Isroilning chorshanba kungi hujumida G’azoning al-Shati qochqinlar lagerida XAMAS rahbari Ismoil Haniyaning uch o’g’li halok bo’lgan. Isroil barchasining XAMAS a’zolari bo’lganini da’vo qiladi. Haniya o’g’illarining o’limi haqidagi xabarni Qatar kasalxonasida yarador falastinliklardan xabar olayotgan payt eshitgan.
Amir, Muhammad va Hazim Haniya hujum paytida bitta mashinada ketayotgan bo’lgan. Ular bilan birga ketayotgan kamida to’rt farzandi – uch qiz va bir bola hamda haydovchi ham halok bo’lgan.
Ular Ramazon hayitida qarindoshlarinikiga ketayotgan bo’lgani aytiladi.
Kuzatuvchilar bu voqeadan so’ng XAMAS bilan sulh bo’yicha kelishish yanada qiyin bo’lishini taxmin qilmoqda.
“Kimki muzokaralar paytida va kelishuvga yaqin qolganda bolalarimni o’ldirish XAMASni talablaridan qaytaradi deb o’ylayotgan bo’lsa, xato qiladi”, - dedi Ismoil Haniya bayonot chiqarib.
Ushbu voqeadan oldin AQSh Prezidenti Jo Bayden XAMASni Isroilning sulh bo’yicha takliflarini qabul qilishga, garovdagi isroilliklarni ozod etishga chaqirdi.
"Ish bitmaguncha harakatlarimizni to’xtatmaymiz. Sulh bo’yicha yangi taklif tushgan. AQShdan muzokaralarda Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Bill Byorns qatnashdi. XAMAS bir qarorga kelishi kerak endi”, - dedi u.
Ba’zi kuzatuvchilar mintaqada katta urush bo’lishini taxmin qilmoqda. Chorshanba kuni Eron Oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiy hayit namozidan so’ng Isroilni Suriyada Eron konsulxonasiga hujumda eronlik generallarni o’ldirgani uchun jazolashga do’q-po’pisa qildi.
Eron-Isroil to’qnashuvidan xavotirga tushgan Germaniyaning “Lyuftganza” aviakompaniyasi Frankfurtdan Tehronga kundalik yo’lovchi parvozlarni vaqtincha to’xtatishga qaror qildi.