Xamas va Isroil o`rtasidagi urush shundoq ham beqaror gesiyosiy vaziyatni yanada taranglashtirdi.
Bu, ayniqsa, bir yarim yildirki Rossiya bosqiniga qarshi davom etayotgan Ukraina urushi, ittifoqchilarning Ukrainaga harbiy ko´magi masalasiga o’z ta’sirini o’tkazishiga doir xavotirlar bor.
BMT bu qonli to’qnashuvni to’xtatishga chaqirmoqda, ammo dunyo Xamas va Isroilga nisbatan ikki tomonga ajralgan. G’arb Isroilni dastaklayotgan bo’lsa, aksariyat musulmon davlatlari Falastinni qo’llayapti.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Isroilni shaksiz qo’llab chiqdi, Xamas hujumini Rossiya terroriga qiyosladi. Bu Ukrainaning islom dunyosi bilan munosabatiga ta’sir qilishiga doir farazlar ham bor.
Ukrainaning o’zida ham musulmonlar ko’p, ular ukrain armiyasi tarkibida Rossiyaga qarshi kurashmoqda. Ukrainadagi musulmonlarning eng yirik jamoasi bu qrim-tatarlar.
“Amerika Ovozi” gaplashgan qrim-tatar faollari Prezident Zelenskiyni qo’llashadi, Yaqin Sharqdagi vaziyat beqarorlashi ortida Rossiya turgani ehtimolini soqit qilishmaydi.
Qrim-tatar faoli Erfan Quddusov “Amerika Ovozi”ga Isroil va Falastin ziddiyati Ukrainadagi vaziyatiga qanday ta’sir ko’rsatishi ehtimoli haqida o’z mulohazalarini bildirdi.
Erfan Quddusov: Rossiya-Ukraina urushi barobarida dunyodagi vaziyat qaltislashishi kutilayotgan edi, chunki Rossiya o’z misolida xalqaro huquqiy normalarni, chegaralarni buzish mumkinligini ko’rsatdi. Rossiya o’zining terror siyosati bilan G’azo bo´lgasidagilar uchun ham o’rnak vazifasini o’tab berdi. Ishonaman, Yaqin Sharqdagi bu ziddiyat Rossiya ishtirokisiz bo’lmagan, chunki ijtimoiy tarmoqlarda ko’ryapmiz, Falastinni qo’llab chiqqan qator musulmon liderlari qatoriga Putining suratlari qo’yilgan, ko`plab arablar, falastinliklar uni xaloskor siyosatchi sifatida ko’rmoqda.
Amerika Ovozi: Yaqin Sharqdagi bu keskinlik Ukrainadagi vaziyatga qanday ta’sir ko’rsatadi?
Erfan Quddusov: Buning siyosiy oqibatlari Ukrainada ham albatta bilinadi. Ukrainada ham minglab musulmonlar, yahudiylar yashaydi, ularning ko’plari qurolli kuchlar safida Rossiyaga qarshi kurashmoqda. Bugun dunyo uchun Rossiya bilan urush demokratiya va avtoritarizm o’rtasidagi tanlovga ham aylangan. Diktatura rejimlari diqqat markazini Ukraina urushidan Yaqin Sharqqa ko`chirmoqchi. Ular butun dunyoda, jumladan, Ukrainada ham dinlar, millatlar o’rtasida adovat qo´zg’ashdan manfaatdor. Chunki kuzatyapman, Ukrainada ham turli munozaralar kechmoqda, hamma ham masala mohiyatini tushunib yetmagan. Shunday ekan, albatta bu Ukrainaga ham o’z ta’sirini o’tkazmoqda.
Amerika Ovozi: Siz Ukrainada minglab musulmonlar yashashini aytdingiz, Prezident Zelenskiyning Isroilni shaksiz qo’llab chiqishi Ukrainadagi musulmonlar, umuman, islom dunyosi bilan aloqalarga qanday ta’sir qiladi?
Erfan Quddusov: Zelenskiy prezident sifatida davlatning rasmiy pozitsiyasini bildirdi, Isroilni qo’llab-quvvatladi. Lekin men ham, biror davlat lavozimida bo’lmagan, musulmon qrim-tatari sifatida shunday pozitsiyani quvvatlayman. Lekin men tinch aholi o’ldirilishiga, ommaviy bombardimonlarga qarshiman. Urushni Isroil emas, terrorchi tashkilot Xamas boshladi. Xamas 20 yil muqaddam hokimiyatga kelganida, tinchlik muzokarasi tarafdori bo`lgan muxoliflarini shu usulda yo’q qilgan edi. Ukrainada musulmonlar ko’p, qrim-tatarlar tub aholi, ulardan tashqari ozarbayjonlar, o’zbeklar, qirg’izlar, turklar jamoalari bor. Ular Rossiyaga qarshi urushga o´z hissasini qo´shmoqda. Afsuski, ko’plar Xamas qanday tashkilot ekanligini bilmaydi, uning hokimiyatga kelishidan boshlangan terror xurujlari bugungi oqibatlarga ulanishi aniq edi. Ziddiyatning boshqa bir ta’siri esa, keskinlik to’laqonli urushga aylanib ketgan taqdirda, Ukrainaga ko’rsatilayotgan harbiy texnik yordam masalasi ham qiyinlashishi mumkin.