Breaking News

AQSh Ukraina, Isroil, Tayvanga harbiy yordam ko’rsatishda davom etadi


Kapitoliy, Vashington, 24-aprel, 2024
Kapitoliy, Vashington, 24-aprel, 2024

AQSh Vakillar palatasi va Senat tashqi yordamga doir qonun loyihasini tasdiqlashi ketidan Prezident Jo Bayden uni imzoladi. 95 milliard dollarlik yordam paketini Ukraina oylab kutayotgan edi. Kiyev ehtiyojlari uchun 60 milliard dollar ajratilishi rejalangan.

Xalqaro hayot - 25-aprel, 2024-yil - AQSh tashqi yordami, talabalar namoyishi, Blinken Xitoyda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:02 0:00

Bu nafaqat Ukraina xavfsizligiga, balki Yevropa va bizning xavfsizligimizga ham sarmoyadir”, - dedi Bayden.

Qonun kuchga kirishi ketidan ukrainalik qonunchilar va’da qilingan yordam Ukrainaga tezroq uzatilishiga umid qilishmoqda.

“Masalaning logistika tarafi yo’lga qo’yilgan. Odatda yordam 48 soat ichida frontga yetib borishi mumkin”, - deydi Oliy Rada deputati David Araxamiya.

Rossiya Ukrainaga ajratiladigan pul va qurollar frontdagi vaziyatga ta’sir qilmasligini ta’kidlaydi.

“Qurollarning yangi partiyasi tayyor bo’lsa-da, frontdagi dinamikani o’zgartirmaydi”, - deydi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Bayden qonunni imzolashi bilan Pentagon Ukrainaga darhol bir milliard dollarlik qurollar yuborilishi haqida e’lon qildi. Artilleriya snaryadlari, HIMARS raketa uchirgichlari uchun o’q-dori, tankka qarshi qurollar, zirhli texnika shular jumlasidan.

Tashqi yordam paketida Isroil uchun 26 milliard, Tayvan hamda Hind va Tinch okeanidagi ittifoqchi davlatlarga Xitoyga qarshi turish uchun 8 milliard dollar ko’zlangan. Xitoy AQShning bu qarorini tanqidga oldi.

“AQSh tarafini Tayvan mustaqilligini qo’llab-quvvatlamaslik haqidagi va’dalarini konkret harakatlar va Tayvanga qurol yuborishni to’xtatish orqali bajarishga chaqiramiz”, - deydi xitoylik rasmiylardan biri.

TikTok ga qarshi harakat

Yangi qonun doirasida dunyoda ommabop TikTok ilovasiga egalik qiluvchi Xitoyning “ByteDance” kompaniyasiga bir yil ichida ilovani sotish talabi qo’yilgan, aks holda shirkat Amerikada biznes yuritish huquqidan mahrum bo’ladi.

TikTok AQSh hukumatini sudga bermoqchi. 2023-yilda kompaniya ilovaga qo’yilgan taqiqqa qarshi Montana shtatida sudda ish ochgan edi.

TikTok so’nggi qonunni so’z erkinligiga hamla deya ta’rifladi.

AQSh rasmiylari va qonunchilari Xitoy ilovaning AQShdagi 170 million foydalanuvchisi haqidagi ma’lumotlardan foydalanishiga ishora qilib, TikTokni davlat milliy xavfsizligiga tahdid deb ko’radi.

AQSh Isroilga qurol savdosini to’xtatishi mumkinmi?

Bayden imzolagan qonun doirasida G’azoda harbiy harakatlar olib borayotgan Isroil uchun 26 milliard dollar ajratilishi rejalangan. Yahudiy davlat har yili Amerikadan salkam 4 milliard dollarga teng yordam olib turadi. Aksariyati harbiy ko’mak.

Ammo shu bilan birga, ayrim qonunchilar va rasmiylar Benyamin Netanyaxu hukumatini G’azoda tinch aholiga qarshi ortiqcha zulmda ayblayapti.

Oq uy ma’muriyati ayni damda Amerikadan qurol oladigan hamkor davlatlar, jumladan Isroilning xalqaro va AQSh qonunlariga rioya qilayotganini tekshirish uchun ichki tergov olib bordi.

Bir guruh professorlar va sobiq rasmiylar Isroilning G’azodagi harbiy amaliyotini tanqid qilarkan, Bayden ma’muriyatidan Isroilga qurol uzatishni to’xtatishni talab qilmoqda.

“Qayd etilgan 16 ta hodisadan 11 tasida Isroil hatto harbiy nishonni urganini da’vo qilgani, ushbu hujumlarini asoslab bergani yo’q. Mazkur hujumlarning yarmi turar-joylarga qarshi, unda yashovchi oilalarga qarshi qaratilgan”, - deydi Nyu-Jersi shtatidagi Ratgers universitetidan Nura Erakat.

Oq uy komissiyasi minglab voqealar, jumladan Isroil harbiylarining ko’plab o’limlarga sabab bo’lgan Mag’azi va Jabaliyadagi qochqinlar lagerlariga hujumlarini o’rganib chiqqanini ma’lum qiladi.

G’azo markazidagi hujumda esa kamida 106 falastinlik, jumladan 54 ta bola nobud bo’lgan.

Komissiya Isroilning AQSh va xalqaro qonunlarga rioya qilayotganiga doir xulosalarini o’tgan hafta Oq uy ma’muriyatiga topshirgan va 8-maygacha hisobotni Kongressga taqdim etishi kerak.

Davlat departamenti esa Isroil xavfsizlik kuchlarining G’arbiy Sohilda 7-oktabrdan oldin inson huquqlarini poymol etishiga doir tergov natijalarini chop etishi kutilmoqda. Buning natijasida Isroilga yordam qisqarishi mumkin. Isroil rasmiylari bunga doir takliflarni tanqid qiladi.

"Isroil davlati demokratik mamlakat – hukumati, armiyasi, tizimi mavjud. Bizga sanksiya qo’yishni to’g’ri deb bilmayman”, - deydi Isroil urush mahkamasining a’zosi Benni Gans.

AQSh universitetlarida namoyishlar

Isroilning G’azodagi harbiy harakatlarini amerikalik talabalar ham tanqid qilmoqda. AQSh oliy o’quv yurtlarida norozilik namoyishlari tinmayapti. O’nlab student hibsga olingan.

XAMASni qoralab, Isroil yonini olayotgan talabalar ham qarshi namoyishlarda qatnashmoqda.

“O’rtoqlarim bilan G’azoda darhol sulh bo’lishini talab qilib to’plandik, toki u yerga gumanitar yordam yetkazilsin”, - deydi Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining bir studenti.

Professor Meri Makleod talabalarning hibsga olinishini qoraladi.

“Bu ishga politsiyani nega aralashtirishganini, talabalar qo’liga kishan solinganini tushunmayapman. Universitet hovlisida bir nechta chodir turgan bo’lsa, nimasi yomon? Namoyish butunlay tinch o’tmoqda”, - deydi u.

Yahudiy talabalar masalaga boshqacha qaramoqda.

“Qo’rqinchli holat. O’qishdan chalg’iyapman. Kuni bilan baqirishadi. Yahudiy ekanimni aytishdan qo’rqaman. Chunki ularning orasida ekstremistlar bor. XAMASni qo’llab-quvvatlovchi suratlarni ko’tarib turishibdi”, - deydi universitetning argentinalik yahudiy talabasi.

Namoyishlar boshqa kollej va universitetlarda ham o’tmoqda.

Kolumbiya va Yel universitetlarida hibsga olingan talabalarni qo’llab-quvvatlash uchun Kaliforniya universitetida chodirli lager tashkil etildi.

Poytaxt Vashingtondagi Amerika universitetida namoyish qilgan talabalar universitet siyosatidan norozilik bildirdi. Talaba namoyishlariga chek qo’yish maqsadida qator cheklovlar joriy etilmoqda. Ba’zilar buni so’z erkinligiga xuruj deb atamoqda.

“Ichkarida namoyishlarni, flayerlar tarqatishni man qilishmoqda, Bu yangi siyosat, yangi buyruq. Ammo Amerika universiteti namoyishlar o’tkazish bo’yicha uzoq tarixga ega”, - deydi talaba Juliya Komino.

Chorshanba kuni Kolumbiya universitetiga borgan AQSh Vakillar palatasinining respublikachi spikeri Mayk Jonson talabalarni “bekorchi narsalarni qo’yib”, o’qishga qaytishga, universiteti prezidentini iste’foga chaqirdi.

“Bugun XAMAS bayonot chiqarib, kampuslarda namoyish qilayotganlarni olqishladi, bunday talabalarni Amerikaning bo’lajak rahbarlari deb atadi. Bu jirkanchlidir”, - dedi Jonson.

Prezident Jo Bayden antisemitik namoyishlarni qoralashini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG