Oq uyda yillik iftor bu safar kichik doirada o'tdi, asosan ma'muriyatda ishlaydigan musulmonlar keldi. Dasturxon atrofiga aslida butun mamlakatdan yetakchilar taklif qilingan edi, ammo ularning bir nechasi kelish niyatida emasligi aniqlangach, Prezident Jo Bayden formatni o'zgartirishga qaror qildi.
Voqea Amerika musulmonlari Oq uydan naqadar norozi ekanini, xususan Yaqin Sharqdagi qonli urushda ko'p jihatdan Bayden ma'muriyatini ayblashini aks ettiradi.
O'tgan olti oyda G'azoda Isroil hujumlaridan 33 mingga yaqin odam halok bo'ldi. Yahudiy davlat harbiy harakatlarni 7-oktabrda unga XAMAS jangarilari xurujidan keyin boshlagan. Isroil o'shanda 1200 odamini yo'qotgan.
XAMASni terror tashkiloti deb hisoblovchi AQSh nazarida Isroilning bu guruhni yo'q qilish uchun harakat qilayotgani asosli. Vashington yahudiy davlatni azaldan quvvatlab keladi va hozir ham shunday.
Lekin Amerika hukumati G'azoda tinch aholi qoni to'kilishiga qarshi ekanini ham eslatib turibdi. Falastin tarafdorlari va umuman, Isroil hujumlarini qoralovchi boshqa tomonlar ham sulhga chaqirib, Bayden ma'muriyatini urushni to'xtatish uchun yetarlicha chora ko'rmayotganlikda tanqid qiladi.
Shunday ekan, o'tgan yilgi iftorda Oq uyda Prezident Baydenga "sizni sevamiz' deya hayqirgan musulmon liderlar endi undan g'azabda. Vashingtonda norozilik namoyishlari tinmaydi.
“Bugun boshqa bir dunyodamiz”, - deydi Vail Alzayat, musulmon faollardan biri.
"Hozir bayram qiladigan payt emas. Anduhdamiz".
Alzayat o'tgan yili prezident bilan bir dasturxon atrofida o'tirgan. Bu safar taklifni qabul qilmadi, chunki "G'azoda odamlar och-nahor, o'qlar ostida".
Iftorga bormayman, deganlarga Oq uy muloqot uchun kelishni taklif qilgan, ammo ko'plar bunga ham ko'nmagan.
2020-yilda prezidentlikka saylanganida Bayden musulmon amerikaliklar tomonidan keng olqishlangan.
Alzayat deydiki, Bayden respublikachi raqibi Donald Trampdan yaxshiroq, deb targ'ib qilishning o'zi yetmaydi. Prezident, deydi u singari aktivistlar, musulmonlarga konkret o'zgarishlar qila olishini isbotlashi lozim.
Oq uyga ko'ra, 2-aprel kuni prezident va vitse-prezident bir necha musulmon liderlar bilan uchrashgan.
Ular bilan iftor qilinmasa-da, konstruktiv muloqot qilingan va u davom etadi, deydi matbuot kotibi Karin Jan-Piyer.
Musulmon tashkilotlar oylardan beri Bayden ma'muriyatini Isroilga nisbatan qattiqqo'l bo'lishga undab keladi.
Siyosat o'zgarmasa, prezident qayta saylanish uchun musulmon ovozini olmasligi kerak, degan tashabbuslar mamlakat bo'ylab avjida.
Bayden saylovchilar bilan uchrashuvlarda musulmon aholi dardini eshitayotganini aytgan.