Breaking News

Bayden talaba namoyishlariga munosabat bildirdi


AQShdagi ayrim kollej va universitetlarda Falastinga xayrixoh namoyishlar boshlanganidan bir necha hafta o’tib, Prezident Jo Bayden norozilik demokratiyaning muhim qismi ekanini aytgan holda tartibsizlikka berilmaslik kerakligini eslatdi.

Xalqaro hayot - 3-may, 2024-yil - Bayden talaba namoyishlarini izohladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:13 0:00

“Bilvosita muammolarga munosabat bildirish uchun tinch namoyish qilish amerikaliklar uchun ajoyib an’anadir. Ammo biz qonunsiz mamlakat emasmiz. Madaniyatli jamiyatmiz, tartib ustun bo’lishi kerak”, - dedi u.

Bayden respublikachilarni tartibsizlikdan saylov kampaniyasi uchun foydalanayotganlikda aybladi.

“Shunaqa paytlarda hamisha siyosiy ochko to’plashga oshiqadigan odamlar bo’ladi. Ammo hozir siyosiy o’yinlar mavridi emas. Aniqlik mavridir”, - dedi prezident.

Respublikachi qonunchilar Baydenni qonunsizlik va antisemitizmga ko’z yumayotganlikda ayblamoqda.

“Prezidentning so’zlovchilari emas, uning o’zi adovatga to’la kichik G’azolarni qachon qoralaydi? Prezident Bayden universitetlarimizda XAMASga hamdard talabalarni qoralab, isroilliklar omon qolish uchun adolatli urush olib borayotganini ikkilanmasdan aytishi kerak”, - deydi respublikachi senator Tom Kotton.

Namoyishlar noyabrda bo’ladigan prezident saylovidan oldin Bayden uchun boshog’riq bo’layotgani aytiladi.

Odatda demokratlarga ovoz beradigan yoshlar, progressiv demokratlar, arablar va amerikalik musulmonlar politsiyaning namoyishlarni bostirayotganidan va Baydenning Isroilga qat’iy xayrixohligidan norozi.

“Muammo o’z-o’zidan tez hal bo’lib ketmaydi. Ammo otashkesim, boshqa narsalar bu ishda yordam berishi mumkin. Sulh qachon bo’ladi? Yoki G’azodagi hozirgi urush saylovgacha cho’ziladimi? Shunday bo’lgan taqdirda, o’ylaymanki, bu Prezident Baydenga o’ta qimmatga tushadi”, - deydi Virjiniya universiteti professori Larri Sabato.

Baydenning saylovdagi raqibi, sobiq prezident Donald Tramp uning hozirgi yondashuvini tanqid qilarkan, universitetlarda namoyishlarning politsiya tomonidan tarqatilishini olqishladi.

"Politsiya kelib, ishni ikki soatda bitirdi. Ajoyib tomosha bo’ldi”, - dedi Tramp.

18-apreldan beri politsiya kollej va universitetlarda 1800 dan ziyod odamni hibsga oldi.

Falastinga xayrixoh namoyishlar Avstraliyaning Sidney universitetida ham o’tgan haftadan beri o’tkazilmoqda. Unda yuzlab odam qatnashyapti.

"G’azodagi qatliomga sherik bo’lishdan bosh tortayotgan millionlab odamlardan iborat talaba harakati dunyo bo’ylab shakllanayotgani muhimdir”, - deydi “Talabalar Falastin uchun” guruhining asoschisi Shovan Bxattaray.

Sidney universiteti ma’muriyati tartibsizlik va zo’ravonlik bo’lmasa, namoyishlarni man qilmoqchi emas.

Kanadaning Toronto universitetida namoyish qilayotgan Erin Maki ismli qizning aytishicha, Isroil hujumlari natijasida G’azodagi 12 ta universitetning barchasi vayron bo’lgan, ko’plab oilalar nobud bo’lgan.

“Men bu yili bitiryapman. Bundan juda xursandman. Ammo G’azoda o’qishini bitira olmayotgan minglab talaba bor. Ular bitiruvni nishonlay olmaydi, chunki yaqinlari o’ldirilgan”, - deydi u.

Kanadalik bu talabalar universitet ulardan o’qish uchun pulni olib, Isroilni qo’llab-quvvatlayotgan kompaniyalarga sarmoya qilayotganini qoralamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG