Breaking News
Din

Amerika musulmonlari ko'proq qanday maqsadlar uchun xayriya qilmoqda?


Ramazon oyida Amerika bo'ylab musulmonlar ro'za tutib, ibodat qilar ekan, ko'pchilik G'azo va boshqa muhtoj joylarga yordam beradigan xayriya tashkilotlariga ham xayr-ehson qiladi. Ammo, odatda, amerikalik musulmonlar qiladigan ehsonlarning asosiy qismi AQShning o’zida qoladi. Bu mablag’lar, asosan, qashshoqlikka qarshi kurash va sog'liqni saqlashni yaxshilash kabi ishlarga sarflanadi.

"Amerikalik musulmonlar haqida odamlardagi afsonalardan biri - ular butun pullarini xorijga jo'natishlaridir", - deydi Indiana universiteti musulmon xayriya tashabbusi direktori Shariq Siddiqiy.

Aslida, Siddiqiyning aytishicha, musulmon amerikaliklar har yili beradigan 4,3 milliard dollarlik ehsonning 85 foizi AQShning o’zida qoladi. Bundan tashqari, bu pulning 50 foizi musulmonlar boshchiligidagi tashkilotlarga ketadi; 40 foizga yaqini esa musulmon bo'lmagan guruhlarni qo'llab-quvvatlaydi.

"O'ylashimcha, odamlarni hayratda qoldiradigan narsa shundaki, musulmon amerikaliklar ham ko'pchilik amerikaliklar kabi: ular Qo'shma Shtatlarning boshqa dindagi odamlari qo’llayotgan sabab va omillar asosida ehson qiladi", - dedi Siddiqiy.

Musulmonlar saxovatliroq

AQShda, taxminan, 3,5 million musulmon bor; bu aholining taxminan 1,1 foizini tashkil qiladi. Siddiqiy tadqiqotining ko’rsatishicha, e'tiqodga asoslangan va e'tiqodga bog’liq bo’lmagan maqsadlar yo’lida musulmon amerikaliklar musulmon bo'lmaganlarga qaraganda jon boshiga ko'proq xayriya qiladi. Ular mahalliy oziq-ovqat markazlari va uysizlar uchun boshpanalardan tortib, shifoxonalar va universitetlargacha bo'lgan keng ko'lamli maqsadlarni qo'llab-quvvatlaydi.

"Musulmonlar turli yo’llar bilan ehson qiladi", - deydi Amerika Musulmon jamiyati jamg'armasi asoschisi Muhi Xo’ja.

Musulmonlarning saxiyligi Ramazon oyida eng yuqori cho'qqiga chiqadi. Chunki Ramazon oyida Islomning besh ustunidan ikkitasi bo‘lgan ro‘za tutish va sadaqa bir-biri bilan chambarchas bog’liq bo’ladi. Sadaqa berish uchun belgilangan vaqt yo'q bo'lsa-da, musulmonlar Ramazonning alohida diniy ahamiyatga ega ekanligiga va bu oyda qilingan xayr-ehsonlar uchun Xudo savobni ko'paytirishiga qat'iy ishonadilar.

Natijada, butun dunyoda bo'lgani kabi, AQShda ham dindor musulmonlar Ramazon oyida zakot deb nomlanuvchi sadaqa majburiyatini bajarishga urinadi.

Musulmonlar xayriya tashabbusi maʼlumotlariga koʻra, musulmon amerikaliklar har yili taxminan 1,8 milliard dollar zakot xayriya qiladi; ularning aksariyati Ramazon oyida beriladi yoki vaʼda qilinadi.

“Bizning tadqiqotimiz musulmonlar Ramazonni xayr-ehson qilishda, ayniqsa, sadaqa berishda qanchalik muhim deb o‘ylashlarini ko‘rsatadi”, - dedi Siddiqiy.

“Amerika Ovozi” bogʻlangan bir qancha musulmon xayriya tashkilotlari Ramazon oyida yillik yig’imlarining kamida yarmini to’plashlarini aytdi.

11-martda boshlangan bu yilgi Ramazon oyida amerikalik musulmonlar G'azo uchun yordam so'rab e’lon qilingan shoshilinch murojaatlarga labbay deb javob berib, o'z pullari bilan g'ayrioddiy saxiylik qilishdi.

Amerikadagi musulmonlarning yirik xayriya tashkiloti “Islamic Relief USA” bir milliondan ortiq tayyor ovqat mahsulotlarini yetkazib berdi. Tashkilotning AQShdagi bosh direktori Azhar Azizning so'zlariga ko'ra, hozirgacha ular bir million dollardan ko'proq yordam bergan.

“Men har bir masjid, har bir maktab pul yig'ishga harakat qilayotganini va pul yig'ishayotganini bilaman va ular musulmonlar yordami AQSh, Islomiy yordam va boshqa nufuzli xayriya tashkilotlariga yordam berishmoqda”, - dedi Aziz.

G'azo mojarosiga global munosabat, dastlab, mahalliy notijorat guruhlarni moliyalashtirishni qisqartiradi, degan xavotirni kuchaytirdi. Shimoliy Amerika Islom doirasida Ochlikning oldini olish bo'yicha direktor Zohid Husaynning aytishicha, mahalliy xayriya tashkilotlari, aksincha, ichki muammolardan ko'proq tashvishlangan donorlar yordamida kerakli mablag’larni yig’a olgan.

"Odamlar bu yerdagi zarur mahalliy ehtiyojni tushunib yetish darajasida saxiylik qilishdi", - dedi Husayn.

Ustuvor yo’nalishlar

Musulmon xayriya tashabbusi tashkilotining Amerika musulmonlari xayriya ishlari bo‘yicha olib borgan tadqiqoti kutilmagan natijalarni ko’rsatdi. Ulardan biri shuki, islomofobiya kuchayib borayotganiga oid xavotirlarga qaramay, fuqarolik huquqlari masalasini qo‘llab-quvvatlash musulmon amerikaliklar uchun ustuvor vazifa emas.

Aksincha, musulmonlar uchun birinchi raqamli ustuvor vazifa xalqaro va ichki qashshoqlikni bartaraf etishdir, deydi Siddiqiy.

AQShda bu sa'y-harakatlarga yetakchilik qiluvchi Shimoliy Amerika Islom doirasi (ICNA) mamlakatdagi eng birinchi musulmon amerikalik xayriya tashkilotlaridan biri.

Uning xalqaro qardosh tashkiloti - “AQSh yordam qo’li” (Helping Hand USA) G'azoga ko’mak yetkazayotgan bo'lsa, “ICNA Relief USA” mahalliy ehtiyojlar uchun ehson qiladi.

42 shtatda faoliyat yuritayotgan ICNA kam ta'minlangan oilalarga bepul ovqatlanish va bepul tibbiy xizmatlar, shuningdek, yangi kelgan qochqinlarni qayta joylashtirish xizmatlarini taklif etadi.

Guruh "tabaqa, dini va rangi"dan qat'i nazar, mamlakat bo'ylab oilalarga bepul oziq-ovqat paketlarini tarqatadi, dedi Husayn.

O‘tgan yili guruh 700 mingga yaqin aholiga oziq-ovqat yetkazib bergan. Guruhning amaliyotlar bosh direktori Abdul Rauf Xonning so'zlariga ko'ra, bu yil u 800-900 ming kishiga xizmat ko'rsatishni maqsad qilgan.

Uning aytishicha, “har bir yig‘ilgan dollarning 100 foizi shu yerda sarflanadi”.

“Biz Amerikaga ta’sir o‘tkazmoqchimiz, chunki biz shu yerda yashaymiz”, - deydi u.

Husaynning qo’shimcha qilishicha, musulmon amerikaliklarning mahalliy xayriya ishlari yillar davomida o'zgarib borayotgan tendensiyalarni aks ettiradi. U Hindistondan AQShga birinchi marta ko'chib kelganida, "Amerikada hech kim kambag'al emas, shuning uchun men Hindistonga ehson qilishim kerak" deb o'ylaganini aytadi.

Ammo ICNA uchun ko'ngilli bo'lib ishlaganidan so'ng, u odamlar bu mamlakatda ham "qiyinchilik va ochlikka duch kelayotganini" anglagan.

Bunday tushuncha ko'plab musulmon amerikaliklarni mahalliy hamjamiyat tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga tobora ko'proq murojaat qilishga undadi, deydi u.

"Albatta, biz boshqalarga yordam berishimiz kerak, lekin birinchi navbatda bu mamlakatga e'tibor berish kerak, - dedi Husayn. - Bizni o‘z yurtimizga emas, shu yerda dafn qilinamiz. Bu bizning mamlakatimiz”, - deya qo’shimcha qiladi u.

ICNA mahalliy sabablarni qo'llab-quvvatlovchi yagona musulmon xayriya tashkiloti emas. “Islamic Relief USA” va “Muslim Aid USA” kabi xalqaro Amerika musulmon xayriya tashkilotlari o'z daromadlarining kichik qismini ochlik va uysizlikka qarshi kurashdan tortib qishga tayyorgarlik ko’rish dasturlarigacha bo'lgan ichki maqsadlarga sarflaydi.

Shimoliy Amerika Islom jamiyati boshqaruvi a'zosi ham bo'lgan Azizning aytishicha, ayniqsa, yosh amerikalik musulmon mutaxassislar mahalliy ishlarga ko’proq e’tibor qaratmoqda.

“Biz Alloh taoloning marhamati va ne’matlaridan bahramand bo‘lgan bu buyuk davlatdagi birodarlarimizga yordam berishni islomiy burchimiz deb bilamiz, - dedi Aziz. - Qashshoqlik bor, ehtiyoj bor, ochlik bor va biz o'z qo'shnilarimiz, uyimizdagi aka-uka va opa-singillarimizning ehtiyojlarini qondirishni xohlaymiz".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG