"O'zbekiston Respublikasi Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvining yangi bosqichidan chuqur xavotirda", deya bildirmoqda Tashqi ishlar vazirligi.
"O'zbekiston tomoni barcha taraflarni bosiqlikka, harbiy harakatlarni davom ettirishdan tiyilishga hamda mojaroni eng qisqa fursatlarda siyosiy tartibga solish uchun mumkin bo'lgan barcha choralarni ko'rishga chaqiradi".
Toshkent nazarida Yaqin Sharqdagi keskinlikning avj olishi yanada jiddiy oqibatlarga va keng ko'lamli harbiy qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin.
Mirziyoyev ma'muriyati Eron va Isroilnni tilga olmasa-da, bu bayonoti bilan o'tgan kunlar ichida islomiy respublika va yahudiy davlat orasidagi qurolli to'qnashuv ketidan bildirilmoqda.
O'zbekiston hukumati xalqaro masalalarda o'z pozitsiyasini mana shunday mavhum tarzda izohlashga odatlangan, ammo bu chaqiriqlar Toshkentda Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashining strategik muloqoti, xususan tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig'ilishi o'tgan paytda berildi.
Yig'inda Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri, Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi 44-sessiyasi raisi shayx Muhammad bin Abdulrahmon al-Soniy; Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi; Bahrayn, Kuvayt, Saudiya Arabistoniva O'mon tashqi ishlar vazirlari; Birlashgan Arab Amirliklari Prezidentining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili, energetika va sanoat vaziri; Qatar tashqi ishlar davlat vaziri; Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o'rinbosari - tashqi ishlar vaziri; Qirg'iziston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari; Qozog'iston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri faxriy mehmon sifatida qatnashgan.
Majlis ketidan Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyevning ma'lum qilishicha, Markaziy Osiy va Ko'rfaz arab davlatlari o'rtasida siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o'zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.
2023-yilning 19-iyulida Jidda shahrida o'tgan birinchi sammitdagi kelishuvlar amaliyoti ham sarhisob qilingan.
Strategik muloqot va hamkorlik bo'yicha 2023-2027-yillarga mo'ljallangan qo'shma harakatlar rejasi mavjud, deydi rasmiylar, kim nima qilishi lozimligini biladi.
Toshkentdagi muloqotda Afg'oniston, Falastin-Isroil mojarosi va boshqa mavzular bo'yicha fikr almashilgan. Diplomatlar Eron-Isroil urushi xususida ham gap ketgani haqida lom-mim demaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mehmonlarni birma-bir alohida qabul qilgan. Ular bilan ikki tomonlama rishtalar haqida gaplashar ekan, O'zbekiston rahbari Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham to'xtalgan. Prezident matbuot xizmat aynan nimalar deyilganini oshkor etmagan. Fikr almashildi, deya tasvirlash bilan cheklangan.