Breaking News

AQSh Isroilga hujumkor qurollar uzatishni to’xtatib qo’ydi


AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Senatdagi tinglovda Isroilga hujumkor qurollarni uzatish vaqtincha to'xtatilishi haqida ma'lum qildi.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Senatdagi tinglovda Isroilga hujumkor qurollarni uzatish vaqtincha to'xtatilishi haqida ma'lum qildi.

Isroilning G’azo Sektoridagi Rafah shahrida harbiy amaliyotni kengaytirish rejasidan xavotirga tushgan Bayden ma’muriyati yahudiy davlatga hujumkor qurollarni yuborishni vaqtincha to’xtatib qo’ydi.

Xalqaro hayot - 9-may, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:32 0:00

Oq uy Isroilni bunday bo’lishi haqida aprel boshidan beri ogohlantirib kelgan. Biroq Isroil AQSh da’vatlariga quloq solmadi, Rafahga hujumlarini kuchaytirdi, ko’plab begunoh insonlarning o’limiga sabab bo’ldi.

“Rafahda sodir bo’layotgan voqealar fonida Isroilga yaqin muddatli xavfsizlik yordamini uzatish qayta ko’rib chiqilmoqda”, - deydi Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

AQSh Isroilning XAMASga qarshi amaliyotiga e’tiroz bildirmaydi, ammo yirik hujum ko’plab fuqaroni nobud qilishi haqida ogohlantirib keladi.

8-may kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden CNN telekompaniyasiga bergan intervyusida Isroilga qarata ilk bor qattiq gapirdi.

“Agar ular Rafahga qo’shin kiritishsa, qurol uzatmasligimizni aniq aytdim”, dedi u.

Inson huquqlari tashkilotlari va universitetlarda namoyish qilayotgan talabalar Isroilni gumanitar qonunlarni buzayotganlikda ayblab, Oq uydan Isroilga qurol uzatishni bas qilishni ko’pdan beri talab qilib keladi.

Demokratlar partiyasidagi progressiv qonunchilar ma’muriyat qarorini olqishlamoqda, respublikachilar, aksincha, tanqid qilmoqda.

“Urushni mikro darajada boshqarishni xohlayapsizmi? Pyorl-Xarborga hujumdan so’ng Yaponiyaga ikkita atom bombasi tashlaganmiz. Amerikada kimdir bu haqda qayg’urdimi?”, - deydi senator Lindsi Grem.

AQSh rasmiylari Isroildan Rafahda tinch aholiga zarar yetkazmaydigan reja ishlab chiqishni so’ragan. Isroil rejasidan qoniqmagan Oq uy qurol va o’q-dori uzatishni o’tgan hafta to’xtatib qo’ymoqchi edi.

Isroil AQShdan og’irligi 900 kilogrammdan bo’lgan 1800 ta, salkam 250 kilogrammlik 1700 ta bomba hamda boshqarilmaydigan bombalarni aniq boshqariladigan o’q-doriga aylantiradigan maxsus moslamalarni kutmoqda.

8-may kuni Oq uy Isroil Amerika qurollari bilan gumanitar qonunni buzayotgani haqidagi hisobotni Kongressga taqdim etishi kerak edi.

“Hisobot ustida ishni yakunlashda davom etamiz va yaqin kelajakda uni taqdim etamiz”, - deydi Davlat departamentining so’zlovchisi Mettyu Miller.

Bayden Amerika bombalaridan G’azoda tinch aholi o’lganini tan olarkan, AQSh Isroilni mudofaa qurollari, jumladan “Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimi uchun raketalar bilan ta’minlashda davom etishini bildirdi.

Amerikadagi ayrim universitetlarda bitiruv marosimlari bekor qilindi

Bu o'rtada AQShda talabalarning G’azodagi urushga qarshi namoyishlari sabab bitiruv marosimlari universitetlarda boshqa kunga qoldirilmoqda yoki bekor qilinmoqda.

Xususan Nyu-Yorkning Kolumbiya universiteti asosiy bitiruv marosimidan voz kechdi, uning o’rniga fakultetlarda kichikroq tadbirlar bilan cheklandi.

“So’nggi bir necha hafta hammamiz uchun qiyin bo’ldi. O’qishning birinchi yili onlayn edi, endi esa bu”, - deydi bir talaba.

Ba’zilar namoyishchilar qo’ygan chodirli lager yig’ishtirilganiga qaramay, bitiruv marosimi o’tkazilmaganidan norozi.

“Universitet bizga lagerning o’rnatilgani va namoyishchilarning harakatlari sabab tadbir bekor qilinishi mumkinligini bildirgan edi, ammo lagerning katta qismi yo’q hozir”, - deydi boshqa bir talaba.

Amerikaning ayrim oliy o’quv yurtlari so’z va uyushish erkinligiga doir siyosatini yangilashga, yana ba’zilari namoyishchi talabalar bilan muzokaraga kirishdi.

Nyu-Jersidagi Ratgers universiteti Arab madaniyat markazini ochishga rozi bo’ldi.

“Bu hozir juda qaynoq siyosiy mavzu ekan, talabalar ularning fikrlariga quloq solishlarini istashadi. Ular bilan muloqot boshlash g’oyasini to’g’ri deb bilaman”, - deydi Shaxs huquqlari va ifodasi uchun jamg’armadan Zak Grinberg.

Namoyishga chiqqan talabalar universitetlaridan G’azodagi urushga aloqador kompaniyalar bilan aloqani uzishni, aksiyalaridan voz kechishni talab qilmoqda.

Janubiy Kaliforniya universitetida ham bitiruv marosimi bekor qilindi, Michigan universitetida esa namoyishchilar tadbirni izdan chiqarishga harakat qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG