Breaking News

Isroil va XAMAS sulhga kelisha olmadi


Rafahdan qochayotgan falastinliklar
Rafahdan qochayotgan falastinliklar

Isroilning Rafahga qo’shin kiritish rejasidan norozi Qo’shma Shtatlar yahudiy davlatga hujumkor qurollar uzatishni to’xtatib qo’yganiga qaramay, Isroil shaharga tinmay hujum qilmoqda.

Xalqaro hayot - 10-may, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:12 0:00

Isroil va XAMAS o’rtasida sulh bo’yicha Qohirada o’tgan muzokaralar natija bermagani aytiladi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga ko’ra, XAMASning 24 ta batalyonidan 20 tasi yo’q qilingan, qolgan to’rttasi Rafahda, shu sabab u yerga qo’shin yuborish kerak.

Netanyaxu AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan kelishmovchiliklarni hal qilish umidida ekanini aytdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil Rafahga qo’shin kiritsa, tinch aholi orasida qurbonlar ko’p bo’lishi, G’azoga gumanitar yordam yetkazish qiyinlashishi haqida ogohlantirmoqda.

Yukning asosiy qismi sektorga Misr bilan chegaradagi Rafah orqali kirayotgan edi, biroq Isroil uni yopib qo’ydi.

“So’nggi besh kundan beri G’azo Sektoriga na yoqilg’i, na gumanitar yordam kirmoqda. Aholi jabr ko’ryapti. Yoqilg’i bo’lmasa, gumanitar faoliyatni olib borish imkoni ham bo’lmaydi”, - deydi BMTning Bolalar jamg’armasidan Xamish Yang.

Yoqilg’isiz kasalxonalar, tez yordam xizmati ham ishlamaydi.

Isroil Rafah aholisiga shaharni tark etishni buyurgan. So’nggi besh kunda 100 mingdan ziyod odam ketgani ma’lum.

AQSh G’azoga gumanitar yordam yetkazishda muhim bo’lgan iskala qurilishini tugatdi

Bu o’rtada AQSh harbiylari O’rta yer dengizining G’azoga yaqin qismida sektor uchun gumanitar yordam to’plashga xizmat qiluvchi iskala qurilishini bitirdi. 9-may kuni gumanitar yuk ortilgan ilk kema Kipr portidan yo’lga chiqdi.

“Kema yukni iskalada tushirib, yangi yuk olish uchun Kiprga qaytadi. Xavfsizlik, ob-havo sharoitlarini hisobga olishga majburmiz”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Pet Rayder.

G’azoda vaziyat kun-sayin yomonlashar ekan, sektorda oziq-ovqat zaxirasi tugab bormoqda.

“G’azoda yashovchi ikki million falastinlik ocharchilik yoqasida turibdi. Yaqin o’tmishdagi tarixda eng yomon vaziyat bu”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Maykl Oxanlon.

Unga ko’ra, havodan uloqtirilayotgan hamda yuk mashinalarida olib kirilayotgan gumanitar yordam yetarli emas.

Iskala G’azoga bir kunda gumanitar yuk ortilgan 150 tagacha mashinaning kirishiga imkon beradi.

“Iskala hududga zarur miqdorda yuk yetkazishga yordam beradi”, - deydi Brukings instituti eksperti.

Iskalada ishlayotgan AQSh askarlari hamda sohil bo’yida yordamni taqsimlaydigan odamlar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralar ko’rilgani aytiladi. Mandatory CG:

“Agar XAMAS haqiqatan Falastin xalqi haqida qayg’urayotgan bo’lsa, gumanitar yordamga xavf solmaydi degan umiddaman. Yordamni muhtojlarga tezroq yetkazish uchun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilamiz”, - deydi Pentagon rasmiysi.

Iskala sohildan 300 kilometr narida bo’lib, gumanitar yuklar avval Kiprga yetkazilib, u yerda tekshiruvdan o’tadi, so’ng yuk kemalarda iskalaga yetkaziladi, u yerda esa yuk mashinalariga ortilib, ularni sohilgacha AQShga qarashli harbiy kema va qayiqlar olib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG