Isroil G’azo Sektorining Misr bilan chegaradosh Rafah shahriga qo’shin kiritishga do’q-po’pisa qilarkan, kuzatuvchilar Isroil harbiy amaliyoti salkam 1,5 million falastinlik jon saqlayotgan shaharda dahshatli gumanitar ofatga yetaklashi haqida ogohlantirmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti falastinliklar Misr tomon o’tishga majbur bo’lishidan xavotirda.
Mojaro boshida G’azo janubini yer bilan tekislagan Isroil aholini shimolga qochishga majburladi, biroq endi isroillik harbiylar Rafahga hujum qilishga hozirlik ko’rarkan, sektorda qochishga ortiq xavfsiz joy qolmadi.
“Odamlarning majburiy ko’chirilishiga qarshimiz. Bu xalqaro qonunga xilof”, - dedi BMT bosh kotibining so’zlovchisi Stefan Dujarrik.
Isroil BMTning “majburiy ko’chirish” haqidagi gaplarini tuhmat deb atadi.
“Tinch aholi zarar ko’radi deb Isroildan hujumlarni to’xtatishni so’rashyapti. Ammo shu bilan birga, aholini zarardan himoya qilishga qaratilgan harakatlarga to’siq qo’yishyapti. Bu bilan ular o’zlarini XAMASning jonli qalqon strategiyasiga sherik qilib ko’rsatishyapti”, - dedi Isroil hukumati so’zlovchisi Eylov Levi.
2,3 million g’azolikning yarmidan ko’pi ayni damda Rafahda jon saqlamoqda. Odamlarni Misr bilan chegarada o’rnatilgan to’siqlar yonida ham ko’rish mumkin.
1948-yilgi Isroil-arab urushida 700 ming falastinlik ona yerlarini tashlab chiqishga majbur bo’lgan. Falastinliklar buni “naqba” deb ataydi.
Misr va Iordaniya kabi arab davlatlari Isroilning falastinliklarni chegara ortiga siqib chiqarishga qaratilgan harakatlariga qarshi. Isroil bunday rejasi yo’qligini da’vo qilsa-da, ba’zi yahudiy siyosatchilar isroilliklarni G’azoga ko’chib, joylashishga chaqirdi. Isroil Qishloq xo’jaligi vaziri Avi Dixter esa hozirgi voqealarni “G’azoning naqbasi” deb atadi.
AQShdagi ayrim rasmiylar bunday bayonotlarni mas’uliyatsiz deya tanqid qildi.
Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xon Rafahdagi vaziyatdan va Isroilning u yerga qo’shin yuborish rejasidan xavotir bildirdi.
Karim Xon uning idorasi G’azodagi jinoyatlarni tergov qilayotganini bildirib, aybdorlar jazolanishini aytdi.
G’azodagi vaziyat Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning Misrga tashirifi chog’ida ham muhokama etilmoqda. Erdog’an so’nggi bor bu mamlakatga 2012-yilda borgan, biroq 2013-yilda Misrda harbiy to’ntarish yuz berib, Erdog’anning ittifoqchisi Prezident Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag’darilganidan keyin munosabatlar keskin sovuqlashgan.
Liviyadagi fuqarolar urushida Qohira va Anqara qarama-qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlashi o’zaro ziddiyatlarni yanada kuchaytirgan.
So’nggi yillarda ikki taraf aloqalarni tiklash yo’lidan bordi. Isroilning G’azoga hujumi ushbu jarayonning tezlashishiga turtki berdi.
“Nazarimda, har ikki taraf hamkorlik muhimroq ekanini anglab yetgan. Turkiya esa o’z navbatida Yaqin Sharqda iqtisodiy hamkorlarsiz ishi yurishmasligini tushundi”, - deydi liviyalik tahlilchi Aya Burveyla.