Seshanba kuni Isroilda davlat rahbarlari va vazirlari bilan ko’rishgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Isroil Birlashgan Millatlar Tashkilotiga G’azo shimolidagi vaziyatni baholashga imkon berishga rozi bo’ldi.
Blinkenga ko’ra, urushdan qochgan g’azoliklarga uylariga qaytishga ruxsat berish lozim.
"Isroil kampaniyasi G’azo shimolida pastroq intensivlik bosqichiga o’tarkan va Isroil mudofaa kuchlari hududda qo’shinlari sonini kamaytirarkan, yahudiy davlati rahbarlari bilan muloqotda BMTga hududdagi vaziyatni baholashga imkon beruvchi rejaga kelishdik. Tashkilot mutaxassislari uylaridan qochgan falastinliklarning shimolga qaytishi uchun nima kerakligini aniqlashi lozim bo’ladi”, - dedi Blinken.
AQSh davlat kotibi XAMAS qo’ygan bombalarning ba’zilari portlamay yotgan bo’lishi mumkinligini, boshqa xavfsizlik va logistik xavotirlar borligini aytarkan, janubiy hududlarga qochgan falastinliklarga uylariga shu tobda qaytish xavfli ekanini bildirdi.
Bayden ma’muriyati G’azoda tinch aholi orasida talafotlar hamon yuqoriligidan tashvishda bo’lsa-da, sektorda sulh e’lon qilish da’vatlarini inkor etgan holda Isroilni qurol-yarog’, o’q-dori bilan ta’minlashda davom etmoqda.
"Urushning tezroq tugashi tarafdorimiz. Haddan ziyod odam nobud bo’ldi, ko’plar azob chekmoqda. Biroq Isroil 7-oktabr voqealari takrorlanmasligini ta’minlashga qaratilgan qonuniy maqsadlariga erishishi o’ta muhimdir”, - dedi Blinken.
Ayrim tahlilchilar Isroilning maqsadlari mavhum ekanini aytadi.
“Isroil maqsadlariga qachon erishishi noma’lum, chunki maqsadlar nima ekani aniq emas. XAMAS hali ham raketa otish salohiyatiga ega, Isroil armiyasiga qarshilik ko’rsatmoqda. Oq uy ma’muriyatidan yana qancha odam o’lishi kerak deya so’rab qolaman”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti eksperti Xolid Elgindi.
Isroil hujumlarida so’nggi 3 oyda G’azoda 23 mingdan oshiq odam nobud bo’ldi.
“Biz gumanitar tanaffus bo’lishi tarafdorimiz, ammo shu tobda umumiy sulhni qo’llab-quvvatlamaymiz”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
AQShda saylovga bir yildan kam vaqt qoldi. G’azoda mojaroning cho’zilishi Jo Baydenning qayta saylanish istiqboliga putur yetkazishi mumkin. Saylovlarda odatda demokratlarni qo’llab-quvvatlovchi amerikalik musulmonlar bu gal Baydenga ovoz bermasligini aytmoqda.
“Bayden ma’muriyati va jumladan Prezident Bayden qiyin ahvolda qolgan, chunki amerikaliklarning katta qismi hali ham AQSh-Isroil ittifoqini qo’llab-quvvatlamoqda. Ular Isroilga yordamning kamayishini ushbu ittifoqga tahdid deb ko’radi”, - deydi Garvard universiteti professori Melani Kammet.
Blinken chorshanba kuni G’arbiy Sohilda joylashgan Ramalloh shahrida Falastin Muxtoriyatining Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashdi. XAMAS boshqaruv doirasidan tashqarida bo’lgan ushbu hududda yashovchi falastinliklar uni sovuq qarshiladi.
AQSh XAMAS yengilganidan so’ng G’azo boshqaruvi muxtoriyat nazoratiga o’tishiga umid qilarkan, Blinken 88 yashar Abbosni muxtoriyatni isloh qilishga da’vat etganini aytdi.
Shundan so'ng Amerika rasmiysi Bahraynga ham bordi.
Isroil chorshanba kuni ham G’azoga havodan zarba bergan. Xususan Tal-Sulton shahriga hujumda o’lganlar bor, ko’p odam yaralangan, ular Abu Yusuf Najjar kasalxonasiga yetkazilgan.
"Matbuotda bu yerda nima bo’layotganini boshqacha ta’riflashmoqda. Aslida qatliom bo’lyapti”, - deydi Isroil hujumlarida yaqinlarini yo’qotgan bir odam.
Xon-Yunus ham tinmay bombardirovka qilinmoqda. G’azo shimolidan janubga qochgan odamlar u yerda ham o’zini xavfsiz his qilgani yo’q.
Xusiylar Qizil dengizda AQSh harbiy kemasiga hujum qildi
Yamanning katta qismini boshqarayotgan xusiylar Qizil dengizda Isroilga yordam berayotgani AQSh kemasi dronlar, ballistik va dengiz raketalari bilan nishonga olinganini ma’lum qildi. Zarar ko’lami haqida biror narsa deyilmadi.
AQSh harbiy vakillari hujum bo’lganini tan olarkan, AQSh va Britaniya harbiy kemalari xusiylarning 21 ta droni va raketasi urib tushirilganini bildirdi.
AQSh Markaziy qo’mondonligiga ko’ra, xusiylarning 19-noyabrdan beri 26-hujumida zarar ko’rilmagan, qurbonlar va yaradorlar yo’q,
Britaniya Mudofaa vaziri Grant Shapps Qizil dengizda kemalar harakatini to’liq tiklash kerakligini aytdi. Xusiylar hujumlari kompaniyalarni yukni boshqa yo’llardan olib o’tishga majburlamoqda.
“Mintaqada bo’layotgan ko’p yomon ishlar ortida Eron turganini yaxshi bilamiz. Eron kemalarga hujum qilayotgan xusiylarni ko’z va quloq bilan ta’minlamoqda – radar tizimlari, qurollar, harbiy uskuna beryapti. Tehrondan va xusiylardan bunday amaliyotlarga chek qo’yishni talab qilamiz. Gapimizga quloq solishmasa, oqibati yomon bo’ladi. Bu haqda 3-yanvar kuni ularni ogohlantirganmiz. Tundagi hujumlar ular bizga quloq berishmayotganini ko’rsatmoqda”, - dedi vazir.
Iroq AQSh va xalqaro koalitsiya qo'shinlarini olib chiqishini istaydi
AQShning Iroq va Suriyadagi harbiy bazalari ham hujumga uchramoqda. Vashington tegishli javob qaytarmoqda. Vaziyatning izdan chiqishidan xavotirga tushgan Iroq hukumati AQShdan qo’shinlarini Iroqdan olib chiqishni so’ragan.
“Daishga qarshi kurashish uchun Iroqning oldingi hukumatlari taklifiga ko’ra kelgan xalqaro koalitsiyaning bugun Iroqda harakatlanishi uchun asos qolmadi, chunki Daishga qarshi urush tugadi, Iroq kuchlari mamlakatni to’liq nazorat qilmoqda. Koalitsiya bilan aloqalar shakliga o’zgartirish kiritilishi zarur, toki u Iroq yoki mintaqa barqarorligiga tahdid bo’lmasin, ichki yoki tashqi kuchlar uchun nishon bo’lmasin”, - dedi Iroq Bosh vaziri Muhammad Shia al-Sudaniy.
Iroq rahbari AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari bilan xorijiy qo’shinlarni mamlakatdan chiqarish jadvaliga kelishish kerakligini aytdi.