Breaking News

Eron: AQSh kuchlari Iroqdan chiqsin


Iroq armiyasining paradi, Bag'dod, 6-yanvar, 2024-yil
Iroq armiyasining paradi, Bag'dod, 6-yanvar, 2024-yil

AQSh Iroqda Eron quvvatlaydigan jangarilarni havodan nishonga olishda davom etar ekan, Tehron Bag'dodni Amerikani haydashga undamoqda, ya'ni bu borada allaqachon yangrab kelayotgan chaqiriqlarga sherik ekanini bildirmoqda.

Eron Tashqi ishlar vazirligi Iroqda AQShga qarshi kayfiyati yuqori va sabablari aniq, degan mazmunda bayonot bergan.

Tehron nazarida Iroq hukumati va uning qurolli kuchlari mamlakatda tinchlik va barqarorlikni G'arb yordamisiz ham eplay oladi.

"Biz bu haqda qo'shnimiz Iroqqa qayta-qayta aytamiz. Amerika qo'shinlarining har qanday shaklda qolishi xavfsizlik emas, tahdiddir", - deydi Eron rasmiysi Nosir Kananiy.

Pentagonga ko'ra, Iroqdagi 2500 ga yaqin askarlarni chiqarish rejada emas. Lekin Iroq hukumati o'tgan hafta shunday jarayon boshlanadi, dega e'lon qilgan edi.

"Iroqdan qo'shinimizni olib chiqish borasida hech qanday harakat yo'q. "Islomiy davlat" va boshqa terrorchilarga qarshi amaliyotlar davom etadi", - deydi general-mayor Patrik Rayder.

Rayderning urg'u berishicha, AQShdan bunday ko'makni Iroq rahbariyatining o'zi so'ragan. Pentagonda bu masala muhokamada emas, deydi rasmiy.

2024-yilning ilk haftasida AQSh dronlari Harakat al-Nujaba degan jangari harakatning ikki a'zosini, jumladan liderini yo'q qilgan. Bu guruh Hashid al-Shaabiy degan eronparast tarmoqning bir qismi. Ularning ko'plab a'zolari hozirda Iroq armiyasiga qo'shilib ketgan.

Vashington bu hujumlarni AQSh kuchlarini himoya qilish uchun chora, deb atasa, Iroq Bosh vaziri Muhammad Shia al-Sudaniy va uning ma'muriyati koalitsiya harakatlarini agressiya deya talqin qilmoqda.

Sudaniy deydiki, Iroq bunday ishlarga toqat qilmaydi. Uning hukumati Eronga yaqin partiyalarga tayanadi. Oxirgi paytlarda bosh vazir AQSh ketsin, degan talabni kuchaytirgan.

Isroil-XAMAS orasidagi qonli urush ta'siri Iroq va butun Yaqin Sharqda sezilmoqda.

AQSh-yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya bu mojaro yangilanganidan beri tinimsiz hujumlarga uchramoqda. O'tgan uch oydan mobaynida amerikalik askarlarga 100 martadan ko'proq dron va boshqa qurollar otilgan.

Iroqdagi Islomiy muxolifat harakati, Eron bilan aloqador to'dalari ittifoqi, Isroil va Amerikaga qarshi turishini eslatib, G'arb harbiylariga xurujlar qilayotganini tan olgan.

AQSh Iroqdan tashqari Suriyada ham qo'shinga ega, 900 nafar. Ularning asosiy vazifasi - terroristlarga qarshi kurash. Fransiya, Ispaniya va Britaniya ham koalitsiyaga hissa qo'shib keladi.

Iroq 2017-yilda "Islomiy davlat" ustidan g'alaba e'lon qilgan. Biroq uning qoldiqlari mamlakat shimolida hamon faol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG