AQSh-Meksika chegarasidagi Tixuana shahrida musulmon muhojirlar uchun halol oziq-ovqat, kuniga besh vaqt namoz o'qish imkoniyati hamda erkaklar va ayollar uchun alohida hududlarga ega boshpana tashkil etildi.
Sonia Garsiya livanlik Al Abdulga turmushga chiqqanidan so’ng islomni qabul qilgan. Ularning farzandlari San-Diyegoda ulg'aydi. Oila Tixuana chegarasida musulmon qochqinlar uchun boshpana tashkil qilishga qaror qildi.
“Biz boshpanalarda Somalidan, Gana, Keniya kabi, asosan, Afrika davlatlaridan kelgan musulmon ayollarni ko'rdik. Ular oldimizga kelib gaplashganda, bizni arablar deb o'ylashadi. Tixuanaga juda ko'p musulmonlar kelmoqda. Ular musulmon bo'lmaganlarning boshpanasida yashab, ovqatlanish, namoz o’qish, kiyim-kechak va erkaklar bilan aralashish va hammom masalalarida ko'p muammolarga duch kelmoqda. Ular o'zlarini juda noqulay his qilishadi”, - deydi Sonia.
U Latino Musulmonlar jamg’armasi xayriya tashkiloti yordamida mablag' yig'ishni boshladi va AQSh chegarasidan 4 kilometr uzoqlikda joylashgan barni boshpanaga aylantirdi. Bu yerda 120 kishigacha bo‘lgan erkaklar va ayollar uchun alohida joy, halol taom va besh vaqt namoz o‘qish imkoniyati mavjud.
Ne'matulloh Habibiy Afg'onistonni Tolibon hokimiyatni egallab olgani uchun tark etganini aytadi. U AQShdan boshpana olish uchun belgilangan uchrashuvni kutmoqda.
“Boshpana mehmonxonalarga, boshqa boshpanalarga qaraganda xavfsiz, chunki bu yerda hamma musulmon va oʻzini xavfsiz his qiladi. Boshpana xavfsizligi uchun qo’riqchilar bor va biz hammamiz birgalikda xonalarimizni, yotoqlarimizni tozalash, idishlarimizni yuvish kabi kundalik ishlar bilan shu yerda ishlaymiz. Biz bu yerda xuddi o’z uyimizdagidek his qilyapmiz", - deydi afg’onistonlik muhojir.
Nurmamat Mo’minqulov Tixuanaga Qirg‘izistondan kelgan. Turli madaniyat va tillar bo’lishiga qaramay, islom dini umumiy til topishishga yordam bermoqda, deydi u.
“Men afg‘onlarni har doim boshqacha tasavvur qilganman. Xabarlarda ular qo'rqinchli, yalangoyoq, qurol bilan kiyimga o'ralgan terrorchilardek ko’rsatilgan edi. Bu yerda ular ajoyib odamlar ekanini ko’ryapman”, - deydi u.
Garsiyaning aytishicha, ikki yil avval ochilgan boshpana hozirgacha 1000 dan ortiq odamga yordam bergan. Latino Musulmonlar jamg'armasi chegaraning har ikki tomonida yordamga muhtoj odamlarni oziq-ovqat va ish o'rinlari bilan ta'minlaydi.
Facebook Forum