalaga munosabat bildirdi. Bugun arab davlatlari sud hay’atiga murojaat qilib, Isroil bosqinini noqonuniy deb e’lon qilishni so’radi.
Turkiya vakiliga ko’ra, G’azoda hozir kechayotgan urush Isroil bosqinining bevosita oqibatidir.
Isroil tinglovlarda qatnashayotgani yo’q, sudning bu ishga aralashayotganini Isroil-Falastin mojarosini muzokara orqali hal qilish jarayoniga zarar deb baholadi.
Sudyalar olti oy ichida bir xulosaga kelishi aytilmoqda.
Bu o’rtada yakshanba kuni amerikalik bir harbiy Isroilning G’azodagi urushiga norozilik bildirgan holda uni qatliom deb atab, Isroilning Vashingtondagi elchixonasi yonida o’zini yoqib yubordi. Harbiy kasalxonada vafot etgan.