Breaking News

Tanqidchi jurnalistlarni "ovlash" uchun qator hukumatlar hamkor


Eronlik jurnalist Masih Alinejad 2021-yilda Nyu-Yorkda vatanidagi hukumat agentlari tomonidan olib qochilishdan saqlab qolingan. AQSh uni himoya qilgan.
Eronlik jurnalist Masih Alinejad 2021-yilda Nyu-Yorkda vatanidagi hukumat agentlari tomonidan olib qochilishdan saqlab qolingan. AQSh uni himoya qilgan.

Transnatsional repressiya: "Ular tanqiddan, tanqid ortidagi haqiqat oydinlashishidan xavfsiraydi. Axborot kuchdir. Uning bu hukumatlar uchun dahshatli tomoni shunda".

O'nlab davlatlar tanqidchi jurnalistlar va muxolifatchilarni yo'q qilish, ularning ovozini o'chirish yoki ularni qamoqqa olish uchun zimdan hamkorlik qiladi, deyiladi "Freedom House" (Ozodlik uyi) hisobotida.

Vashingtonda asoslangan tashkilot kamida 26 hukumat birgalikda "transnatsional repressiya" bilan mashg'ul ekanini aniqlagan.

"Ozodlik uyi" 2014-2023 yillar orasida 112 holatni tekshirib chiqqan. Turli xalqaro media xodimlari va mustaqil jurnalistlarga hamlalar qiligan, ayrimlari o'zini himoya qila olgan, boshqalari o'g'irlangan yoki majburan vataniga qaytarilgan.

Hisobot mualliflaridan biri, Jessika Uayt deydiki, "transnatsional repressiya" - qo'rqoq tizimlarga xos siyosat.

"Ular tanqiddan, tanqid ortidagi haqiqat oydinlashishidan xavfsiraydi. Axborot kuchdir. Uning bu hukumatlar uchun dahshatli tomoni shunda", - deydi u.

Bu ishlarning boshida dunyoning yetakchi avtoritar tuzumlari - Rossiya, Xitoy, Eron va ularning hamkorlari.

"Zolim rejimlarning qilmishlari haqida ma'lumot berayapsizmi, siz ularning qora kitobidasiz. Chet elda bo'lsangiz ham sizni tutishga harakat qilishadi", - deydi Maykl Abramovitz, "Ozodlik uyi" eksperti.

Transnatsional repressiya onlayn tarzda ham olib boriladi. Hukumatlar jurnalistlar va muxolifatchilarni global tarmoqlarda bosimga oladi, ularning shaxsiy hayotiga tahdid soladi, ularni qo'rqitadi.

Bunday hamlalarda manbani aniqlash juda qiyin, ammo mutaxassislar ularning tubiga eta olayapti.

O'z hududida repressiyaga usta Xitoy va Rossiya xalqaro maydonda o'ziga yoqmaydigan shaxslarni nishonga olishni ham azaldan odat qilgan.

Uyg'urlarni tutish uchun ularning oilalariga zarar yetkazish, xususan, dunyo bo'ylab kuzatiladigan holat.

"Sizning tanqidingiz uchun butun oilangiz jazolanadi", - deydi buni boshdan kechirgan Gulchehra Xoj'a, uyg'ur jurnalist.

Xitoy hukumatiga ko'ra esa "Ozodlik uyi" o'rgangan masala safsata, asossiz da'vo.

Pekinning Vashingtondagi diplomatlari deydiki, vatanda jurnalistlar erkin, agar qonunni buzmayotgan bo'lsa. Qamoqdagi uyg'urlar ham jinoyatlari uchun jazolanmoqda, deydi Xitoy rasmiylari, xususan separatizm va terrorizm.

Eronlik jurnalist Masih Alinejad 2021-yilda Nyu-Yorkda vatanidagi hukumat yollagan guruh tomondan olib qochilishdan saqlab qolingan. AQSh uni o'z himoyasiga olgan.

Tehron bu ishlar yuzasidan lom-mim demaydi.

Transnatsional repressiya hammani bezovta qilishi kerak, deydi Alinejad.

"Bu faqat muxolifatchilarga tahdid deb o'ylasangiz, xato qilasiz. Bu ishlar demokratik tizimlarga jiddiy xavf", - deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

"Demokratik qadriyatlarga qarshi hamla. Bunday repressiyani amalga oshirayotgan tomonlar sizning erkin yurtingizda ham o'z qabih siyosatlarini amalga oshirish bilan band".

Demokratik hukumatlar birgalikda chora ko'rib, ulardan madad so'ragan jurnalistlar va siyosiy faollarni aslo ortga qaytarmasligi lozim, deya undaydi "Ozodlik uyi".

Ijtimoiy media kompaniyalari esa hech kim ularning platformalarida tahdidga uchrashiga yo'l qo'ymasligi kerak. Repressiv tuzumlar odamlarni ruhan ezishga harakat qiladi, toki u gapirmay qo'ysin yoki qilayotgan ishidan to'xtasin.

Alinejad hech qachon to'xtamasligini aytadi.

"Menda qurol yo'q. Mendan qo'rqayotgan hukumat esa har tomonlama qurollangan. Shuning o'zi meni qudratli tomonga aylantiradi. Erkin so'zijm, ijtimoiy tarmoqlardagi postlarim orqali men ulardan kuchliroq ekanman", - deydi eronlik faol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG