Breaking News

Blinken yana Yaqin Sharqda. Taraflarni sulhga ko’ndirishga urinmoqda


AQSh Prezidenti Jo Baydenga Isroildan G’azo Sektorida sulhga rozi bo’lishni talab qilish bosimi kuchayar ekan, Amerika Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharqda muzokaralar o’tkazmoqda.

Xalqaro hayot - 21-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:58 0:00

Blinken chorshanba kuni avval Saudiya Arabistoniga bordi, Jidda shahrida valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va saudiya Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon al-Saud bilan ko’rishdi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G’azoning Rafah shahriga qo’shin kiritish qarorida qat’iy. Prezident Bayden uni ushbu rejasidan voz kechishga ko’ndirishga urinmoqda.

Blinken bugun Qohiraga bordi, Prezident Abdul Fattoh Sissiy va Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukriy bilan uchrashdi.

Qatar va Misr Isroil va XAMASni sulhga ko’ndirish maqsadida vositachilik harakatlari bilan shug’ullanmoqda.

Blinken Qatar, Iordaniya va Isroilga ham boradi, Misr, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya, Marokash va Falastin vakillarini o’z ichiga olgan Arab qo’mitasi a’zolari bilan muloqot qiladi.

Ushbu qo’mitaga urushdan so’ng G’azoni boshqarish uchun Falastin Muxtoriyatini isloh qilish vazifasi yuklangan. Islohotlar doirasida muxtoriyat bosh vaziri yangilandi.

Bungacha sulh haqida gapirishni istamagan va BMT Xavsizlik Kengashida sulhga chaqiruvchi rezolyutsiyalarga veto qo’ygan Qo’shma Shtatlar garovga olingan isroilliklarni ozod etish evaziga darhol sulh e’lon qilishga da’vat etuvchi rezolyutsiya loyihasini chorshanba kuni kengashga taqdim etgan.

Bu G’azoda urush boshlanganidan beri Blinkenning mintaqaga oltinchi safari.

Bugun 36 mamlakatdan rasmiylar va BMT agentliklari vakillari Kiprda to’planib, G’azoda falastinliklarga gumanitar yordamni tezroq yetkazish yo’llarini muhokama qildi. Isroil bilan kelishuvga ko’ra, G’azoga dengiz orqali gumanitar yuk olib ketayotgan kemalar avval Kiprda tekshiruvdan o’tkaziladi. Isroil vakillari ham inspeksiyada ishtirok etadi.

Yuklarni quruqlik orqali olib o’tishning imkoni yo’q ekan, ayrim davlatlar oziq-ovqat va anjomlarni havodan uloqtirmoqda.

Bugun Isroilning Dayral Balahdagi Nuseyrat qochqinlar lageriga takroriy hujumida kamida 9 falastinlik nobud bo’lgan.

Bugun Bryusselda Yevropa Ittifoqi majlisida qatnashgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G’azoda haddan ziyod tinch aholi qurbon bo’lganini qoraladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG