Breaking News

Ukrainada G'azodagi urushga munosabat qanday?


Ukraina musulmonlari: Yaqin Sharq ziddiyatiga munosabat o’zgarmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:04 0:00

Ukraina - Yaqin Sharqqdagi ziddiyatda Isroilni shaksiz qo’llayotgan davlatlardan biri. Kiyev XAMAS, keyinchalik Eron tomonidan Isroilga qilingan hujumlarni keskin qoralab chiqqan, Prezident Volodimir Zelenskiy bu hujumlarni Isroilga qilingan terror xuruji sifatida baholagan.

Shu bilan bir qatorda Kiyev Falastinda minglab tinch aholi o’ldirilganiga doir biror munosabat bildirgani ma’lum emas. Xalqaro maydonda, BMT miqyosidagi muhokamalarda ham Ukraina asosan Isroil tomonida.

Bu Rossiyaning Ukrainaga urushi, Ukrainani qo’llayotgan davlatlar, ayniqsa AQSh Isroilning yaqin ittifoqchisi ekanligi bilan bog’liq ko’riladi.

Ammo Kiyevning bu pozitsiyasi Ukrainada yashayotgan minglab musulmonlar tomonidan qo’llanmoqda deyish qiyin. Aksincha, ular ukrainlarning Yaqin Sharq ziddiyatiga munosabatida o‘zgarishlar bo’layotgani, Falastin xalqiga nisbatan tajovuz anglab yetilayotgani haqida gapirishmoqda.

Ukraina musulmonlari muftiysi Murat Sulaymenovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, jamoatchilikning Falastin muammosiga qarashlarida o’zgarishlar kuzatilmoqda, bu kelajakda rasmiy bayonotlarda ham o’z aksini topishi mumkin.

“Ukrainada yashayotgan musulmonlar G’azodagi vaziyatni kuzatib turibdi, bu zo’ravonliklarga qarshi. Ukraina musulmonlari 70 yildan buyon G’azoda falastinliklar genotsidiga qaratilgan siyosat yuritilayotganidan yaxshi xabardor. Biz musulmonlarmiz, bunga qarshimiz. Ammo Ukraina jamoatchiligidagi umumiy munosabatda jiddiy farqlar bor. Shuni ta’kidlamoqchimanki, G’azoda navbatdagi ziddiyat avjga chiqqanda ko’plab ukrainlar Isroil tomonida edi, hozir manzara o’zgarmoqda. Nega deganda ukrainlar ham Isroil hukumati maqsadini anglab yetishmoqda. Ko’plab ukrainlar ziddiyat sababi haqida to’liq tushunchaga ega emas edi. Ularga sabablarini tushuntirish muhim. Buning oqibatida ukrainlar qarashidagi o’zgarishlarga guvoh bo’lyapmiz. Ammo bundan qat’i nazar, aksariyat ukrainlar Isroilni qo’llashini inkor eta olmaymiz”, - deydi Sulaymenov.

Musulmonlar Ukraina jamiyatining bir qismi, mamlakatdagi an’anaviy pravoslav nasroniylardan keyingi yirik diniy jamoalardan biri.

Rossiya Qrimni ishg’ol qilishi ortidan tazyiqlardan qochgan qrim-tatar musulmonlari ham Ukraina markaziy shaharlariga ko’chib kela boshlashdi.

Ukraina qurolli kuchlari tarkibida musulmonlardan tashkil topgan bir nechta batalyonlar mavjud, armiya safida Rossiyaga qarshi urushayotgan musulmonlar ham ko’p.

Shunday musulmonlardan biriga ko’ra, Ukraina hukumatining Yaqin Sharq bo’yicha pozitsiyasi musulmonlarning Rossiyaga qarshi urushga otlanishiga to’siq emas, chunki urush vatan, Ukraina himoyasi uchun kechmoqda.

Kiyevdagi machitga juma namoziga kelgan ukrainalik musulmon yigitiga ko’ra, Ukraina hukumatining Isroil bo’yicha pozitsiyasi musulmonlarga yoqmas, ammo jamoatchilikda mavjud boshqa bir kayfiyatni ifodalaydi:

“Albatta, G’azoda ayollar, bolalar o’layotganiga guvoh bo’lib turganingda Ukraina hukumati tutgan pozitsiya hafsalani pir qiladi. Musulmonlar, shaxsan men o’zim ham ukrain do’stlarimga G’azoda nimalar bo’layotganini tushuntirishga harakat qilaman, lekin ko’pchilikning tasavvuri aynan bu yerdagi televideniyega qarab shakllangan. Afsuski, Ukraina faqat tanganing bir tomonini ko’rish bilan cheklanib qolyapti”, - deydi u.

Ukraina aholisi urushgacha bo’lgan hisobotlarda 40 million kishi atrofida qayd qilingan, shundan 2 millionga yaqini musulmonlar deb baholangan.

Rossiya boshlagan urush bu ko’rsatkichni qanchalik o’zgartirgani noma’lum.

Ukrainadagi taniqli imomlardan biri Said Ismagilov ma’lumotiga ko’ra, Ukraina aholisining 0,2 foizni, Ukraina qurolli kuchlarining esa 2 foizini musulmonlar tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG