Breaking News

AQShda Isroilga qarshi namoyish qilgan talabalarni nima kutyapti?


Jorj Vashington universiteti talabalari Isroilning G'azo urushiga qarshi namoyish o'tkazmoqda, 2024-yil, 6-may.
Jorj Vashington universiteti talabalari Isroilning G'azo urushiga qarshi namoyish o'tkazmoqda, 2024-yil, 6-may.

AQSh oliy o’quv yurtlarida Isroilning G'azo sektoridagi urushiga qarshi namoyishlarda qatnashgani uchun minglab odam hibsga olinish tahdidi bilan yuzlashmoqda.

Xalqaro hayot - 8-may, 2024-yil - G'azoda otashkesim uchun harakat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:40 0:00

Nyu-Yorkdan Los-Anjelesgacha bo’lgan turli shaharlarda politsiya namoyishchilar o’rnatgan palatkalarni zo’ravonlik bilan yiqitib, u yerda yig’ilganlarni hibsga oldi.

Hukumatni ochiq tanqid qilish huquqi va uning siyosatiga norozilik bildirish uchun yig'ilish huquqi AQSh Konstitutsiyada mustahkamlangan. Norozilik namoyishlarini tarqatish mamlakatda nozik mavzu hisoblanadi.

Ammo federal qonun so'z erkinligini kafolatlagan bo'lsa-da, bu erkinlik cheksiz emas.

Fuqaroviy itoatsizlikni tanlash

Asrlar davomida federal sudlar nutqqa, xususan, "vaqt, joy va usul" bilan bog'liq sabablar bilan ba’zi cheklovlarni qo’yishga ruxsat berib kelgan.

AQShda Fuqarolik Huquqlari harakati nomi bilan tanishgan norozilik namoyishlari paytida qatnashchilar ko'pincha bu cheklovlarni bila turib va maqsadli ravishda buzgan. Bunday harakat fuqaroviy itoatsizlik deb ataladi.

Mamlakat bo'ylab turli shtatlarda G'azodagi urushga qarshi namoyishga chiqqan talabalar xususiy mulkka ruxsatsiz kirish va noqonuniy yig'in o’tkazish kabi turli ayblovlar bilan yuzlashmoqda. Hibsga olinganlarning ko'pchiligi qamoq va boshqa jazolarga tortilishi mumkin. Ular universitetlarning ichki tartib-intizomi bo’yicha ham javobgarlikka tortilishi mumkin.

Konstitusiyaga kiritilgan birinchi o’zgartirish

AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan Birinchi o'zgartirish amerikaliklarning so'z va yig'ilishlar erkinligini kafolatlaydi. Unda shunday deyilgan:

"Kongress so'z yoki matbuot erkinligini yoki odamlarning tinch yo'l bilan yig'ilish va shikoyatlarni hal qilish uchun hukumatdan iltimos qilish huquqini qisqartiradigan hech qanday qonunni qabul qilmaydi".

Ammo shuni ta'kidlash kerakki, Birinchi o’zgartirish xususiy shaxslar va muassasalarga emas, balki faqat federal va shtat hukumatlariga tegishli.

"Davlat universitetida Birinchi o’zgartirish ushbu muassasa namoyishchilarga nisbatan nima qilishi mumkinligini tartibga soladi", - deydi Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqining nutq, maxfiylik va texnologiya loyihasi advokati Vera Eydelman.

Xususiy universitetlar esa so’z erkinligi bo’yicha o’z tartib-qoidasini o’rnatishi mumkin.

“Mazmunan neytral va xabarni bostirishga qaratilmagan qoidalarni, odatda, hukumat qoʻllashi mumkin”, - deydi Eydelman.

Hamma ham neytral emas

Fuqarolik erkinliklari himoyachilarining ta'kidlashicha, norozilik namoyishlariga qarshi ko'rilayotgan ba'zi cheklovchi choralar Birinchi o’zgartirishga ko'ra ruxsat etilmagan nutqning ayrim turlarini yopish uchun hukumat ko’radigan choralarga misol bo’la oladi.

Talabalarning kampusda norozilik bildirish huquqini himoya qiluvchi shtat qonuniga ega Texasda gubernator Greg Abbott Ostindagi Texas universitetida Falastin tarafdori bo’lgan talabalarning norozilik namoyishi oʻtkazishiga yoʻl qoʻymasligini bildirib, namoyishlarni bostirish uchun huquq-tartibot xodimlarini yubordi.

Abbottning ta'kidlashicha, namoyishlarni "antisemitizm"ni to’xtatish uchun bostirgan. Fuqarolik huquqlari himoyachilarining fikricha, bu da'vo nutqni bostirishni oqlamaydi.

Namoyishlarning oqibati

Oxirgi bir necha hafta ichida hibsga olingan minglab namoyishchilar uchun oqibatlar har xil bo'lishi mumkin.

Masalan, Ostinda reyd paytida hibsga olingan o'nlab namoyishchilarning aksariyatidan ayblovlar darhol olib tashlandi. Prokurorlar ayblov qo'yish uchun yetarlicha asos topa olmagach, ular tezda hibsdan ozod qilingan.

AQShda politsiya qonuniy ravishda shaxsni sudya oldiga olib kelgunga qadar va noqonuniy faoliyatda rasman ayblov qo’yilgungacha 48 soat hibsda ushlab turishi mumkin.

Namoyishchilar duch keladigan ayblov turlari har xil. Ba'zilari nisbatan kichik bo'lib, maksimal jazo jarimadan iborat. Boshqalar esa ancha jiddiyroq oqibatlarga duch kelishi mumkin. Kolumbiya universitetida hibsga olingan, politsiya tomonidan olib ketilgunga qadar kampus binosiga bostirib kirgan va egallab olgan ba'zi talabalar uchun jazo yanada og’ir bo’lishi mumkin.

"Biz odamlarning og'ir jinoyatlarda ayblanayotganini ko'rdik, - deydi huquqshunos Trisha Trigilio. - Mana, Nyu-Yorkda odamlarni o'g'irlikda ayblashdi. Politsiya va namoyishchilar o'rtasida bunday hissiyotli to’qnashuvlar yuz berganda, politsiya odamlarni ofitserga hujum qilishda yoki qarshilik ko'rsatishda ayblashi tez-tez uchrab turadi".

AQShda jinoyat uchun sudlanganlik jiddiy yuk bo'lishi mumkin. Ba'zi shtatlarda jinoyatchilar ovoz berish huquqidan mahrum bo'lib, ko'p hollarda jinoyat insonning ish topishini qiyinlashtiradi.

Ammo oddiygina jinoyatda ayblanish ham zarar keltirishi mumkin, chunki ko'plab yurisdiktsiyalarda ayblanuvchi hibsdan ozod etilishidan oldin naqd garov pulini to'lashi talab qiladi.

"Yaqinda o'tkazilgan tadqiqot shuni ko'rsatdiki, ko'pchilik amerikaliklar favqulodda vaziyat uchun 400 dollar ham to'lashga qodir emas, deydi Trigilio. - Odamlarning qamoqdan chiqishi uchun naqd pul garovi uchun bundan ancha katta to'lovlarni talab qilishi odatiy holdir".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG